Konstruksion materiallar — kuch qabul qiladigan, nagroʻzka tu-shadigan, konstruksiya detallari tayyorlanadigan, fizik, mexanik va kimyoviy xossalari yaxshi boʻladigan materiallar. Metall, metallmas va kompozitsion, kuymabop xillari bor. Metall Konstruksion materiallar ichida poʻlat eng keng tarqalgan; bulardan tashqari choʻyan, alyuminiy qotishmalari, berilliy qotishmalari, volfram qotishmalari, magniy qotishmalari, titan qotishmalari, xrom qotishmalari va boshqa hamma Konstruksion materiallarga taalluqli. Texnologik alomatlari boʻyicha, deformatsiyalab (prokatlab, presslab, shtamplab) olinadigan, quyib, payvandlab, pishirib, yelimlab tayyorlanadigan materiallarga; ishlatilish sharoitiga koʻra, normal, past va yuqori temperaturalarda ishlatiladigan (olovbardosh qotishmalar, olovbardosh beton) materiallarga; strukturasiga koʻra, ferritli, austenitli poʻlatlar; mustahkamlash turiga koʻra, toblanadigan, yaxshilanadigan, dispersli-mustahkamlanadigan (qiyin eriydigan dispers zarrali), eskirtiriladigan, mustahkamlik koʻrsatkichi boʻyicha (mustahkamligi yuqori poʻlat va choʻyanlar) turlarga boʻlinadi. Konstruksion materiallarning mexanik xossalari (konstruksiyasi mustahkamligi, oʻtga chidamliligi, qovushoqligi, olovbardoshligi, korroziyaga chidamliligi va boshqalar) ularning sifat koʻrsatkichlarini belgilaydi.
Antifriksion materiallar– sirpanib ishqalanish sharoitida ishlaydigan va ishqalanish koeffitsiyenti past boʻlgan mashina de-tallari (podshipniklar, vtulkalar va boshqalar) uchun ishlatiladigan materiallar. Adgeziyaga chidamlilik xususiyati past, yaxshi ishlanuvchan, issiqlik oʻtkazuvchan va xossalari barqaror. Antifriksion materiallar sifatida podshipnik materiallari (PM) keng tarqalgan. Ular antifriksion xossalaridan tashqari zarur turgʻunlik, moy muhitida korroziyaga chidamlilik, yaxshi ishlanuvchanlik va tejamlilik xususiyatlariga ega boʻlishi kerak. Ishqalanish yuzasini hosil qiluvchi PM va podshipnikning boshqa qismlariga qoʻyiladigan talablar turlicha boʻlgani uchun podshipnik mustahkam konstruksiyali material (masalan, poʻlat) dan, ishqalanuvchi yuza esa Antifriksion materiallar qatlami (masalan babbit) dan yasaladi.PM metall va metallmas materiallarga boʻlinadi. Metall PM ga qalay, qoʻrgʻoshin, mis, rux, alyuminiy, ba’zi choʻyanlar asosidagi qotishmalar, metallmas PM ga ba’zi plastmassalar, yogʻoch asosidagi materiallar, grafit-koʻmir materiallar, rezinalar kiradi. Qalay yoki qoʻrgʻoshin asosidagi PM (babbitlar) poʻlat (ba’zan, bronza) sirtiga quyilgan qatlam koʻrinishidagi podshipniklarda ishlatiladi. Mis asosidagi PM ga qalayli, qalay-qoʻrgʻoshinli bronzalar, ba’zi latunlar kiradi. Qalay yoki qoʻrgʻoshin asosidagi, mis asosidagi PM avtomobil podshipniklari tayyorlashda ishlatiladi.