ABULG'OZI BAHODIRXON
Abulg'ozi Bahodirxon 1603-yilda tug'ilgan. U XVII asrning birinchi choragida hukmdorlik qilgan Xiva xoni Arabmuhammadning yetti o'g'lidan biri edi. Bolaligidan shahzodalarga xos yetuk ta'lim-tarbiya ko'rdi, Taqdir taqozosi ekan, otasi bilan akalari, so'ng aka-ukalari o'rtasidagi toj-taxt talashishlarni ko'rdi, o'zi ham ishtirok etdi. Siyosiy buhronlar sabab jahongashtalik qismatini ham boshidan kechirgan edi. U sarkarda sifatidagi toblanish yillarida Turkiston, Samarqand va Buxoroda bo'ldi. Eron Isfahonida qariyb o'n yil (1630—1639) tutqunlikda hayot kechirdi. Bu beqaror yillarda ham umrini bekor o'tkazmadi. Har xil elat, qabila, urug' vakillari bilan yaqin munosabatda bo'ldi. Fors-tojik, arab, mo'g'ul tillarini o'zlashtirdi va bu til egalari bo'lmish xalqlarning hayot tarzi, tarixi, dunyoqarashi, urf-odatlarini elshunos va tarixshunos nuqtai nazari bilan o'rgandi. Abdulg'ozi Bahodirxondan bizga "Shajarayi tarokima", "Shajarai turk", "Manofe ul-inson" nomli uch tarixiy asar meros bo'lib qoldi.
1661-yilda yozilgan "Shajarai tarokima" asarida o'g'uz qabilalari hamda qardosh turkman xalqining tarixi, uzoq asrlik kechmishi qalamga olingan. Asarning yaratilish tarixi haqida olim shunday yozadi. "...Mundin ko'p yillar o'tti, turkmanning mullolari... mening tarixni yaxshi bilurimni eshitib tururlar... Toki bir kun barchalari kelib arz qildi-larkim: "bizning ichimizda "O'g'uznoma" ko'p turur. Ammo hech yaxshisi yo'q, barchasi g'alat va birisi birisiga muvofiq emas. Har qaysisi bir turluq va bir durust e'tibor qilgudek bo'lsa erdi, yaxshi bo'lur erdi", deb o'tun(ch) qildilar. Ersa, onlarning o'tin(ch)larmi qabul qildim". Bundan ma’lum bo’ladiki, asar ajdodlari tarixini sevgan turkman elati vakillari iltimosiga ko’ra yozilgan.
Muallif asarni yozishda tarixni bo'yamay-bejamay bor haqiqatni bayon etishga, voqealar tafsilotida xolis bo'lishga intildi. Shuningdek, bayonda til sofligini saqlashga qat'iy amal qildi. Buni asar avvalidayoq ta'kidlab, shunday yozadi: "Barcha bilingk'im, bizdin burun turkiy tarix aytqonlar arabiy lug'atlarni qo'shibturlar va turkiyni ham saj' qilibturlar, o'zlarning hunarlarini va ustozliklarini xalqqa ma'lum qilmoq uchun. Biz munlarning hech qaysisini qilmaduk aning uchunkim, bu kitobni o'qug'uchi va tinglag'uchi turk bo'lg'usiturur. Bas, turklarga turkona aytmoq kerak, to alarning barchasi fahm qilg'aylar". Abulg'ozi Bahodirxon o'zbek urug'lari tarixiga bag'ishlangan solnoma bo'lmish "Shajarai turk" asarini 1663-yilda yoza boshlaydi. Lekin muallif mazkur asarni oxiriga yetkazolmay, 1664-yili 61 yoshida dunyodan o'tadi. Vafotidan so'ng o'g'li Anushaxon zamonasining tarixchilaridan Mahmud binni Mulla Muhammad Zamon Urganjiyga buyurib, Abulg'ozi Bahodirxon boshlagan "Shajarai turk"ni yozdirib tamomlatadi. Bu asar o'zbek tarixnavisligi, shuningdek, nasrining yorqin sahifalaridan birini tashkil etadi.
Dostları ilə paylaş: |