2. Boshlang`ich sinflarning tarbiyaviy ishlar tizimida sinf rahbarining faoliyatini tashkil etish metodikasi. Hozirgi davr talabi maktabdagi o‘quv-tarbiya ishlarini amalga oshirayotgan pedagogik jamoa oldiga juda katta vazifalar qo‘ymoqda. Maktab yosh avlodning dunyoqarashini tarkib toptirishi, g‘oyaviy, siyosiy jihatdan chiniqtirishi, yuksak axloqiy fazilatlarga ega qilishi, mehnatga va ongli kasb tanlashga tayyorlashi lozim. Bu vazifalarni hal qilishda sinf rahbari muhim rol o‘ynaydi. Chunki u bir sinf sharoitida tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarni tashkil etadi va boshqaradi.
Sinf rahbari quyidagi vazifalarni bajaradi:
1. O‘ziga yuklatilgan sinfdagi tarbiyaviy ishlarni amalga oshiradi. Bu vazifani bajarayotganda u yolg‘iz o‘zi emas, balki shu sinfda dars berayotgan turli fan o‘qituvchilari bilan hamkorlikda va ularga suyangan holda o‘quvchilarda milliy dunyoqarash asoslarini shakllantiradi, axloqiy tarbiyasini rivojlantiradi. O‘quvchilarning darsdan tashqari tadbirlarini tashkil etadi va sinf jamoasini mustahkamlaydi.
2. O‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqish va qobilyatini o‘stirish, har bir o‘quvchining individual-psixik xususiyatlarini hisobga olgan holda kasbga yo‘naltirish va hayotiy maqsadlarini shakllantirish sinf rahbarining alohida vazifasidir. Ayni paytda har bir o‘quvchining sog‘lig‘ini mustahkamlashga ham alohida e’tibor beradi.
3. Sinf rahbarining diqqat markazida o‘quvchilarning darsni yuqori o‘zlashtirishlarini ta’minlash masalasi turadi. Buning uchun u har bir o‘quvchining kundalik o‘zlashtirishidan voqif bo‘lib turadi. Orqada qolayotganlarga o‘z vaqtida, kechiktirmay yordam uyushtiradi.
4. Sinfdagi o‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarish ishlarini yo‘naltirib turadi. Ular ishtirokida sinf jamoasining ijtimoiy foydali ishlardagi ishtirokini hamda maktab miqiyosida uyushtirilayotgan muhim tadbirlarda o‘z sinfining faol qatnashishini ta’minlaydi.
5. Sinf o‘quvchilarining ota-onalari, kuni uzaytirilgan guruhlarning tarbiyachilari, korxonalar va muassasalardagi, turar joylardagi otaliqqa oluvchilar bilan yaqin aloqa o‘rnatadi.
6. Sinf rahbari shu sinfda dars berayotgan barcha fan o‘qituvchilari o‘rtasida o‘quvchilarga nisbatan yagona talablar o‘rnatilishiga erishadi, ota-onalarga pedagogik bilimlar tarqatib, oila bilan maktab o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi.
7. Sinf rahbari o‘z sinfidagi turli hujjatlarini: sinf jurnali, o‘quvchilarning kundaliklari, tabellar, shaxsiy ma’lumotlari, turli xil reja va hisobotlarni yuritadi.
Ko‘rinib turibdiki, vazifa keng va murakkab, ularni muvaffaqiyatli hal qilish sinf rahbarining shaxsiy sifatlariga ham bog‘liqdir. Sinf rahbarining shaxsiy sifatlariga qo‘yiladigan talablar o‘qituvchiga qo‘yiladigan talablardan farq qilmaydi. Lekin, sinf rahbari asosiy tarbiyachi, bolalar ma’naviy jihatdan andoza oladigan shaxs bo‘lganligi uchun ham, bu talablar uning shaxsiy fazilatiga aylanib ketishi bilan tarbiyada alohida rol o‘ynaydi. Tarbiyaviy ishlarning sifat va samaradorligi, avvalo tarbiyachining g‘oyaviy ishonchiga va siyosiyligining darajasiga bog‘liq. Buning uchun sinf rahbari fan yangiliklarini muntazam egallab borishi bilan o‘zining bilimini, ongini oshiradiSinf rahbarining axloqiy obro‘si g‘oyat darajada yuqori bo‘lishi ham bu o‘rinda muhimdir. Sinf rahbari ana shundagina tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga ega bo‘ladi. Tarbiyachining shaxsiy fazilatlari, ma’naviy qiyofasi o‘quvchilar ongining va xulqining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Sinf rahbari uchun malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas. U o‘z tarbiyaviy faoliyatida yuksak darajadagi insonparvarlik fazilatlari, o‘z ishiga sadoqati, intizomi, odamiyligi, axloqiy sifatlari bilan ham ta’sir o‘tkazadi. Chunki, tarbiyachilik qobilyati juda ko‘p sifatlarni: chuqur bilim, keng fikrlilik, ishga jon-dildan ko‘ngil qo‘yish, bolalarga bo‘lgan cheksiz muhabbat, muomalada nazokatlilik, qalb yoshligi, oqil va adolatlilik namunasi, alohida nazokat, sipolik va vazminlik kabi fazilatlarning bo‘lishini taqozo qiladi. Bunga yana tarbiyachilik texnikasi qo‘shilsa, ishda muvaffaqiyat ta’minlanishi tabiiydir. Tarbiyachilik texnikasi sinf rahbarining asosiy qurolidir.
Sinf rahbarlaridan madaniyat darajasining kengligi, pedagogik odob talablariga rioya qilish, har bir bola shaxsini inson sifatida hurmat qilish bilan unga nisbatan talabchanlikni unutmaslik, tashkilotchilik malakalariga ega bo‘lish, ishga ijodiy yondashish talab qilinadi. Muhimi shundaki, sinf rahbarining o‘zi bolalarni tarbiyalamoqchi bo‘lgan g‘oyaviy-axloqiy barkamollikka mos bo‘lishi kerak. Tarbiyadagi xatolarning ko‘pchiligiga asosiy sabab, bolaning oldiga qo‘yilayotgan talablar tarbiyachi xarakterida hamisha ham namoyon bo‘lavermasligidadir.
Sinf rahbarining faol jamoatchi sifatida hamisha namuna ko‘rsatishi muhim ahamiyatga ega. Ayni vaqtda u kommunikativ qobilyatga ega bo‘lishi, ro‘y berayotgan voqea va hodisalarni faqat pedagogik qoidalarga bog‘lab baholashgina emas, balki ro‘y berishning sababiga qarab hukm chiqarish qobilyatiga ham ega bo‘lishi kerak.
Sinf rahbari maktabdagi eng yetuk pedagog hisoblanib, u bajaradigan mehnatining o‘lchovi, chegarasi yo‘q. Uning bilmagan ishi, uddasidan chiqa olmaydigan sohasi bo‘lmaydi. Su bilan bir qatorda, u beg‘araz, xolis shaxs bo‘lib, jamoatchihlik asosida ishlaydi. Sinf rahbari pedagoglar, ota-onalar va o‘quvchilarni o‘zaro bog‘lovchi shaxs sifatida barcha tomonlarning nuqtai nazarini hisobga olishi, harakatlarni bir markazga birlashtirishi, o‘zaro aloqalarning to‘g‘ri bo‘lishiga ta’sir o‘tkazishi va ayni vaqtda, o‘zining o‘rnini aniq ta’minlay olishi kerak. Mana shu fazilatlar sinf rahbarining tarbiyaviy ishlari samarasini oshirishga va uning muvaffaqiyatini ta’minlashga garov bo‘ladi. Sinf rahbari o‘quvchilarga puxta bilim berishga, ularning fikrlash qobilyatini faollashtirishga hamisha g‘amxo‘rlik qilib boradi. Hatto o‘zlashtirish yuqori bo‘lgan sinflarda ham bolalarda ilmga bo‘lgan qiziqish va muhabbatni o‘stirishga, ta’lim sifatini oshirishga harakat qilishi zarur.Ayrim maktablarda yuqori o‘zlashtirishga erishish o‘quv, didaktik masala sifatida maktabda ta’lim-tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga bog‘liq bo‘ladi. O‘qish jarayonida bolalarda mehnatsevarlik, diqqat, matonat kabi sifatlarni tarbiyalash bilimni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishga yordam beradi.Maktabda olib boriladigan tarbiyaviy ishlar tizimi to‘g‘ri va bevosita sinfda o‘zlashtirishni ko‘tarishga ta’sir etadi.
Sinf rahbari o‘qituvchilar bilan hamkorlikda bolalarni o‘qishga ongli munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi. O‘quvchilarning o‘qishlarini nazorat qiladi, darslarga kiradi, kuzatadi va o‘z sinfidagi o‘quvchilar bilan birgalikda sinfda o‘quv ishlarining sifatini oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi. Yuqori sinflarda yuqori o‘zlashtirish uchun kurash susaymaydi, aksincha u yana ko‘proq ahamiyat kasb etib boradi.Sinf rahbari maktab o‘qituvchilar jamoasi va pedagogika kengashining a’zosidir. Sinf rahbarining burchi juda keng va ko‘p tomonlamadir.Sinf rahbari ishining asosiy qismi o‘quvchilarni o‘rganish, o‘quvchilar bilim sifatini oshirish hamda ularning tartib-intizomini mustahkamlashdan iborat. Darsdan va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarni tashkil etish va ularni o‘tkazish, o‘quvchilarning ota-onalari bilan olib boriladigan ishlar ham sinf rahbarining asosiy vazifalariga kiradi.
O‘quvchilar jamoasi – sinf rahbarining tayanchi. O‘quvchilarni tarbiyalashda sinf jamoasidagi barcha o‘quvchi-larning bir-birlariga ta’sirlari katta ahamiyatga ega. Ularning bir-biriga ko‘rsatadigan o‘rnaklari intizomni yaxshilash va mustahkamlashga xizmat qiladi, ularda xulq madaniyatini, odatini, ko‘nikmasini hosil qiladi. Sinf rahbari bolalarni odobli qilib tarbiyalashni, ularga andisha bilan gapirishni, maqbul harakat qilishni o‘rgatishi lozim.
Sinf rahbari o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalar ekan, u o‘z faoliyatida quyidagi talablarga rioya qilishi kerak: – sinf rahbari o‘quvchi ota-onasining mansabi, boyligiga qarab bolaga muomala qilmasligi lozim;– sinf rahbari bolalarga axloqiy me‘yorlarni o‘rgatishi kerak; – gerdayish, manmanlik, ta’magirlik, nodonlik kabi illatlar o‘qituvchi axloqiga yot sifatlardir;– xalq nazarida olim hisoblanadigan o‘qituvchilar yomon ishlardan, fisq-u fasoddan o‘zlarini tiya bilishlari zarur.
Sinf rahbarining ota-onalar bilan to‘g‘ri muomila qila olishi murakkab, nozik ish. Chunki hozirgi ota-onalarning ko‘pchiligi o‘rta yoki oliy ma’lumotli kishilar, ular vaqtli matbuot, televidinie, radio orqali ko‘pgina pedagogik axborotlarni bilib oladilar. Shunday vaziyatlar ham bo‘ladiki, o‘g‘il yoki qiz bola maktabda o‘zboshimchalik qiladi, lekin oilada hushyor va gapga quloq soladi, yoki aksincha. Oilada muomalasi qo‘pol, o‘zboshimcha, maktabda esa o‘zini xushmuamala, intizomli tutadi. Buning sababi nimada? Bunday holatlarning hammasi uchun bir xil sabab va to‘g‘ri javobni topish amri mahol. Chunki har bir holatda uning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Demak, sinf rahbari va ota-onalarning maqsadlari bir xil bo‘lsa ham, ularning hamkorligi, bir-birini tushunishi, muomala munosabatlari qarama-qarshiliklarsiz bo‘lmaydi.
Sinf rahbarining faoliyati kamol topayotgan kishi shaxsini tarkib toptirishga qaratilgandir. Bu faoliyatning natijalari tarbiyalanuvchining qiyofasida, uning shaxsidagi xususiyatlarida, xarakter va xulq-atvorida o‘z aksini topadi. Tarbiyachi pedagog nimaga intilayotgani ravshan va aniq tushunilmagan joyda tarbiyalanuvchilar shaxsini takomillashtirishga astoydil intilish bo‘lmaydi, balki tarbiyada o‘tkaziladigan ish tasodifiy tusga ega bo‘lib, buning uchun ajratilgan vaqtni to‘ldirish uchungina olib boriladi. Tarbiya faoliyatining maqsadlarini aniq bilmagan va bu maqsadlarni hisobga olmagan holda to‘la qimmatli tarbiya yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning maqsadi jamiyat talablariga bog‘liq bo‘lib, bu talablar o‘z navbatida ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi va jamiyatda yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash ishlarining hammasi yosh avlodda ma’naviy axloq va e’tiqodni shakllantirishga, ularni Vatanga cheksiz sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi lozim.Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash tuzimini takomillash-tirishda boshlang‘ich maktab muhim o‘rin egallaydi. Ma’naviy axloqiy tarbiya – ma’naviy ongni bir maqsadni ko‘zlab tarkib toptirish, axloqiy tuyg‘ularni rivojlantirish hamda xulq-atvor ko‘nikmalari va odatlarini hosil qilishdan iborat.
Sinf rahbari o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning quyidagi vazifalarini hal etishi kerak:
1) Tug‘ilib o‘sgan joyiga, O‘zbekiston Respublikasiga yuksak muhabbat tuyg‘ularini, uning tabiati va kishilar haqida, Vatanning himoyachilari va mehnat qahramonlari to‘g‘risida, ota-bobolarimiz, ularni dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalari to‘g‘risida ko‘proq bilishga intilishni tarbiyalash.
2) O‘quvchilarda Vatanimizning boy tarixi, shuningdek boshqa mamlakatlar to‘g‘risida, tinchlik uchun kurash haqida, chet ellardagi bolalar tashkilotlari haqida dastlabki tasavvurlarni hosil qilish.
3) Bolalarda o‘rtoqlik tuyg‘usini, boshqalarga yordam ko‘rsatish ishtiyoqini, umumiy foyda yo‘lida birgalikda faoliyat ko‘rsatishga intilishni tarkib toptirish. Bolalar o‘rtasida, o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rag‘batlantirish, soxta o‘rtoqlik ko‘rinishlariga qarshi kurash olib borish lozim.
4) O‘z so‘zi va va’dasi uchun, o‘qituvchi va jamoa topshiriqlarining bajarilishi uchun mas’uliyat tuyg‘usini tarbiyalash.
5) Bolalarda kishilarga to‘g‘ri munosabatni, keksalar, bemorlar, nogironlarga nisbatan e’tibor va g‘amho‘rlikni, xushfe’l va batartib, kamtar va haqgo‘y bo‘lishni tarbiyalash.
O‘quvchilarni barcha kishilarning yaxshi va yomon xatti-harakatlarini farqlay olishga, o‘z xatti-harakatlariga va o‘rtoqlarining xatti-harakatiga adolatli baho berishga o‘rgatishi hamda o‘z kuch-g‘ayratini o‘quvchilarda nopoklik, adolatsizlik, kishilarga rahm-shafqatsiz bo‘lishga nisbatan salbiy munosabatni tarkib topshtirishga qaratishi kerak. O‘quvchilarni tarbiyalash o‘qitishga qaraganda ancha qiyin degan fikrni o‘qituvchilar orasida tez-tez eshitish mumkin. Ma’naviy-axloqiy tarbiya, ta’lim berish bilan mustahkam aloqada bo‘lgani holda, o‘zining xususiyatlariga ega. Ma’naviy-axloqiy tarbiya o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashning barcha jarayonlarini bilim berish va o‘rgatish bilan birga qamrab oladi. Bunday ikkita o‘zaro bog‘langan tomon: hayotni bilish va unga bo‘lgan munosabatni tarkib toptirish protsesslari ajralib turadi. Hayotni bilish ma’lumot olishning asosiy funksiyasi, unga bo‘lgan munosabatni tarkib toptirish tarbiyaning asosiy vazifasini tashkil etadi.
Sinf rahbari faqat ta’lim-tarbiyaning birligini emas, balki ularning xususiyatlarini ham ko‘ra bilishi muhimdir. Maktabdagi tarbiya inson shaxsini tarkib toptirish yuzasidan olib boriladigan ulkan ishining bir qismi xolos, u bolaning ilgarigi tajribalarini hisobga olgan holda tashkil etiladi, undagi barcha yaxshi sifatlarni o‘stirib, noto‘g‘ri tasavvurlar, odatlarni tuzatib borishi va bo‘lajak sifatga zamin tayyorlashi kerak..