Foiz stavkalari dinamikasi. 2013 yilda respublikadagi barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda Markaziy bank tomonidan qat’iy monetar siyosatining yuritilishi, o‘z navbatida, mamlakatimizning pul va moliya bozorlaridagi foiz stavkalari dinamikasida, jumladan, tijorat banklarining kreditlari va depozitlari bo‘yicha hamda banklararo kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarida o‘z aksini topdi.
Xususan, 2013 yil davomida aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar daromadining oshishi hisobiga respublikamizdagi moliya institutlari resurs bazasining kengayishi banklararo pul bozoridagi resurslar taklifining ko‘payishiga va o‘z navbatida, moliyaviy resurslar narxining arzonlashishiga sabab bo‘ldi.
Jumladan, 2012 yil davomida banklararo pul bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi yillik hisobda 10,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda ushbu ko‘rsatkich 9,9 foizga teng bo‘ldi.
Mamlakat yalpi ichki mahsulotining va unga mos ravishda aholi daromadlarining yildan-yilga yuqori sur’atlar bilan o‘sishi, bank tizimiga bo‘lgan ishonchning ortib borishi hamda iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarning pasayib borishi kabi omillar ta’sirida 2013 yilda bank depozitlari bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishi kuzatildi.
Xususan, jismoniy shaxslarning tijorat banklaridagi jami depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2012 yildagi o‘rtacha yillik 7,7 foizdan 2013 yilda 7,1 foizgacha pasaydi.
Yuridik shaxslarning jamg‘arma va muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 2012 yildagi o‘rtacha yillik 6,2 foizdan 2013 yilda 6,0 foizgacha pasaydi.
Shuningdek, banklararo pul bozoridagi operatsiyalar hamda depozitlarni jalb qilish bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishi natijasida tijorat banklarining aktiv operatsiyalari bo‘yicha, jumladan, iqtisodiyotning real sektori korxonalarini kreditlash bo‘yicha foiz stavkalarining ham pasayishi kuzatildi.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektori sub’ektlariga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2012 yil dekabr oyida 13,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda 13,0 foizgacha pasaydi