Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat — qomusiy olim va serqirra ijodkor sifatida milliy ma'naviyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan adabiyotimizning zabardast vakili. U o'zbeklarning ilg'or ma'rifatparvar shoiri va birinchi jurnalisti bo'lgan. U o'zinmgyuqori saviyadagi ijtimoiy-siyosiy, ma'daniy-ma'rifiy maqolalari bilan jamiyat hayotiga faol aralashdi, hatto Furqatning bunday maqolalari bugungi kunda ham o’z qimmatini yo'qotgani yo'q. Bir so'z bilan aytganda, Furqat otashin lirik shoir va faol jurnalist, ulkan sayyoh va tarixchi sifatida boy ma'naviy meros qoldirgan yirik siymodir.
Tarjimai holi. Zokirjon Xolmuhammad o'g'li 1859-yilda Qo'qon shahrida mayda savdogar oilasida tug'ildi. Zokirjonning otasi Xolmuhammad zamonasining ilmlilaridan bo'lgan, shunmg uchun ham farzandinining o'qishiga ham be'etibor bo'lmaydi. Zokirjon 7 yoshga to'lganda, otasi uni Muhammad Olim ismli maktabdorga shogirdlikka beradi. Talabchan ota farzandini yaxshi o'qitishini talab qilib: "Zokirjon maktabga kelmasa, yo kelib darsni o'qimasa, tanbih qilg'aysiz, eti sizniki, ustoxoni meniki",— deydi.
Zehni o'tkir Zokirjon tez kunda mayda suralarni yod olib, so'ng "taxtaga" (alifbe o'rganishga) tushadi. 6 oy ichida haftiyakni tamomlab, Qur'onga tushadi, Qur'oni karim xatmidan so'ng "Chor kitob" mutolaasi bilan mashg'ul bo'ladi, xatlar mashq qiladi. 8 yoshida buyuk shoir Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr" asarini 6 oy ichida o'qib tamomlaydi va undan keyin Mirzo Bedil va Hofiz devonlarini o'qiy boshlaydi.
9 yoshida Zokirjon Navoiyning "Chor devon"ini mutolaa qiladi. U ustozning asarlarini shu qadar berilib, sevib o'qiydiki, hatto Navoiyni tushida ham ko'radi. Tushida Navoiy va uning davrasidagi "aziz"lardan oq fotiha oladi. Ko'p o'tmay, tush ta'biri haqiqatga aylanib, 9 yoshli Zokirjonning yuragini allanechuk hayajon bosadi va quyidagi bayt paydo bo'ladi:
Mening maktab aro buldur murodim, Xatimdek chiqsa imlo-u savodim. Shundan keyin Mulla Qambarali degan xushxat kishidan xattotlik sirlarini o'rganadi. 11 yoshida Ashur Muhammad qori xizmatiga borib, Qur'on qiroati bo'yicha ta'lim oladi. 12 yoshida poshshaxo'ja ismli mudarrisga shogird tushib, arab tili va uning grammatikasi (sarf va nahvi)ga oid "Bidon", "Avomil", "Hara kot", "Kofiya" kitoblaridan tahsil oladi. 14 yoshida "savodi takmil uchun" madrasaga o'qishga kirdi. Ammo zamon nosozliklari o'qishni davom ettirishga imkon bermadi. Qo'qon xonligi tugatiladi, madrasalar yopiladi, bo'lajak shoir tirikchilik ishlariga nmshg'ul bo'lishga majbur bo'ladi. Zokirjonning bir tog'asi Yangi Marg'ilon shahrida do'kon ochib, savdo ishlari bilan shug'ullanar edi. Shu do'kondor tog'asining taklifi bilan 1878-yilda 19 yoshida Yangi Marg'ilonga borib, bir qancha muddat savdo ishlari bilan band bo'ladi. Bu yerda ham tahsil va ijodni davom ettiradi. Marg'ilonning Furqat Hoji domla, Qarshiy domla kabi ilg'or ma'rifatparvarlari bilan tanishib, ilmiy-adabiy anjumanlarda ishtirok etadi. Yana o'zi xususiy darslar ham beradi, mehnatkashlarning arizalarini yozib berib, ularning hojatlarini chiqaradi, bir so'z bilan aytganda, xattotlik ham qiladi. Bu yillarda u "Furqat" ("hijron","ayriliq" ma'nosini bildiradi) taxallusli she'rlari bilan butun Farg'ona vodiysiga tanilgan edi.
Furqat otasining da'vati bilan 1880-yilda Qo'qonga qaytib keladi, oila quradi, qalb istagidagi o'z davrasini topadi. Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlarning rauhitida shoir Furqat yanada jo'shib ijod qiladi. Do'stlar davrasi, she'r shukuhidan ilhomlangan Furqat shunday yozadi: "...Va asr shuarolarikim, chunonchi, mavlono Muhyi va mavlono Zavqiy va mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab'larimizdin mushoara qilur erduk. Va ba'zi vaqt ishq tavsifi va husn ta'rifida g'azal mashq aylab va gohi qadimiy shuarolar devonlaridin bir sho'x g'azalni topib, anga har qaysimiz alohida muxammas bog'lar erduk..."
Ayni shu davrlarda Furqat faqat she'rlargina emas, balki "Hamniomi hayol" deb nomlangan risola ham yozadi. "Nuh manzar", "Chor darvesh" degan asarlarni fors tilidan o'zbek tiliga tarjima qiladi. Ma'lumotlarga qaraganda, Furqat 1886 —87-yillarda yana arg'ilonga kelgan va Jome' masjididan bir hujra olib, shu yerda istiqomat qilgan. Muhammad Sharif degan bir savdogar do'stining ko'magida do'kon ham ochgan. Bu yerda bir qancha shoirlar bilan do'stlashadi, adabiy aloqa o'rnatadi.