Reja: Kirish I bob. Lingvokulturologiya fanining nazariy asoslari



Yüklə 151,21 Kb.
səhifə22/31
tarix10.05.2023
ölçüsü151,21 Kb.
#110750
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   31
Magistrlik dissertatsiyasi Zarnigor

Chilla. O‘zbek madaniyatida ism qo‘yib bo‘lingach, go‘dakning chillasi - kichik chilla va katta chillasi o‘tkaziladi. Chaqaloq va onani gigiyenik jihatdan asrash va nazar, ins-jnslardan himoya qilish maqsadida chilla saqlanadi. O‘zbek xalqida chilla davri inson hayotidagi eng mas’uliyatli va xavfli bosqich bo‘lib, ona va bolaning jismoniy va ruhiy salomatligi chillaga qanchalik e’tibor bilan yondoshganligiga bog‘liq degan tushuncha hali – hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bu haqida M.Sattor o‘zining “O‘zbek udumlari” kitobida shunday fikrlarni bildiradi: “Chillaning ma’nosi shuki, belgilangan muayyan muddat davomida ( kichigi 20 kun, kattasi 40 kun) xonadonga begona odam kiritilmaydi. Namozshomdan keyin hech kim ko‘chaga chiqmaydi, bemahalda ko‘chadan birov hovliga kirmaydi. “Chillali joy” desangiz, zarurmand, shoshilinch mehmon ham, musulmon bo‘lsa, tushunadi. Ertasi kuni yorug‘da xonadonga tashrif buyuradi.” 147
Chilla so‘zi - forscha "chihil" - qirq degan ma’noni bildiradi.148
Chilla davriga oid leksemalar:
Shomdan so‘ng tashqariga chiqmanglar”;
Go‘dakning kiyimlari kechasi tashqarida qolmasin”;
Oyoq kiyimlaringni shomdan keyin ichkariga olib kirib qo‘yinglar”;
Chilla davrida chaqaloq kechasi yig‘lab, o‘zini o‘zi qo‘riqlaydi”.
Chilla davrida ona va bolani har xil ta’sirlar va yovuz kuchlardan asrash maqsadida turli xil udumlar bajarilgan va ularning aksariyati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Beshikbelar/Beshik to‘yi. Chaqaloqni ilk bor beshikka belash marosimi bo‘lib, avvalo beshik so‘ziga ta’rif bersak. Beshik – chaqaloq yotqiziladigan maxsus jihoz bo‘lib, mevali daraxtlar, xususan, o‘rik, yong‘oq va tol, oyog‘ini esa tut daraxti yog‘ochidan maxsus ustalar yasaydi. Uning uzunligi 1 – 1,5 metr, balandligi 50 –60 sm, eni esa 35- 35 smni tashkil etadi. Beshik qadimdan Markaziy Osiyo xalqlarida mavjud bo‘lib, chaqaloqni beshikda ulg‘aytirish usulini keyinchalik Hindiston, Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari ham qabul qilishgan.149 Bugungi kunda ham go‘dakni beshikda parvarishlash o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Beshikka belash ajdodlarimizdan qolgan eng qadrli an’ana sifatida e’zozlanadi. Mahmud Koshg‘ariyning «Devon-u lug‘otit turk» asarida beshikka aloqador leksemalar ham beshik to‘yining naqadar qadimiyligini tasdiqlaydi.150 O‘zbek adabiy tili va shevalarida beshik leksemasiga oid bir nechta etnografizmlar bugungi kunda ham keng qo‘llaniladi. Xususan, taxtacho‘p, o‘q (dasta) , tuvak , ko‘rpacha, yostiqcha, taglik, poypech( oyoq o‘ragich), bosh va yelka o‘ragich, bog‘ich (oyoq va qo‘l bog‘ichi), tuvak, sumak, beshik yopig‘i (garovapo‘sh, gahvorapo‘sh, gavrapo‘sh ) singari so‘zlar shular jumlasidandir.
An’anaga ko‘ra, beshik to‘yi marosimi xalq nazarida “xosiyatli” deb qaralgan kunlarda, ya’ni dushanba, payshanba va juma kunlari o‘tkazilgan. Beshik to‘yi unda qatnashayotgan ayollarga kichkina ziyofat berish yo‘li bilan nishonlanadi.151
O‘zbek xalqida bolani ilk bor beshikka belashda qarindosh – urug‘ va mahallada hurmatli, nikohi buzilmagan ayollar tanlangan. Beshik uyga olib kirilayotganda beshikdagi bolaga va u yotgan xonaga yomon nazar va ziyon –zahmatdan asrash maqsadida isiriq tutatiladi. Yoshi katta ayollardan biri shunday deydi:
Xesh, darvesh,
So‘zanada tesh,
Ispand, chilband, bo‘zband,
Tumor bo‘lsin!152
Yoki:
Isiriq, isiriq,
Chatnasin isiriq,
Tutasin isiriq,
Bolamga ko‘z tegmasin,
Kim qo‘zimni ko‘z qilsa,
Ko‘zlari oqib tushsin!153
Keyin bir tutam isiriqni ham chaqaloq yotgan xonaga ilib qo‘yishadi “Yomon ko‘zdan saqlasin!” deya.
Chaqaloq ilk bor beshikka yotqizilayotganda, bu amalni o‘zidan tinib-tinchigan, serfarzand momo bajargan. U “Bismillohir rahmonir rahim” deb bolani ikki qo‘li bilan ko‘tarib, birinchi marta bolaning boshini o‘ng emas, balki beshikning oyoq tomoniga qaratib yotqizadi va “Bu yerga yotqizaymi, o‘ngmi, chapmi?” — deb so‘raydi.154 Marosim ishtirokchilari esa baravariga “yo‘q-yo‘q, e, momosi qurg‘ur, chaqaloqni chap qilib yotqizibsiz-da!” — deb hazil-mutoyiba qilishadi. Shunda momo chaqaloqni beshikning eniga qaratib yotqizadi va marosim qatnashchilaridan yana rad javobini oladi. Uchinchi marta esa bolani to‘g‘ri, ya’ni o‘ng qilib yotqizadi va marosim qatnashchilari ham “o‘ng-o‘ng”, deb buni tasdiqlaydilar. Momo bolani beshikka birinchi marta yotqizayotgan paytda quyidagi aytimni aytadi:
Shugina jonim, shu jonim,
Boshimdagi gultojim,
Bo‘ynimdagi marjonim,
Shu dunyoni ko‘rsin deb,
Shu beshikka kirsin deb,
Xudo berdi sevsin deb,
Oltin beshik ham berdi,
Shu beshikka kirsin deb.
Bu aytimda misralarda ketma-ket qo‘llanilgan o‘xshatishlar matn badiiyatini yanada tiniqlashtirishga xizmat qilgan. Xususan, ona farzandini “boshidagi gultoji”ga, bo‘ynidagi “marjon”ga, beshigiga esa “oltin beshik” deb nisbat berish orqali bor onalik mehrini, muhabbatini qo‘shiqqa jo qilganligi ifoda etilgan.155
Bolani beshikka belash jarayonida “Qo‘rqmas botir bo‘lsin, sog‘lom o‘ssin, uzoq umr ko‘rsin!” deb yaxshi niyatlar bildirib turiladi. Chaqaloq beshikka bog‘langandan so‘ng, atrofdagi yaqinlari beshik ustidan turli shirinliklar va quruq mevalar sochadilar. Bu sochqilar marosim qatnashchilari tomonidan terib olinib, o‘z farzandlariga, nabiralariga yaxshi niyatlar bilan ulashiladi. Beshik to‘yidagi leksemalar:
Beshikning egasi keldi, kuchukchalar, qoch –qoch”;
Poyqadami qutlug‘ kelsin”;
Muborak bo‘lsin , katta bo‘lsin”;
Boshi toshdan bo‘lsin”;
Hayoti mana shu shirinliklar kabi totli bo‘lsin!”
Bizga ham shunday farzand nasib etsin!”
Quyida o‘zbek xalqining sevimli adibi O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub “Ikki eshik orasi” asaridan beshik to‘yiga oid bo‘lgan parchani keltiramiz.
Lazakat xola chaqaloqni ko‘rpachaga yotqizib, yo‘rgagini yechdi. Ukamning chap oyogʼini avaylab bukib, tizzasini o‘ng qo‘lining uchiga tegizdi.
Yetdimi? – degan edi, uy to‘la xotinlar qiy-chuv qilib yuborishdi.
Yetdi! Yetdi!
Lazakat xola endi ukamning o‘ng oyogʼini bukib, chap qo‘lining uchiga tegizdi.
Yetdimi?
Yetdi! Yetdi!
Boyadan beri indamay yotgan ukamga bunaqa qiliq yoqmadi shekilli, yigʼlab yubordi. Аmmo xotinlar bemalol kulishar, ostonada turgan oyim ham mamnun jilmayar edi.
Voy, manov bolani shirinligini! – Parcha xola do‘rillab, xitob qildi. – Voy, jujuqlaringdan aynovniy!
Tagʼin kulgi ko‘tarildi.
Tuf de, ko‘zing tegadi! – Lazakat xola ukamni asta ko‘tarib, negadir beshikka ko‘ndalang yotqizmoqchi bo‘ldi.
Qayoqqa yotqizay? – deb so‘radi baland ovozda.
-Shu yoqqami?
Xotinlar chuvillashib ketishdi.
Yo‘q! Yo‘q!
Lazakat xola endi ukamning oyogʼini yostiq tomonga aylantirib yotqizmoqchi bo‘ldi.
Bu yoqqami?
Xotinlar kula-kula battar chuvillashdi.
Yo‘q! Yo‘q!
Ie, Lazakat xola qanaqa o‘zi! Yostiq qayoqdaligini bilmaydimi? Ukam yigʼlab yotibdi-ku, bular kuladi-ya! Endi jahlim chiqib turgan edi, Lazakat xola nihoyat chaqaloqni qanaqa yotqizish kerakligini «tushundi». Ukamni to‘gʼri yotqizdi.
Bu yoqqami?
Ha! Ha! – Xotinlar qiy-chuv bilan tasdiqlashdi.
Shu yoqqa! Lazakat xola oyoq-qo‘llarini pitirlatib yigʼlayotgan ukamni chaqqonlik bilan beshikka bogʼladi-da, duo qildi.
Iloyo umring uzoq bo‘lsin. Baxtli bo‘lgin! Insofli-tovfiqli bo‘l. Mehnatkash bo‘l.
Qiziq, ukam birpasda ovunib qoldi.
Hoy, kim bor? – dedi Lazakat xola yonboshida turgan tugunni yechib. Аbduvali shuni kutib turgan ekanmi, o‘sha tomonga birinchi bo‘lib otildi. Lazakat xolaning tugunidan qip-qizil, chiroyli patir chiqdi. Аbduvali patirni tishlagancha tashqariga qochdi. – Ushla! Ushlanglar! – xotinlar kula-kula Аbduvalini tutib olmoqchi bo‘lgandek qo‘l uzatdi. (O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”)156
Beshik to‘yi marosim folklorining qadimiy ekanini Mahmud Koshg‘ariyning «Devon-u lug‘otit turk» asaridagi beshikka aloqador leksemalar ham tasdiqlaydi.157 Beshik to‘yiga oid xalq og‘zaki ijodining badiiy xususiyatlari to‘g‘risida bir qancha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Bu haqida ilk bora professor O.Safarov ilmiy ish qilib, beshik davriga bog‘liq qo‘shiq, olqish va aytimlarni tavsiflagan. 158
N.Qurbonova ham o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida o‘zbek bolalar folklorida beshik to‘yi marosimining ahamiyati haqida o‘z kuzatuv va ilmiy qarashlarini bayon etgan.159 Shuningdek, G‘.Jahongirov, M. Yoqubbekova, G.Mardonova singari olimlar ham o‘z ilmiy ishlarida o‘zbek beshik to‘yi marosimi folklori haqida yoritganlar160. Bu tadqiqotlar natijasida guvohi bo‘lamizki, O‘zbekistonning har bir hududida beshik to‘yiga bog‘liq bo‘lgan leksemalar lingvokulturologiya nuqtai nazaridan ham o‘rganilsa, o‘zbek tilshunosligida bu fan rivojiga hissa qo‘shilgan bo‘ladi.

Yüklə 151,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   31




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin