O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy prinsiplari quyidagilar: Davlat suvereniteti; Xalq hokimiyatchiligi; Konstitutsiya va qonunning ustunligi; Tashqi siyosat. Davlat suvereniteti prinsipi quyidagi normalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, O‘zbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir. Qolaversa, davlat suvereniteti prinsipida davlat ramzlari haqida ham so‘z yuritilgan bo‘lib, Konstitutsiyaning 5-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan quyidagi davlat ramzlariga ega — bayroq, gerb va madhiya.
Xalq hokimiyatchiligi prinsipi haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Eng muhim normalardan yana biri shundaki, O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.
Konstitutsiya va qonunning ustunligi prinsipi ham o‘ziga xos bo‘lib, unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
Tashqi siyosat prinsipiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.