Ishlab chiqarish - korxonalarining asosiy faoliyati turi bo‘lib, bu jarayon cheklangan resurslardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori, ushbu tovarlarni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan resurslar hajmidan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan texnologiyaning holati va darajasiga bog‘liqdir.
Ishlab chiqarish - bu kerakli mahsulotlarni tayyorlash uchun ishchi kuchidan, uskuna va texnologiyadan, tabiiy resurslardan hamda materiallardan ma’lum miqdordagi kombinatsiyada foydalanish jarayonidir. Masalan, o‘z ustaxonasiga ega bo‘lgan shaxs stol ishlab chiqarish uchun ishchi kuchidan, xom ashyo sifatida taxta, temirdan, arra va boshqa uskunalarga sarflangan kapitaldan foydalanadi.
Ishlab chiqarishning an’anaviy jihatdan uch xil ko‘rinishga ajratish mumkin: buyurtma asosida, ommaviy va oqim shaklida ishlab chiqarish.
Buyurtma asosida ishlab chiqarish – individual ravishda ishlab chiqarish bo‘lib, o‘z sohasida yagona bir mahsulotni yuzaga chiqaradi. Bunda nafaqat san’at asari balki, yirik samolyot, bino, elektrostansiyalar ham misol bo‘la oladi. Bunday ishlab chiqarish malakali mutaxassislarni va zamonaviy texnika va texnologiyalarni talab etadi.
Ommaviy ishlab chiqarish – katta yoki kichik partiyada, ko‘p turdagi, bir ko‘rinishdagi standart tovarlar ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.
Oqim shaklida, ya’ni uzluksiz jarayon shaklida ishlab chiqarish – xom-ashyoni tinimsiz iste’mol qilish, materiallardan foydalanish va mahsulotlarning tinimsiz oqimi bilan izohlanadi. Bunga misol qilib, neft va gazni qayta ishlash zavodlari, kimyo sanoati, sutni qayta ishlash zavodlarini misol keltirish mumkin.
Iqtisodiy resurslarni birlashtirish orqali tovar va xizmatlarni yaratish – ishlab chiqarish texnologiyasi deyiladi.
U yoki bu texnologiyani tanlash ishlab chiqarish samaradorligiga bog‘liq. Ishlab chiqarish samaradorligining iqtisodiy va texnologik turi mavjud.
Iqtisodiy samaradorlik firmaning ishlab chiqarish xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi qiymat ko‘rinishidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.