3-rasm. Signal Signallarning balandligi 12-15 m dan 40 m gacha bo’lishi mumkin. Piramida va signallar yog’ochdan yoki metalldan yasalib, tuzilishi turlicha bo’ladi. 2-rasmda yog’ochdan yasalgan oddiy piramida, 3-rasmda metalldan yasalgan murakkab signal ko’rsatilgan. Davlat balandlik tarmoqlari punktlarining o’rni doimiy belgi hisoblanuvchi marka va reperlar bilan belgilanadi. Doimiy reper va markalar balandlik tarmoqlari yo’lida 5-7 km oralatib o’rnatiladi. Balandlik tarmoq punktlarining absolut balandliklarini aniqlash, ya’ni nivelirlash qiyin bo’lgan rayonlarda reper (marka) lar oralig’i 10-15 km bo’lishi mumkin. Yuqori aniqlikdagi balandlik tarmoqlari (I va II klass nivelirlash tarmoqlari) ning har 50-80 km dagi nuqtasi va bu nivelirlash yo’llarining kesishgan tugun nuqtalari doimiy saqlanadigan reperlar bilan belgilanadi.
Geodezik tayanch tarmoqlarini barpo qilish uslublari
Geodezik tayanch tarmoqlarini barpo qilishning bir necha xil uslublari bor. Astronomik uslub, geodezik uslub, radiogeodezik uslub, kosmik-geodezik uslub shular jumlasiga kiradi. Hozirgi vaqtda geodezik uslub qo’llanilmoqda. Geodezik uslubning o’zi triangulyatsiya, trilateratsiya va poligonometriya turlariga bo’linadi. Punktlarning geografik koordinatalari (geografik kengligi va geografik uzunligi), astronomik uslubda bir-biriga bog’lanmay alohida aniqlanadi. Lekin astronomik uslubda punktlar koordinatalarining aniqlash darajasi hozirgi vaqtda geodezik tayanch tarmoqlariga bo’lgan talabini qondirmaydi. Shuning uchun astronomik uslub katta aniqlik talab qilmaydigan vaqtda (masalan, 1:100000 va undan mayda masshtabda tasvirga olishda) yoki geodezik tayanch tarmoqlari hosil etishning boshqa uslublaridan foydalanib bo’lmaydigan joylarda (Arktika, Antarktida va boshqa joylarda) qo’llanilishi mumkin. Astronomik uslub geodezik uslub bilan birgalikda qo’llaniladi. Masalan: geodezik uslubda tayanch tarmoqlari hosil qilish uchun avvalo biror boshlang’ich punkt yoki bir necha punktning koordinatalari astronomik uslubda aniqlab olinadi. Tayanch tarmoqlarining boshqa punktlari koordinatalari geodezik o’lchash natijalariga asoslanib, hisoblab chiqariladi. Boshlang’ich punktdan keyin keladigan punktlar fikran chiziq bilan tutashtirilsa tarmoq hosil bo’ladi. Qator uchburchakdan iborat tarmoq triangulyatsiya tarmoqi, ko’p burchaklardan iborat tarmoq poligonometriya tarmog’i deyiladi. Keyingi yillarda 1:50000 va 1:100000 ayrim vaqtlarda esa 1:25000 masshtabli aerofototopografik tasvirga olish uchun geodezik tayanch tarmoqlari barpo qilishda radiogeodezik uslub qo’llanilmoqda. Radiogeodezik uslub territoriyani samolyotdan turib suratga olish vaqtida samolyotning o’rnini aniqlashga asoslangan. Bu uslub ayniqsa bir-biridan uzoqda joylashgan hamda bir-biridan ko’rinmaydigan punktlarning koordinatalarini aniqlashda qo’llaniladi.
Qit’a va orollardagi geodezik tayanch tarmoqlarini bir-biriga bog’lashda kosmik geodezik usuldan ham foydalaniladi. Yerning tabiiy va sun’iy yo’ldoshlarini kuzatish asosida bir-biridan juda uzoqda joylashgan punktlarning koordinatalrini aniqlashda, bir-biridan okean va dengiz bilan ajralgan qit’a hamda orollarda o’tkazilgan geodezik tayanch tarmoqlarini bir biriga bog’lashda bu uslub muhim ahamiyatga ega. Geodezik tayanch tarmoqlarini barpo qilishda joyning sharoitiga qarab, iqtisodiy jihatdan eng yaxshi samara beradigan uslub tanlanadi. Hozircha planli geodezik tayanch tarmoqlari triangulyatsiya, trilateraratsiya va poligonometriya uslublari bilan hosil qilinmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar
Muborakov H., Axmedov S., Geodeziya va kartografiya. Toshkent: O―qituvchi