Ona tilim -bebaho qadriyat.
Reja:
Kirish: Ona tili-millatning ruhi
Asosiy qism:
1.O’zligimiz timsoli-ona tilim.
2.Alisher navoiy o’zbek adabiy tilining asoschisi.
Xulosa: Ona tilim-bebaho qadriyat.
“Dunyoda millatning borligini bildiradigan oynayi hayoti bu uning tili va adabiyotidadir”
Abdulla Avloniy
Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi,orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsoli, desam mubolog’a bo’lmaydi. U millatni yagona xalq sifatida o’z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o’z Vatani, oilasi bo’lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo’ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo’lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo’ladi. Hattoki, go’dak ham o’z vatanini, ota-onasini, dunyoni o’z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o’rni beqiyos bo’lganidek, insonning hayotda o’z o’rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o’rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, mehr-muhabbat alanga oladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek : “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.Suvsiz daryo bo’lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Biror millatga mansub bo’lgan til, o’sha millat bilan yashaydi va bardavom bo’ladi. Ota-bobolarimiz qadimdan tilni asrab avaylashgan, rivojlantirishgan. Masalan, A.Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Lutfiy va boshqalar. O’zbek tilining rivoji uchun beqiyos hissa qo’shganlar.
Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o'zining ahamiyatini yo'qotmay kelmoqda. O'zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog'imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o'z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg'otgan.O'zbekistonning har bir fuqarosi o'z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va e'zozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko'zgusi”, - deyishmaydi.1989 yil 21 oktyabr`. "Davlat tili haqida"gi Qonun qabul qilinib, o'zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo'lgan ona tilimiz o'zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yildi. Shu tariqa o'zbek tili davlatimizning bayrog'i gerbi, madhiyasi kabi qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatori e'zoz va ehtiromga sazovor bo'ldi. Keyingi yillarda Davlat tilining ijtimoiy hayotda tutgan mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21 oktyabrdagi farmoni bilan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo'linmasi hisoblangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Bundan ko'zlangan maqsad Davlat tilini rivojlantirish, davlat tilining amal qilishi bilan bog'liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo'yicha takliflar tayyorlash, o'zbek tilining yozma matni me'yor va qoidalarini ishlab chiqishdan iborat.Milliy tilimizga, ona tilimizga bo'lgan e'tibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o'rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purma'no fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini ko'rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo'qotmak millat ruhini yo'qotmakdur” (M.Behbudiy). e'tibor beryapsizmi, milliy tilni yo'qotmak millat tilini yo'qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so'zlarning zalvori ikki hissa ortadi.
Turkiy tillar oilasiga mansub bo’lgan o’zbek tilimiz bizning bebaho boyligimizdir. So’z mulkining sultoni,buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zi yashagan murakkab davr – XV asrda tilimiz ximoyasiga otlanib, turkiy til o‘z imkoniyatlari jihatidan boshqa tillardan sira qolishmasligini ilmiy va amaliy jihatdan isbotlab berdi. O‘zining “Hamsa” kabi shoh asarini turkiy tilda yaratdi. XI asrda o‘zbek tilida original va tarjima asarlari yaratgan o‘tmishdoshlarining tajribasini davom ettirgan Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Amiriy, Gadoiy va Yaqiniy kabi isteʼdodli shoirlar o‘zbek adabiyotini ravnaq toptirish bilan birga, o‘zbek adabiy tili taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shdi. Ammo Navoiy «Majolisun nafois»ning ikkinchi bobida ko‘rsatganidek, turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlar son jihatidan nihoyatda oz edi: 90 shoirdan 16 tasi turkiygo‘y ekan. Bundan tashqari, ko‘pgina o‘zbek shoirlari, Navoiyning taʼkidlashicha, o‘zbek tilining boyligi va keng imkoniyatlaridan foydalanishga kam eʼtibor berardi.Qolaversa, shoir “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida o‘zi to‘g‘risida gapirib, sheʼr yozishni fors tilida boshlaganini aytadi. Lekin tushunish yoshiga yetib, turkiy til haqida fikr yuritish ehtiyoji tug‘ilgach, uning ko‘z o‘ngida zebu ziynatlari son-sanoqsiz o‘n sakkiz ming olamdan ortiq olam namoyon bo‘lgani, fazilat va yetuklikda chek-chagarasi bo‘lmagan to‘qqiz falakdan ortiq falak ko‘rgani, dur va gullari yulduzlardan ravshanroq xazina va gulshan uchratgani, ammo bu olamga hech kimning qadami yetmagani va qo‘li tegmagani haqida yozadi: “Chun mazkur bo‘lg‘on qoida bilakim, ado topti – mayl forsiy sari bo‘ldi. ... o‘n sakkiz ming olamdin ortuq, anda zebu ziynat; va sipehre tabʼga maʼlum bo‘ldi, to‘qquz falakdin ortuq, anda fazlu rifʼat; va maxzane uchradi, durlari kavokib gavharlaridin raxshandaroq; va gulshane yo‘luqti, gullari sipehr axtaridin duraxshan- daroq; harimi atrofi el ayog‘i yetmakdin masun va ajnosi g‘aroyibi g‘ayr ilgi tegmakdin maʼmun. Ammo maxzanining yiloni xunxor va gulshanining tikani behaddu shumor. Xaylga keldikim, hamonoki, bu yilonlar neshi nashtaridin tabʼ ahli xiradmandlari bu maxzandin bahra topmay o‘tupturlar va ko‘ngulga andoq evruldikim, go‘yo bu tikanlar sarzanishi zararidin nazm xayli guldastabandlari bu gulshandin bazm tuzgucha gul iliklay olmay yo‘l tutubdurlar”.Shu tariqa, «Bu til dag‘al, unda yuksak sanʼat asarlari yaratib bo‘lmay- di», degan fikriga zarba berish, o‘zbek tilining yashirinib qolg‘an xazinalarini ochish va uni ilm ahliga, sheʼr muxlislariga tushuntirish kabi muhim vazifani Alisher Navoiy ko‘tarib chiqdi.Bobur aytmoqchi, “Alisherbek naziri yoq kishi erdi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”.Binobarin, Yassaviy, Rabg‘uziy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy singari adiblar adabiy tilning boshlovchilari sanalsa, hazrat Navoiy bu tilni kamolotga yetkazdi, yuksak cho‘qqiga olib chiqdi. Arab tili ilmiy til, fors-tojik tili badiiy adabiyot tili sifatida shuhrat topgan bir paytda 30 tan ortiq asarini o‘zbek tilida yozib, o‘zbek mumtoz adabiy tilini har tamonlama asoslab berdi.Ikkinchidan, Navoiygacha bo‘lgan adabiy til tarqoq holda edi, o‘g‘uz, qipchoq, o‘g‘uz-qipchoq, qarluq kabi. Navoiy katta hududdagi lahjalarni birlashtirib, yagona adabiy til holiga keltirdi, uning tepasida o‘zi turdi. Mazkur til uzoq yillar davomida o‘zbeklar va atrofdagi boshqa turkiy tillar uchun adabiy til sifatida xizmat qildi. Ayni paytda, mutafakkir “Farhod va Shirin” dostonida ushbu til Xitoydan Xurosongacha, jumladan, Sheroz va Tabrizgacha tarqalgani haqida maʼlumot berib o‘tadi. Uchinchidan, so‘z mulkining sohibqironiga qadar biror ijodkor til nazariyasi bilan shug‘ullangan emas. Shoir umrining oxirgi paytlarida juda katta hayotiy va ijodiy tajribasini sarhisob qilayotgan davrida, yaʼni 1499 yilda yozilgan «Muhokamatul – lug‘atayn» risolasida mutafakkir oltoy tillari oilasiga kiruvchi turkiy, yaʼni o‘zbek tili bilan hind-yevropa tillariga mansub sart (forsiy) tilini fonetik, leksik va grammatik jihatdan solishtirib, chog‘ishtirma tilshunoslikka asos soldi.
Vatanimiz mustaqilligining ma'naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o'zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, o'zbek tilining shon-shuhrati, obro'si borgan sari yildan yilga oshib bormoqda. Sport, fan, madaniyat va san'at sohasida O'zbekiston yoshlarining sa'y-harakatlari beqiyosdir. Yurt kelajagi bo'lgan biz yosh avlod o'z harakatlarimiz bilan o'zbek tilini butun dunyo tan olishi, uning rivojlanishiga juda katta hissa qo'shishimiz lozim. Shu jumladan, O'zbekiston yoshlari qatorida men ham ona tilimiz sofligini saqlash, uni yanada yuksaltirishga o'z hissamni qo'shish uchun astoydil harakat qilaman. Xalqimizning barcha fuqarolariga davlat tilining 33yillik tantanali bayrami muborak bo’lsin.”Ezgu so’z , ezgu amal,ezgu fikr” qalbimizni to’lin oy kabi munavvar etsin.