Iqlim o’zgarishi asosiy sabablari Mutaxassislar iqlim o‘zgarishining asosiy omili issiqxona effekti ekanligini ta'kidlashadi. Quyoshdan kelgan issiqlikning Yer sathida jamlanib, dimlanib qolishi issiqxona effekti deyiladi. Ya'ni quyoshdan kelgan nurni Yer ham o‘z navbatida atmosfera orqali koinotga qaytaradi. Ushbu nurlarning bir qismi koinotga chiqib ketish o‘rniga odamlardan chiqarilgan turli gazlarga yutiladi. Uning koinotga qaytib chiqib ketmasligi oqibatida Yer yuzi me'yoridan ortiq qiziydi va iqlimga ta'sir ko‘rsatadigan issiqxona qatlami hosil bo‘ladi.Natijada sutka mobaynida eng yuqori va eng past harorat orasida kam farq bo‘ladi. Ya'ni odamlar va tabiat tunda ham kunduzgi kabi issiq va dim havo ta'sirida qoladi. Bunday sutkalik issiqlik esa keskin isish hodisasini keltirib chiqaradi.Issiqxona effektini hosil qiluvchi asosiy gaz bu – karbonat angidrid. U atmosferaga ham tabiiy, ham sun'iy yo‘l bilan qo‘shiladi. Metan, azot oksidi kabi boshqa iflos gazlar havoga inson omili tufayli chiqarilib, bular bir butun issiqxona effekti darajasini belgilaydi.Issiqxona effektini hosil qiluvchi gaz konsentratsiyalarining ortishi, sayyorada tabiiy issiqlik balansini buzadi va antropogen issiqxona effektini keltirib chiqaradi.Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2100 yilga borib issiqxona effekti oqibatida global yalpi ichki mahsulot 20 foizdan ortiqqa pasayishi mumkin.Shuningdek, hozirgi kunda asosiy muammolar sifatida antropogen omillar ta'siri va qurg‘oqchilik natijasida uglerod gazini yutuvchi o‘rmon maydonlari keskin qisqarib ketishi, ozon qatlamining yemirilishi, yovvoyi tabiat maydonlarining qisqarib borayotganini ham keltirib o‘tish mumkin.
Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda ham qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti:
Harorat ko‘tarilishi natijasida suvning bug‘lanish koeffitsiyenti oshishi hududlarda suv resurslari kamayishiga, tanqisligiga ta'sir etmoqda;
Ekologik tanglik oqibatida yil davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunlar soni ko‘paymoqda;
Tuproqning namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg‘oqchilik xavfi ortmoqda va hosildorlik ko‘rsatkichlari tushib ketmoqda;
Orol dengiziga quyiladigan suv hajmining kamayishi daryo deltasining cho‘lga aylanishi va qurigan dengiz tubida yangi cho‘l maydonlari paydo bo‘lishini tezlashtiryapti;
Atmosfera havosida katta maydonlarda changlanish ortmoqda;
Isish va sovish kabi anomal hodisalarning o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mevalarning nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.
Xulosa Iqlim ko‘rsatkichlarining yil sayin tobora yomonlashib borayotganini insoniyat Yerdan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ko‘pchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni ta'minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yo‘qsa keyinchalik juda kech bo‘lishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar: Yu. Shodimetov “Ijtimoiy ekologiyaga kirish” Toshkent 1994 yil Vernadskiy “Biosfera” Moskva 1967 yil A.Xo`jaxonov “Atrof muhitni muhofaza qiling” Toshkent “Ibn Sino” 1985 yil A. To`xtayev “Ekologiya” Toshkent “O`qituvchi” 1998 yil L.Alebekov “Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan ratsional foydalanish” Toshkent “O`qituvchi” 1982 yil Z.Egamberdiyeva “Tabiat va inson” Toshkent “Mehnat” 1986 yil