O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
MUALLIFLIK HUQUQI VA TURDOSH HUQUQLAR TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 23-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 9-iyunda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Keyingi tahrirga qarang. 3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
asar nusxasi — asarning har qanday moddiy shaklda tayyorlangan ko‘chirmasi;
asarni omma oldida namoyish etish — asarning asl nusxasi yoki nusxasini bevosita yoxud plyonka, diapozitiv, televizion kadr yordamida yoki biron-bir boshqa texnika vositalari orqali ekranda ko‘rsatish, shuningdek audiovizual asarning ayrim kadrlarini ularning ketma-ketligiga rioya etmasdan omma uchun ochiq joyda yoki ayni bir oila a’zolari bo‘lmagan shaxslarning keng doirasi hozir bo‘lgan joyda ko‘rsatish;
asarni oshkor qilish — muallifning roziligi bilan amalga oshirilgan, asarni chop etish, omma oldida namoyish etish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish yoki boshqacha usulda yuborish yo‘li bilan ilk bor asardan barchaning voqif bo‘lishi uchun imkon beradigan harakat;
audiovizual asar — bir-biri bilan bog‘langan (ovoz jo‘rligida yoki ovoz jo‘rligisiz) tasvirlarning yozib olingan turkumidan iborat bo‘lgan, tegishli texnika vositalari yordamida ko‘rib va eshitib (ovoz jo‘rligida bo‘lganida) idrok etish uchun mo‘ljallangan asar, shu jumladan dastlabki yoki keyingi qayd etish usulidan qat’i nazar kinematografiya asarlari va kinematografiyanikiga o‘xshash vositalar bilan ifodalangan barcha asarlar (tele- va videofilmlar, diafilmlar, slaydfilmlar hamda boshqa asarlar);