Imom Dorimiyning hayoti va ijodi Milodiy to‘qqizinchi asr boshlarida Islom olamida hadislarni to‘plab, kitob qilish keng rivoj topdi. Bu ishda olti buyuk muhaddis yetakchi bo‘ldi. Ular orasida Imom Dorimiyning alohida o‘rni bor.
Allomaning to‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiydir, 798 (hijriy 181) yili tug‘ilgan. Imom Dorimiy yoshlikdan aql-zakovati, o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyati kuchliligi bilan ajralib turadi.
Bu haqda Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy: “Imom Dorimiy komil mufassir edi. U aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehni, halimligi, bosiqligi, tirishqoqligi... zarbulmasaldir”, deb ta’rif beradi.
Imom Dorimiy dastlab o‘z yurti Samarqandda ta’lim oldi. So‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan Fustot (Qohira), Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina shaharlarida saboq olib, bilimlarini oshirdi.
Imom Dorimiy hayotining asosiy qismini ilm talabida safar qilish bilan o‘tkazdi. U hadislarni to‘plash bilan cheklanmay, isnodlarining ishonchliligiga, uzluksizliligiga va roviylar soniga ham katta e’tibor berdi. Olim ilmiy safarlarini Xuroson shaharlaridan boshlaydi. Jumladan, mashhur hofiz Nazr ibn Shumayldan (vaf. 203/818 y.) Marv shahrida ko‘p hadis tinglaydi. So‘ngra Iroqqa borib, Bag‘dod, Vosit, Kufa, Hiyt kabi shaharlarida yetuk olimlardan hadis o‘rganadi. Imom Dorimiy “Sunan” asarida ikki yuz ellikdan ortiq ustozdan hadis rivoyat qilgan1.
Imom Dorimiy taxminan qirq yoshida haj ibodatini ado etib, Samarqandga qaytib kelib, bir muncha vaqt shayxulislom lavozimida ishlaydi.
Imom Dorimiy 869 (hijriy 255) yili 75 yoshida arafa kuni vafot etadi. Hozirgi Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi Ispandiy qishlog‘iga qo‘yilgan.
Manbalarda olimning “Kitobut tafsir”, “al-Jome’”, “as-Sulosiyyot fil hadis”, “Kitobus sunna fil hadis”, “Kitob savm al-mustahozot val mutahayyirot” kabi asarlari borligi qayd etiladi. “Sunan” nomi bilan tanilgan “Musnad”i (lug‘aviy ma’nosi “Tayanch” yoki “Isnodli hadislar to‘plami”) olimning shoh asari hisoblanadi. Kitobning “Sunan” deb nomlanishiga olimlar turlicha fikr bildirishgan.
Hofiz Iroqiy, Imom Zahabiy asardagi barcha hadislar to‘liq isnod bilan berilgani uchun uni “Musnad”, Alouddin Mug‘ultoiy hadislarining ishonchliligi darajasidan kelib chiqqan holda “Sahih”, Ibn Hajar va Suyutiy kabi boshqalar fiqhiy hadislar to‘plami bo‘lgani bois “Sunan” deb atashadi2.
Ibn Hajar Asqaloniy kabi ba’zi olimlar Imom Dorimiyning “Sunan”ini “Sihohi sitta”ning oltinchi kitobi sifatida qabul qilishsa, boshqa birlari uni eng ishonchli deb topilgan to‘qqiz hadis to‘plami (“Kutubut tis’a”) sirasiga kiritishadi. Uch yarim mingdan ko‘p hadis to‘plangan bu “Sunan” muqaddima va yigirma uch kitob, 1403 bobdan iborat. Asarda bo‘lim va boblarning fiqhiy tartibda berilishi muallifning fiqhiy salohiyati yuksak darajada ekanini isbotlaydi.
Bugungi kunda Imom Dorimiy hayoti va ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ibratli ishlar qilishyapti. 2009 yili “Imom Dorimiy” risolasi chop etildi. Shuningdek, Toshkent Islom universiteti ilmiy tadqiqot markazi xodimlari 1996 yili shayx Muhammad Abdulaziz Xolidiy Bayrutda chop ettirgan nusxa asosida “Sunan”ning o‘zbekcha ilk tarjimasini tayyorlashdi
1.2 Allomaning ilmiy ijodining ahamiyati
Ilm yo‘lida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida Imom Dorimiy hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko‘tarildi va yirik hadisshunos sifatida katta shuhrat qozondi. U haqida yozilgan manbalarda aksariyat mualliflar “Imom Dorimiyning Samarqandda hadis va osor ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor”, deb yakdillik bilan ta’kidlaganlar. O‘z davrining ilm ahllari o‘rtasida obro‘ e’tiborga ega bo‘lgan Imom Dorimiy bir qancha muddat Samarqandda Shayxul-islom lavozimida ham faoliyat ko‘rsatgan.
Shuningdek, an-Nasafiyning ta’kidlashicha, “… u tabiatan vazmin, adolatparvar va haqiqatgo‘y, insof va diyonati barkamol, har qanday vaziyatda aqlidrok, chuqur tafakkur va mulohaza bilan ish yuritgani bois hokim tomonidan Samarqandning Bosh qozisi lavozimiga taklif qilinadi. Alloma avvaliga rad javobini bersa ham, lekin hokim o‘z fikrida kat’iy turib olgach, rozi bo‘ladi. Biroq qozixonada atigi bitta ish ko‘rilgach, u o‘zini ushbu lavozimdan ozod etishlarini iltimos kiladi. Uning iltimosi qondirilib, iste’foga chiqarilgan bo‘lsada, xalifa al-Mu’tazz Billohdan qozilik yorlig‘ini (“Kitob ul-Qazo”كتاب قضالء ) olgan?”. Xalifa al-Mu’tazz Billoh 866-869 yillar xukmronlik qilgani ma’lum 2. Shunday ekan, Imom Dorimiyning bosh qozi lavozimiga taklif qilinishi va unga yuborilgan yorliq umrining oxirgi yillarida ro‘y berganligi ayon bo‘ladi3.
Al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘z asarida Imom Dorimiyning vafoti haqida ikki xil ma’lumotni keltiradi. U dastlab Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiyning Imom Dorimiy hijriy 250 yilda vafot etganligi haqidagi ma’lumotini keltirib, uni noto‘g‘ri deb ko‘rsatadi. So‘ngra Muhammad ibn Sayyorning: “ u 255 yili 75 yoshida Tarviya kuni asrdan so‘ng vafot etib, arafa [juma] kuni dafn etilgan” mazmundagi ma’lumotni berib, uni to‘g‘ri deb aytadi. Al-Xatib al-Bag‘dodiyning oxirgi ma’lumoti boshqa manbalardagilar bilan mos keladi. Jumladan, Najmidin Umar an-Nasafiy ham Imom Dorimiy 75 yil yashagan, hijriy 255 yili asr namozidan keyin Tarviya kuni vafot etgan va Arafa (juma) kuni Chokardiza qabristoniga dafn qilingan va unga Samarqand amiri Ahmad ibn Yahyo ibn Asad janoza o‘qigan”, deb zikr etadi. Ushbu sana milodiy hisobda 869 yil 18 noyabr kuniga to‘g‘ri keladi4.
Imom Dorimiyning dafn etilgan joylari haqida hozirda turli xil fikrlar mavjud. Zikr etilganidek, Najmiddin Umar anNasafiy Imom Dorimiy Chokardiza qabristoniga dafn qilingani borasida ma’lumot bergan bo‘lsa, Shamsiddin az-Zahabiy “Islom tarixi” asarida olimning ukasi Ibrohim ibn Abdurahmon Dorimiy (vaf. 880 y.) ning Samarqandda vafot etganligi hamda akasining yoniga dafn qilinganligini qayd etadi. Abu Tohirxojaning «Samariya» kitobida esa Imom Dorimiyning qabri Shavdor tumanidagi Ispaniy (hozirgi Ispandiy) qishlog‘ida, Samarqand shahri bilan mazorning orasi 11 chaqirimcha yo‘l, deb keltiriladi. Shu bilan birga, ayrim turk va arab tadqiqotchilarining kitoblarida muhaddis
Xurosonning Marv shahrida dafn qilinganligi ta’kidlanadi. Bu fikrni shuningdek, Sh.Boboxonov ham qo‘llaydi va Imom Dorimiyni Marvda vafot etib, o‘sha yerga dafn qilinganligi haqida ma’lumot beradi. Ehtirom yuzasidan Imom Dorimiyning janozasini Samarqand amirining shaxsan o‘zi o‘qiganligi hamda ukasining dafn etilgan joyi haqidagi ma’lumotlar olimning qabri Samarqand yaqinida ekanligiga dalolat qiladi. Shu bois 2000-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Ispandiy qishlog‘ida Imom Dorimiy maqbarasi va Jome“ masjid ta’mirlanib obod qilindi.
Imom Dorimiyning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘zbek olimlaridan birinchilardan bo‘lib, Sh.Boboxonov va U.Uvatovlar o‘z risolalarida yoritganlar. Islomshunos olim Sh. Boboxonov Imom Dorimiyni “Sihoh sitta”dagi oltinchi o‘rinni Ibn Moja bilan bo‘lishib turgan buyuk muhaddis sifatida ta’riflab, Imom Ahmad ibn Hanbal va uning o‘g‘li Abdulloh o‘rtasidagi bo‘lgan o‘zaro suhbatni keltiradi. Unda Imom Dorimiy xurosonlik eng mashhur 4 ta muhaddislarning biri sifatida tavsiflanib, uni hadis roviylarining bilish bo‘yicha eng mohir muhaddis ekanligi ta’kidlanadi5.
U.Uvatovning “Imom Dorimiy” nomli maqolasida muhaddisning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga oid, xususan, Abdullox Dorimiy hamda Imom al-Buxoriy o‘rtasidagi samimiy munosabat haqida ham ma’lumot beriladi. Unda Imom al-Buxoriy Imom Dorimiyning vafoti haqidagi xabarni eshitib, og‘ir qayg‘uga botganligi, ikki muhaddisning bir-biriga ehtiromi cheksiz bo‘lganligi haqida so‘z boradi. O‘z navbatida Imom Dorimiy ham Imom al-Buxoriyni buyuk muhaddis olim sifatida ulug‘lab: “Men Makka, Madina, Hijoz, Shom, Iroqdagi ulamolarni ko‘rdim, lekin ular orasida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra ko‘proq hadis jamlagan kishini ko‘rmadim” deb aytgan. Imom al-Buxoriy “at-Tarix al-kabir” asarida Imom Dorimiydan hadis rivoyat qilgan hamda ba’zi o‘rinlarda roviylarning tarixiga oid ma’lumotlarni berishda unga tayangan”.
IX asrda faoliyat yuritgan samarqandlik muhaddislardan Imom Dorimiy hadis ilmida alohida o‘rin egallaydi. Allomaning to‘liq ismi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy bo‘lib, 798-yilda tavallud topgan. Xuddi shu yili yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan. Manbalarda shu tarixiy voqea sabab Imom Dorimiyga «Abdulloh» deb ism qo‘yilgani qayd etiladi. Muhaddisning bobosi Banu Tamim qabilasi mavlosi hamda Payg‘ambar (s.a.v.)ning kotiblaridan biri bo‘lgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bog‘langan holda allomaga «Dorimiy» nisbasi qo‘llangan. Shu bilan birga, Imom Dorimiyni «Doramiy» nisbasi bilan ataganlar ham bor. Abu Tohirxoja «Samariya» asarida Imom Dorimiy haqida «...U hadis aytuvchilardan. Shavdor tumaniga qarashli Ispaniy qishlog‘idadir. U Samarqand muzofotidan bo‘lgan, qadimda Doram deb ataladigan qishloqdan bo‘lgani uchun Doramiy deb dong chiqargan.... Doramiyning tarjimai holi belgilik emas...» kabi mazmundagi ma’lumotni keltiradi. Bunda Abu Tohirxoja uning nisbasini «Doram» deb nomlangan joy nomi bilan bog‘laydi.
Imom Dorimiy yoshlik chog‘laridanoq aql-zakovati,o‘tkir zehni, ayniqsa, eslab qolish qobiliyatining o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Bu haqda Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy: «Imom Dorimiy komil mufassir edi. U aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehnlari, halimliklari, bosiqliklari, tirishqoqliklari, dunyoviy zohidliklari, ibodatlari zarbulmasal qilingandir», – deb ta’rif beradi. Manbalarda Imom Dorimiyning oilasi haqida so‘z bormasada, uning kunyasi «Abu Muhammad»ligini e’tiborga olib, Muhammad ismli o‘g‘li bo‘lganini bilish mumkin. Olimning yaqinlari, qarindoshlari ham ilm ahllaridan bo‘lgan. Jumladan, allomaning tog‘asi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya, akasining o‘g‘li Abu Ahmad Fazl ibn Muhammad Dorimiy ham hadis rivoyat qilganlar6.
Imom Dorimiy dastlabki ta’limini o‘z yurti Samarqandda oladi. So‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlardan bo‘lmish Fustot (Qohira), Damashq, Bag‘dod,Makka,Madina, shuningdekXurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlardan diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmi bo‘yicha o‘z bilimlarini oshiradi. Bu davrda muhaddislar Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatlarini asl holida kelajak avlodga yetkazish uchun ishonchli rivoyatlarni olib, uni sof ko‘rinishda, har qanday soxtaliklardan xoli bo‘lgan holda to‘pladilar.
Imom Dorimiy hayotining asosiy qismini ilm talabida safar qilish bilan o‘tkazgan olimlar sirasiga kirgan. U safarlari davomida hadislarni eshitib, jamlash bilan cheklanmay, hadis isnodlarining oliy, muttasil (uzluksiz), undagi roviylarning soni kam bo‘lishiga ham katta e’tibor qaratgan. Alloma ilmiy safarlarini Xuroson shaharlaridan boshlaydi. Jumladan, mashhur hofiz Nazr ibn Shumayldan (vaf. 818 y.) Marv shahrida hadis ilmidan saboq olib, ko‘plab hadislar tinglaydi. Jumladan, Rasululloh (s.a.v.)ning:«Sizlar yetmishta ummatga barobarsiz (tengsiz). Sizlar ummatlarning eng so‘nggisi va Alloh nazdida eng e’tiborlisisiz!», degan mazmundagi hadislarini yozib olib,o‘zining hadislar to‘plamiga kiritadi.
So‘ngra Imom Dorimiy Iroq shaharlarida bir qancha ustozlardan tahsil oladi. Jumladan, muhaddis taxminan 17-18 yoshlarida Basra shahrida bo‘lib, turli roviylardan hadis tinglaydi. Xususan, basralik Ravh ibn Aslamdan (vaf. 815 y.) hadislar eshitadi. Keyin esa, Iroqning Bag‘dod, Vosit, Kufa, Hiyt kabi shaharlarida bo‘lib, o‘z davrining ko‘pdan-ko‘p yetuk muhaddislaridan hadis ilmini o‘rganadi. Imom Dorimiy o‘zining «Sunan» asarida 250 dan ortiq shayx-ustozlardan hadis rivoyat qilgan. Ustozlarining asosiy qismini Kufa, Basra, Bag‘dod kabi shaharlardan chiqqan roviylar tashkil etadi. Manbalarda uning ustozlari qatorida Muhammad ibn Bashshor, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Faryobiy, Abu Musahhar Dimashqiy, Marvon ibn Muhammad, Abulvahhob ibn Said, Yazid ibn Horun Vositiy, Said ibn Omir Zab’iy, Ja’far ibn Avn, Zayd ibn Yahyo ibn Abiyd Dimashqiy, Vahb ibn Jarir, Xo-lid ibn Muhammad, Habbon ibn Hilol, Ashhol ibn Hotam Jumahiy, Zahhok ibn Muhammad, Ubaydulloh ibn Muso, Abul Mug‘iyra Foryobiy, Abdusamad ibn Abdulvoris, Yahyo ibn Hasson, Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar Zahroniy kabi allomalar zikr etiladi.
Xatib Bag‘dodiyning «Bag‘dod tarixi» asarida Imom Dorimiy haj safariga ketayotganida Kufada to‘xtab, Yahyo ibn Abdulhamid Hammoniy (vaf. 842 y.) va boshqa muhaddislar bilan suhbatda bo‘lgani, suhbatlar ko‘p hollarda bahs-munozaralarga aylanib, hadis roviylari, isnodlarning ishonchliligi xususida tortishuvlar bo‘lgani aytiladi. Xatib Bag‘dodiy keltirgan ma’lumotlardagi suhbatdoshlarning hayot yillarini aniqlash orqali Imom Dorimiy taxminan 40 yoshlarida haj ibodatini amalga oshirgani, safar chog‘ida ham o‘zining asarlari ustida tinmay izlanganini anglash mumkin.
Imom Dorimiy arab xalifaligining ko‘p shaharlarida o‘z bilimlarini oshirib, nihoyat o‘z vatani – Samarqandga qaytib keladi. Ilm yo‘lida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida u hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko‘tarildi. O‘rta asr olimlari «Imom Dorimiyning Samarqandda hadis va osor ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor», deb yakdillik bilan alohida ta’kidlaydilar. Allomaga umrining oxirgi yillarida Bosh qozi lavozimi taklif qilinadi. Biroq uning ilm olishga bo‘lgan behad qiziqishi va shaharning Bosh qozisi lavozimi katta mas’uliyatni talab etishini anglagani ushbu taklifni rad qilishiga sabab bo‘lgan7.