Mavzu: AMIR UMARXON - AMIRIY HASSOS SHOIR.
R E J A:
Hayot yo’li.
Shoirning ijodi haqida.
"Qoshingg'a teguzmagil qalamni" g'azali tahlili
Amiriy taxallusi bilan ijod qilib, o'zidan bizga dilbar she'riyat qoldirgan Umarbek millatimiz tarixida fozil hukmdor, yetuk siyosatchi, adabiyot va san'at homiysi, madaniyat targ'ibotchisi, iste'dodli ijodkor sifatida yorqin iz qoldirgan shaxsdir. O'zbek adabiyoti tarixida "Qo'qon adabiy muhiti" deb ataladigan estetik hodisa bevosita bu zotning nomi bilan bog'liqdir.
Hayot yo'li. Umarbek 1787-yilda Qo'qon xoni Norbo'tabiy xonadonida tug'ildi. U fozilligi bilan shuhrat qozongan zamonasining yetuk ustozlaridan bo'lmish Muhammad Yoqub qo'lida tahsil ko'rdi, tarbiyalandi. Shariat yo'riqlari, tasawuf tariqlaridan chuqur saboq olgan Umarbek o'rganganlarini yuragiga jo qilib, keyinchalik hayotda, ijodda va siyosiy faoliyatda pokiza e'tiqod, yuksak ma'naviyat kishisi bo'lib yetishganini namoyon qildi. Otasi unga Andijon hokimi Rahmonqulibiyni otabek qildi. Otabegi tarbiyasida siyosat, sarkardalik ishlarini puxta o'zlashtirdi. Umarbek madrasada tahsil olayotgan yillarda Qo'qon xonligini akasi Olimxon boshqarar edi. U madrasa ta'limini tugallab, akasi saroyida xizmat qila boshlaydi va davlat ishlarida ham tajriba orttiradi. Har tomonlama ishonchga sazovor bo'lgan Umarxonni akasi uni 1807-yilda Marg'ilon hokimi qilib tayinlaydi. 1808-yilda otabegi Rahmonqulibekning oqila va go'zal qizi Mohlaroyim — bo'lajak mashhur shoira Nodirabegimga uylanadi.
1810-yilda Toshkent hokimligi Qo'qon xonligidan ajralib, mustaqillik uchun bosh ko'tardi. Isyonni bostirish uchun yo'lga chiqqan Olimxon o'ldirildi. Bo'shab qolgan taxtga Umarxon o'tirishiga to'g'ri keldi. Hukmdorlik yillarida u o'zining har tomonlama iqtidorini ko'rsatdi. Mamlakatda adolat va osoyishtalik bo'lishiga intildi, juda ko'p bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Mamlakat siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan rivoj topdi. Rossiyadan keladigan tahdidlarni bartaraf etish uchun Oqmachit qal'asini qurdirdi. Hozirda Andijon viloyatiga qarashli bo'lgan Shahrixon shahriga asos solgan. Ayniqsa, uning adiblar, san'atkorlarga homiyligi alohida diqqatga sazovordir. Umarbek davrida Uvaysiy, Nodira, Dilshod Barno singari ayol shoiralar ijodi ro'yobga chiqdi. Gulxaniy, Maxmur, Fazliy, Mirzo Qalandar, Mushrif, Mulla Abdukarim, Xon (Umarbekning o'g'li Madalixon) va boshqa bir qator shoirlar ijodi ravnaq topdi. O'zbek adabiyotida durdona sanalmish mumtoz nasrimizning noyob namunasi Gulxaniyning " Zarbulmasal" hamda XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi adabiy jarayon to'g'risida ma'lumot beruvchi Fazliy Namangoniyning "Majmuai shoiron" tazkirasi bevosita Amiriyning ko'rsatmasi hamda homiyligida yaratilgandir.
Shuni ham aytib o'tish kerakki, Umarbek jismonan ham yetuk, pahlavon kishi bo'lgan. Shijoati va botirligini shun dan bilsa bo'ladiki, tarixiy manbalarda xonning arslon bilan yakkama-yakka olishib, yengib chiqqanligi qayd etilgan.
Uning saltanat va dinni mustahkamlash yo'lidagi xizmatlari uchun islom ulomolari Umarbekka "Amirul muslimin" (Musulmonlar amiri) unvonini berishgan edi. Umarxon 1822 yilda 35 yoshida vafot etgan.
Shoirning ijodi haqida. Umarxon ijodda o'ziga Amiriy taxallusini olgan edi. Umarxon Sulton Husayn Boyqaroga havas qilib Qo'qonda Hirotdagidek adabiy muhit yaratishga urindi. Hatto bu adabiy muhit vakili Sultonxon to'ra Ado bir she'rida faxriya usuli bilan o'zini Navoiydan, Amiriyni Sulton Husayndan yuqori qo'yishga uringan edi:
Gar Navoiydan Ado so'zini o'tkarsa ne tong?
Shoh Umar afzalmu yo Sulton Husayn Boyqaro?
Adoning Navoiydan o'tkarib so'z aytishi orzuligicha qolib ketdi. Lekin Amiriy Qo'qonda o'ziga xos ijod maktabini yarata oldi. U nafaqat hukmdor bo'lib, balki zabardast shoir sifatida bu maktabga rahbarlik qildi. Amiriy Alisher Navoiydan ilhomlanib, uni o'ziga ma'naviy ustoz, qalam ishida pir bilib ijod qildi. Ustoz adibning yigirma besh g'azaliga taxmis bog'laganligi uning buyuk mutafakkirga ehtiromini ko'rsatib turadi.
Amiriy Sharq mumtoz adabiyotining an'analarini o'ziga xos tarzda davom ettirdi. Uning uchun nafaqat saroyda, balki oilasida ham ijodiy muhit bor edi. Umr yo'ldoshi shoira Nodirabegim bilan ijodiy hamkorligiga Xon taxallusi bilan she'rlar yozuvchi farzandlari Madalixonning ham qalam tebratishi qo'shildi.
Amiriy o'zi hayotligida yozgan ash'orlaridan devon tuzgan. Devonidan mumtoz adabiyotimizda faol qo'llanadigan turli janrlardagi she'rlar o'rin olgan. Devondagi asosiy janr bo'lmish g'azallarda shoir lirikasiga xos xususiyatlar to'liq mujassamlan-ganini qayd etish o'rinli bo'ladi. Ularda lirik qahramonning oshiqona kechinmalari turkona ohanglarda goh o'ynoqi, goho hazin uslubda bayon etiladi. O'z vaqtida ko'plab shoirlar Amiriyning g'azallariga nazira bitganlar, muxammas bog'laganlar. Bu bejiz emas, albatta. Shoir yor go'zalligi, husn chizgilarini berishda boshqa ijodkorlarga namuna bo'ladigan o'zgacha shakl va yo'sin topa biladi.
Dostları ilə paylaş: |