Falsafani ko‘pincha «tafakkur maktabi» deb ataydilar. U bir qolipda fikrlash uslubi tugagan, oydek ravshan bo‘lgan narsa shubha va taajjub uyg‘otgan joyda boshlanadi. Inson hayot mazmuni bilan bog‘liq masalalar (Immanuil Kant tilida ular quyidagicha yangraydi: «Men nimani bilishim mumkin?», «Men nima qilishim kerak?», «Men nimaga umid qilishim mumkin?», «Inson nima?») ustida bosh qotira boshlagani zahoti u darhol falsafaga «asir» tushadi, borliqni falsafiy anglab etish sohasiga kirib qoladi. Ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588–1679): «Falsafa sening tafakkuring farzandi... va sening o‘zingda yashaydi»9, deganida, bizningcha, to‘la haq bo‘lgan. Darhaqiqat, falsafiy mulohaza yuritish har bir insonga xos xususiyat. Zero hayotning mazmuni, erkinlik, adolat va umrboqiylik haqida mulohaza yuritishni biron-bir insonga taqiqlash mumkin emas.
Falsafa borliqni bilish, asoslar va birinchi tamoyillarni tadqiq etish bilan shug‘ullanadigan alohida soha sifatida, his etish, mushohada yuritish va tasavvur qilish tarzida amal qiladigan oddiy ongdan farqli ravishda, tushunchalar vositasida bilishni nazarda tutadi. Tushunchalar bilan ish ko‘rish san’ati zaruriy aloqalar va sababiy bog‘lanishlarni aniqlashni, hayot taassurotlarining xaotik tasodifiy oqimini tartibga solishni talab qiladi. Mulohaza kuchini tarbiyalash e’tiborni jamlash, uni predmetga qaratishni nazarda tutadi. Tafakkur intensional, ya’ni u muayyan predmetga qarab mo‘ljal oladi. Tafakkur predmetning tabiati haqidagi tasavvurga mos ravishda mulohaza yuritadi. Predmetni o‘zida «idrok etgan» kishigina mazkur predmet o‘zi haqida so‘zlovchining tili bilan gapirishiga umid qilishi mumkin.
FALSAFANING PREDMETI.Falsafa predmeti uning rivojlanish davri mobaynida uzluksiz o‘zgarib turgan, asosiy masala esa o‘zgarishsiz qolgan, degan fikr real asoslardan xoli emas. Falsafa muammolari uning predmeti bilan belgilanadi. Ma’lumki, falsafa predmeti tarixiy rivojlanish jarayoni mobaynida sezilarli darajada o‘zgargan. Falsafiy fanlarning har biri: ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika, mantiq, siyosatshunoslik, falsafa tarixi ham o‘z alohida predmetiga ega. Shu tufayli ham falsafa predmetini faqat o‘ta abstrakt tushunchalar yordamida belgilash mumkin. Shu ma’noda «dunyo – inson» munosabatlari tizimidagi umumiylik falsafaning predmeti hisoblanadi, degan fikr mazkur talablarga javob beradi.
Endi «Falsafa nimani o‘rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi. Boshqacha aytganda, inson o‘z qiziqishi ob’ekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to‘g‘risida so‘z yuritish mutlaqo o‘rinli bo‘ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.
Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig‘ma ma’noda qo‘llanilgan. Bu erda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo‘lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko‘ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o‘ringa chiqadi.
Masalan, qadimgi Yunonistondakosmotsentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab etishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o‘rin oldi.