Qiyosiy-chog‘ishtirma metod. Onomastik birliklar qo‘llanish xususiyatiga ko‘ra hududlararo farqli tomonlarga ega. Ana shunday farqlar qiyosiy-chog‘ishtirma metod yordamida aniqlanadi. Qiyosiy tahlil uchun har qanday onomastik birliklar (toponimlar, gidronimlar, urbonimlar, oykonimlar, odonimlar, antroponimlar va boshqalar) tanlab olinadi hamda ular orasidagi umumiy va farqli holatlar belgilanadi. Masalan, o‘zbek antroponimlari orasida umumturkiy qatlam bilan birga forscha-tojikcha, arabcha, so‘g‘dcha, mo‘g‘ulcha, xitoycha so‘zlar ham mavjud, ularni aniqlash uchun tadqiqotchi turli tillarga oid lug‘atlarga, tarixiy-etimologik manbalarga murojaat qiladi. Xuddi shunday holatni toponim, gidronim kabi boshqa onomastik birliklarda ham uchratish mumkin. Prof.T.Nafasovning fikricha, SHahrisabz – forscha-tojikcha izofa. Ma’nosi yashil shahar, bog‘-rog‘lari ko‘p shahar. YOki fransuz tilidan rus tiliga, rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tgan vokzal so‘zi XX asrning 80-yillari oxirida shohbekat deb tarjima qilinadigan bo‘ldi. Vokzal deganda asosan temir yo‘l vokzali tushuniladi. Temir yo‘l yoki avtoshohbekat atrofidagi mahallalar keyinchalik SHohbekat deb nomlandi28. FHDYO idoralaridagi yangi tug‘ilganlarga berilgan ismlar ro‘yxatlarini qiyosiy-chog‘ishtirma metod asosida o‘rganib, ism qo‘yishdagi umumiy va farqli holatlarni aniqlash mumkin. Masalan, 1971-1975 yillardagi ana shunday ro‘yxatlarni qiyoslab, Grodno viloyatida beloruslar va ruslarning ism qo‘yishdagi umumiy belgilari aniqlangan. Bunday umumiylik 35 % o‘g‘il bolalar ismlarida, 27 % qiz bolalarning ismlarida uchraydi. Xuddi shunday qiyoslashlar orqali antroponimlar rivojidagi tarixiy evolyusiyani ham aniqlash mumkin29. Nomshunoslikda qiyosiy-chog‘ishtirma tadqiqotlar sinxron va diaxron aspektlarda olib boriladi. Bunday kuzatishlar sof lingvistik, lingvosotsiologik (Gulchehra SHodievna – Gulchehra SHodi qizi; Ahmadjon Turdiqulovich – Ahmadjon Turdievich kabi), psixologik (Aysha – Ayshe - Oysha – Oyshabonu – Oyshaxon – Oyshabeka – Oyshabibi; Kumushoy – Kumushbibi – Kumushxon – Kumush kabi), etnomadaniy (masalan, Bo‘ri, Tulki, Bolta, Tesha, O‘roq kabi ismlar hozir deyarlik qo‘yilmaydi). SHu asosda tillar orasidagi onomastik universaliyalarni aniqlash imkoniyati vujudga keladi.
Semiotik metod. Bu metodda so‘zlar – onomastik birliklar asosiy rol o‘ynamaydi, balki ular ifodalaydigan ishora va belgilar etakchi vazifa bajaradi. Masalan, Qirqqiz tog‘i, Yakkatog‘, Yakkabog‘, Uchtepa, To‘rtko‘l, To‘rtayg‘ir, Beshariq, Oltio‘g‘il, Oltiariq, Mingo‘rik kabi toponimlar tarkibidagi son komponent (qirq, yakka, uch, to‘rt, besh, olti, ming kabi) bu toponimik ob’ektlarning nomlanishida miqdor tushunchasi etakchi ekanligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.