Innovatsiya jarayonini moliyalashtirish uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar
Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish manbalaridan biri – byudjetdan tashqari fondlardir. Ular innovatsiyalarni moliyalashtirish manbalari sifatida innovatsion jarayonni boshqarishning barcha darajalarida: davlat, soha, hududiy,
institutsional (korxonalar, ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy-texnik institutlari) darajasida faoliyat ko‘rsatadi. Byudjetdan tashqari fondlar mazmuni, ahamiyati va vujudga kelish xususiyatlarini qisqacha ko‘rib chiqamiz.
Korxonalarning qayta qurilishi va qayta qurollanishi, ishlab chiqarishni tashkil etishning prinsipial yangi shakllarini qo‘llash, prinsipial yangiliklarni o‘zlashtirish va hokazolar zarurati katta resurslar bo‘lishligini va ularning tezkor qayta taqsimlanishini talab etadi. Ma’lumki, davlat byudjeti – moliya resurslari vujudga kelishining samarali shakllaridan biridir. Biroq byudjet mablag‘larini ishlatish qonunchilik organlari tomonidan tartibga solinadi, shu bois mablag‘larni tezkor qayta taqsimlash masalasi bo‘lishi mumkin emas.
Mulkchilik shakllarining xilma-xilligi, davlat mulkchilik ulushining qisqarishi mablag‘larni qayta taqsimlashning yangi usullaridan foydalanishni talab qilib, moliya resurslari vujudga kelishining boshqa shakllari – byudjetdan tashqari fondlarning tashkil etilishiga sabab bo‘ladi. Ular tezkor qayta taqsimlanishi va ishlatilishi mumkin, chunki byudjetdan tashqari fondlar faqat ijro etuvchi organlari tomonidan tartibga solinib, qonunchilik organlari tomonidan esa nazorat qilinmaydi. Albatta, mablag‘larni qayta taqsimlash, qaror qabul qilish tezkorligi bilan bog‘liq masalalar boshqa yo‘l bilan hal etilishi mumkin. Masalan, davlat yoki mahalliy byudjetdan maqsadli vazifa va loyihalar, shu jumladan, innovatsion ishlar uchun muayyan qismi ajratiladi. Lekin masalalar katta ko‘lamliligi va xilma-xilligida bularning o‘zi etarli emas. Shu sababli qonunchilik organi qaroriga ko‘ra aniq maqsadli, o‘z daromadlari manbalariga ega bo‘lgan byudjetdan tashqari fondlar tashkil etiladi.
Byudjetdan tashqari fondlar – aniq (ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy, texnologik, ekologik xarakterdagi) maqsadlarni amalga oshirish va turli darajadagi byudjetlarda nazarda tutilmagan ehtiyojlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan moliya resurslarini qayta taqsimlash va ulardan foydalanish shakli. Hozirgi vaqtda ular
moliya tizimi, xususan, innovatsiyalarni moliyalashtirish tizimining muhim bo‘g‘inidir.
Byudjetdan tashqari fondlarning aksariyati davlat va munitsipal tuzilmalarga tegishli, lekin ular avtonomdir. Ular qat’iy maqsadga ega bo‘lib, umumdavlat, hududiy yoki mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan aniq dasturlar uchun yaratilgan; buni amalga oshirish uchun esa byudjet mablag‘lari yetarli emas, hudud ichida va tashqarisidagi qo‘shimcha moliya resurslari kerak bo‘ladi.
Davlat byudjetdan tashqari fondlari moliyaviy tizimning tarkibiy qismi bo‘lib, bir qator xususiyatlarga ega:
qat’iy maqsadli yo‘nalganlikka ega;
fondlarning pul mablag‘lari byudjetga kiritilmagan davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi;
fondlarga qilingan to‘lovlar va shu jarayonda vujudga kelgan o‘zaro munosabatlar soliq tabiatiga ega; soliqlar kabi, to‘lovlar tariflari davlat tomonidan belgilanib, majburiy hisoblanadi;
fondlarning pul mablag‘lari davlat mulkchiligida bo‘lib, byudjetlar hamda boshqa fondlar tarkibiga kirmaydi va qonunda belgilanmagan biron-bir maqsadda olib qo‘yilmaydi;
byudjetdan tashqari fondlardan investitsion, innovatsion loyiha va dasturlarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish uchun subvensiyalar ajratiladi. Byudjetdan tashqari fondlar soliq to‘lashdan, davlat va bojxona bojlaridan ozod etiladi.
Byudjetdan tashqari fondlar turli xil jihatlarga ko‘ra tasniflanishi mumkin: boshqaruv darajasiga, maqsadiga, amal qilishi davriga, muammolar qamrovi va biron sohaga mansubligiga ko‘ra. Boshqaruv darajasiga ko‘ra quyidagi byudjetdan tashqari fondlar ajratiladi:
Maqsadiga ko‘ra byudjetdan tashqari fondlar iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik fondlarga bo‘linadi. Iqtisodiy byudjetdan tashqari fondlarga boshqalar bilan bir qatorda ITTKI (ilmiy- tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari) ning soha va sohalararo fondlari kiradi. Iqtisodiy byudjetdan tashqari fondlar foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha ajratilishi mumkin: ilmiy-texnik, innovatsion, tashqi iqtisodiy faoliyat va hokazolar bo‘yicha.
Amal qilishi davriga ko‘ra byudjetdan tashqari fondlar muddatsiz, uzoq muddatli va qisqa muddatli amal qiladigan bo‘ladi. Soha va sohalararo byudjetdan tashqari fondlar ham amal qiladi. Sohalararo deb ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik fondlar hisoblanishi lozim. Muammolar qamroviga ko‘ra byudjetdan tashqari fondlar umumiy xarakterli (ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik sohalararo fondi) va muayyan xarakterdagi (birlashmalarning byudjetdan tashqari fondi) bo‘lishi mumkin.
Byudjetdan tashqari fondlar tarkibi dinamikdir: ba’zi fondlar, o‘z rolini bajarib va o‘zini badnom etib, faoliyatini to‘xtatadi, boshqalari – bir necha yil faoliyat ko‘rsatadi, keyingilari – bir nechta byudjetdan tashqari fondlarga parchalanadi. Ta’kidlab o‘tamiz, byudjetdan tashqari fondlar faqat muayyan sharoitlardagina vujudga keladi va o‘z faoliyatini tugatishi mumkin. Ushbu fondlarning faoliyat ko‘rsatilishi natijalari mutaxassislar tomonidan turlicha idrok qilinadi. Ularni yanada rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ham shunday bir- biriga zid ko‘rinadi.
Byudjetdan tashqari fondlar boshqa fondlar bilan bir qatorda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini shakllantiradi.