II.2. Abdulla Avloniyning didaktik qarashlari mazmuni Аbdullа Аvloniy o‘zbek jаdid аdаbiyotining yirik nаmoyandаlаridаn biri bo‘lib, ХХ аsr ta’lim-tarbiya ta’tаrаqqiyotigа o‘zigа хos hissа qo‘shgаndir. Аvloniy 30 yildаn ortiq vаqt mobаynidа ijod qildi. Аvloniy o‘zigа “ Hijron” tахаllusini tаnlаydi vа shu tахаllus bilаn she`rlаr bitаdi.
Abdulla Avloniy shoir, yozuvchi, dramaturg, ammo pedagogika uning hayotidagi muhim sahifani tashkil etadi. U faoliyatning ilk bosqichidan to umrining so‘nggi damlarigacha o‘qituvchilik qildi, pedagogika fanining ham nazariy, ham amaliy masalalari bilan mustaqil shug‘ullandi, darsliklar yaratdi. XX-asr zamonaviy o‘zbek pedagogikasining asoschisi, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitish metodikasi fanining tamal toshini qo‘ygan mutafakkiridir. Abdulla Avloniyning didaktik qarashlarini o‘rganishdan avval uning hayoti haqida ma’lumotlar keltirishni joiz bildik.
Abdulla Avloniy 1878-yilning 12 iyulida Toshkentning Shayxontohur daha, Mergancha mahallasida tug‘ildi. Otasi Miravlon to‘quvchi-hunarmand edi. Yosh Abdulla O‘qchi mahallasidagi eski maktabda savod chiqardi, 1890-yildan mahalla madrasasida, so‘ng Shayxontahurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxun qo‘lida tahsil ko‘ra boshladi, ammo oilaviy sharoitning og‘irlashuvi o‘qishni davom ettirishiga imkon bermadi: 14 yoshidan boshlab mardikorchilik, 18 yoshidan ustalik, suvoqchilik, duradgorlik, pechkachilik ishlari bilan shug‘ullandi. Keyinchalik tarjimai holida quyidagilarni yozadi: «Madrasadan chiqib ketsam ham maorif ishlaridan chiqib ketmadim». 1900-yilda Abdullani Toshkentlik bir savdogarning Salomatxon ismli qiziga uylantiradilar, shu yili otasi vafot etib, oilani tebratish mashaqqatlari asosan uning zimmasiga tushadi, endi u faqat bo‘sh vaqtlardagina mustaqil mutolaa bilan shug‘ullanadi, Rusiyaning turli shaharlarida chiqib turgan gazeta va jurnallar bilan tanishib boradi, «Tarjimon» gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldi.
1904-yilda Abdulla Avloniy Mirobod mahallasida eski maktablardan farq qiluvchi usuli jadid maktabi ochdi va o‘zi mudirlik hamda o‘qituvchilik qildi. Shu vaqtdan uning pedagogik faoliyati boshlandi, maktabning dovrug‘i Toshkentning uzoq chekkalariga ham tez tarqaldi. Ushbu maktabning birinchi o‘quvchilaridan, uzoq yillar Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) pedagogika kafedrasiga mudirlik qilgan, marhum pedagog olim Yusuf Tohiriy mazkur maktab va uning o‘qituvchisi A.Avloniy haqida quyidagi xotiralarini yozib qoldirgan edi: «Shaharning qarama-qarshi chekkasida, temir yo‘l ishchilari istiqomat qiladigan Mirobodda yangi tipdagi maktab ochilganligi haqida eshitib qoldik. Tez orada bu maktabning fazilatlari haqidagi shov-shuvlar, uning muallimi Avloniyning dovrug‘i butun shaharga tarqaldi. Hammaning tilida: «Miroboddagi maktab 6 oyda o‘qish-yozishni o‘rgatarmish, jo‘g‘rofiya, hisob, tabiatni o‘rganish degan darslar o‘qitilarmish», - degan gap yurardi. Bizga juda sirli tuyulgan bu maktabni va uning donishmand muallimini ko‘rishga hammamiz oshiqardik. Nihoyat bir kuni uch- to‘rttamiz borishga jazm qildik. Maktab pastakkina, nimqorong‘u bo‘lib, masjid yo‘lagiga joylashgan edi. Xonaning tepasidagi yorug‘lik uchun qoldirilgan tuynukdan qish va bahorda qor bilan yomg‘ir ham tushib turardi. Lekin xonada o‘quvchilar va o‘qimoq uchun kelganlar soni ko‘p edi. Xayolimizda domlaning allaqanday bir sirli tomoni bor edi. Bizni qotmagina, kichik jussali, qorachadan kelgan, istarasi issiq, cho‘qqi soqol bir kishi kutib oldi. Bu nomi tilga tushgan muallim Avloniy edi. O‘qishga qabul qilindik. Ko‘p o‘tmay ko‘z oldimizda yangi bir dunyo ochilganiga to‘la ishonch hosil qildik. Maktab o‘quvchilari o‘qish yozishda, hisob masalalarini hal etishda, tabiat hodisalaridan xabardor bo‘lishlari, juda ko‘p she`r va hikoyalarni yod bilishlari bilan hammamizni lol qoldirishdi. Avloniy maktabi bizdan borgan bolalar bilan liq to‘ldi. Shu tariqa bu maktab tobora shuhrat topib bordi».
A. Avloniy birinchilardan bo‘lib ushbu maktabiga rus tilini o‘quv predmeti sifatida kiritdi. Bunday usuli jadid maktablari xalq o‘rtasida qanchalik shuhrat qozonmasin, mustamlakachi ma`murlarning katta qarshiliklariga duch keldi. Chunki ularning bu faoliyati chinakam fidoyilik edi. Hukumat mahalliy maktablarni va muallimlarini iqtisodiy ta`minlamagani yetmaganday, o‘qituvchilari, o‘qitadigan darslik va kitoblari, hatto o‘quvchilarigacha qattiq nazorat ostiga olgan edi. Abdulla Avloniy nomidagi Xalq Ta`lim xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markaziy institutidagi A. Avloniy memorial muzeyida Sirdaryo viloyat xalq o‘quv yurtlari inspektorining A.Avloniy nomiga yozgan so‘rovnomasi saqlanadi. Mazkur xujjat rus tilida bo‘lib, tarjimasi shunday:
“Toshkentning ruslar qismida yashovchi Mulla Abdulla Avlonovga” 1914-yil 26-fevraldagi arizangizga qo‘shimcha yozma ravishda quyidagilarni talab qilaman: Siz ochgan maktabda darslar qaysi darslik va dastur asosida olib boriladi? Darsliklar mualliflarining familiyalari kimlar? Darsliklar qachon va qayerda nashrdan chiqqan? Sirdaryo viloyat xalq o‘quv yurtlari inspektori: imzo.
Bunday ta`qib va tazyiqlar natijasida Avloniyning Mirobodda ochgan maktabi 1908-yilda yopib qo‘yildi. 1909-yilda u ikkinchi marta Degrez mahallasida maktab ochdi. Usuli jadid maktablari ochish, ularni xalq o‘rtasida targ‘ib-tashviq qilish bilan ish bitmas edi. Ularda yangicha o‘qitish usullaridan kelib chiqqan holda tuzilgan yangi darsliklar, o‘quv jihozlari suv bilan hovodek zarur edi: usuli savtiya metodi asosida yaratilgan alifbo darsliklari, o‘qish kitoblari, majmualar, turli fanlar bo‘yicha darsliklar yo‘q darajada edi. Jadid pedagoglaridan Hoji Muin Shukrullayevning quyidagi so‘zlari zamirida katta haqiqat yotar edi: «1901-yildan e`tiboran Qo‘qon va Toshkentda, 1903-yildan Samarqandda yangi maktablar ochila boshladi. Bu maktablar Turkistonning katta shaharlarida son jihatidan (taqlidiy suratda) bir daraja ko‘paygan bo‘lsa ham 4-5 yildan keyin yana kamayib, faqat ba`zi tuzuklari davom etdi. Buning bir sababi kitobsizlik bo‘lsa, boshqa sababi o‘qituvchilarning usuli ta`limdan xabarsizliklari edi».
Darsliklar yaratish, ularni nashrdan chiqarish ishlari katta bilim, malaka hamda mablag‘ talab qilar edi. Shuning uchun ham Toshkentda Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li, Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Buxoroda Abdulvohid Munzim, Shamidxo‘ja Mehriy, Sadriddin Ayniy, Qo‘qonda Hamza Hakimzoda, Ashirali Zohiriylar o‘lkada faoliyat ko‘rsatgan dastlabki xayriya jamiyati va shirkatlarining asoschilari edilar.
A.Avloniy 1909-yilda «Xayriya jamiyat» ochdi. Bu jamiyat Turkiston o‘lkasida ochilgan birinchi rasmiy jamiyat edi. Bu haqda Orenburgda chiqadigan
«Vaqt» hamda «Sadoyi Turkiston» gazetalarida xabar bosilgan. Jamiyatning 1909-yil 12 mayda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazganligi haqidagi Nizomda uning faoliyat doirasi aniq belgilangan. Unda yoshlarni o‘qitish, iqtidorli yoshlarni taraqqiyot etgan chet el oliy o‘quv yurtlariga yuborish, ularni stipendiya bilan ta`minlash, yangi ochilayotgan maktablar uchun darsliklar nashr etish, kambag‘al bolalarni bepul o‘qitish va o‘quv qurollari bilan ta`minlash kabi 41 moddadan iborat masalalar mavjud edi. Ushbu jamiyat qoshida «Turkiston kutubxonasi» shirkati tashkil etiladi. Shirkat0o‘z oldiga maktablar uchun darsliklar nashr etish, Rusiyaning turli o‘lkalarida nashr etilgan darsliklarni sotib olish va Turkiston maktablariga arzon narxlarda tarqatish maqsadini qo‘ygan edi.
Turkiston o‘lkasida yaratilgan deyarli hamma darsliklar «Turkiston kutubxonasi» da bosmadan chiqqan. Bunday darsliklar oxirida muallifi, narxi va qayerdan sotib olish manzili berilar edi. Masalan, Muhammad Rasul Rasuliyning«Bolalar bog‘chasi» darsligi oxirida shunday e`lonni o‘qiymiz: «Ibtidoiy maktablarning birinchi sinf shogirdlari uchun turli kitoblardan olinub, ochiq til va yengil tarkiblar ila yozilish qiroat kitobidur. Nashiri «Turkiston kutubxonasi». Murojaat uchun adres: Eski Toshkand «Turkiston kutubxonasi». Xayriya jamiyati o‘lkadagi barcha hur fikrli ziyoli yoshlarni, boylarni o‘z atrofiga birlashtirdi.
Abdulla Avloniy usuli jadid maktablarini darsliklar bilan ta`minlash ishiga alohida e`tibor berdi. 1905-1917-yillar orasida o‘nga yaqin darslik va qo‘llanmalar yaratdi. Ushbu alifbo darsligi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi alifbo qismida harflar tanitiladi, ularning so‘z o‘rniga qarab oladigan shakllari o‘rgatiladi. O‘qitishni soddaroq shaklga ega bo‘lgan harflardan boshlaydi, ya`ni darslar soddadan murakkabga o‘tib boradi.