Dermatit-terining kasallanishi, u qizil dog`lar paydo bo`lishi bilan xarakterlanadi.
Diareya – me`da -ichakda ovqat hazm bo`lishining buzilishi va ich ketishi bilan xarakterlanadi.
Demensiya - markaziy nerv tizimining funksiyasi, ya`ni odamning ruhiy faoliyati buzilishi bilan xarakterlanadi.Bu vitamin jigarda, buyrakda, mol go`shtida, no`xat va loviya tarkibida bo`ladi.
C vitamin (askorbin kislota) moddalar almashinuvida, ayniqsa, oqsillar va uglevodlar almashinuvida muhim rol o`ynaydi.Uning yetishmasligi tufayli singa kasalligi yuzaga keladi.Bu kasallik odamda umumiy holsizlik, tez charchash, milklar shishib, qizarib bo`shashib qolishi, tishlar qimirlab tushib ketishi, tishlarni tish cho`tka bilan tozalaganda milk qonashi bilan xarakterlanadi.Bu vitamin ho`l mevalarda, sabzavotlarda, ayniqsa, limon, apelsin, mandarin, karam, pomidor, piyoz tarkibda ko`p bo`ladi.
D vitamin organizmda kalsiy va fosfor almashinuvi normal o`tishida ishtirok etadi.U ayniqsa, ikki-uch yoshgacha bo`lgan bolalar suyagining normal shakllanishi, o`sishi va rivojlanishida katta ahamiyatga ega.Bu vitamin yetishmasligi natijasida yosh bolalarda raxit kasalligi yuzaga keladi.Bu kasallik bolaning uch-to`rt oyligidan boshlanishi mumkin.
Ovqat normasi. Yuqorida aytilgandek, odam bajaradigan ishning turiga qarab, sarflaydigan energiyasi turlicha bo`ladi, ya`ni aqliy mehnat bilan shug`ullanuvchilar ozroq, jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilar esa nisbatan ko`proq energiya sarflaydi.Sarflangan energiya miqdoriga qarab, bir kecha-kunduzgi ovqat ratsioniga qo`shiladigan oziq moddalarning miqdori odamning kasbiga, yoshiga qarab turlicha belgilanadi.Ovqat miqdorini belgilashda ob-havo, iqlim hisobiga olinadi, ya`ni yozning issiq kunlari ovqat tarkibida go`sht, yog` kabi qiyin hazm bo`ladigan va ko`p energiya hosil qiladigan moddalar kamaytirilib, meva, sabzavot va uglevodlar ko`paytiriladi.Qish faslida ovqat tarkibida go`sht, yog` mahsulotlari miqdori ko`p bo`lishi talab etiladi.Chunki, sovuq vaqtda odam organizmidan tashqi muhitga issiqlik ajralishi ko`payadi.
Gigiyena fanida aniqlanishicha, o`rta yoshli, aqliy va yengil jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilarning bir kecha-kunduzgi ovqat ratsioni quyidagicha bo`lishi mumkin:
go`sht – 100-150 g (haftada ikki marta shuncha miqdorda baliq iste`mol qilish mumkin);
yog` - 100 g bo`lib, yarmi mol yog`i va yarmi o`simlik (paxta, zig`ir, kungaboqar) moyi bo`lishi lozim;
tuxum – ikki kunda bir dona (go`sht, baliq bo`lmaganda ularning o`rniga tuxumni 3-4 tagacha ko`paytirish mumkin);
sut va sut mahsulotlari – 300-500 g, tvorog 50-100 g (shuncha miqdorda qaymoq, pishloq iste`mol qilish mumkin);
non – 400 g, shuning yarmi oq non va yarmi qora non bo`lishi kerak;
don va xamirdan tayyorlangan mahsulotlar – 40-60 g (guruch, mosh, no`xat, loviya, grechka, makaron, vermishel, lag`mon, ugra kabilara).Bu mahsulotlar har kuni almashtirib ishlatiladi;
qand-shakar – 30-35 g;
kartoshka – 200-300 g;
sabzavotlar – 200-400 g (karam, sabzi, piyoz, lavlagi, turp, sholg`om kabilar). Bular miqdori ko`p bo`lsa ham zarar qilmaydi.Sabzavotlarning yarmi xom holatda iste`mol qilingani ma`qul;
mevalar – 200-400 g, ko`p bo`lsa ham zarar qilmaydi;
tuz 5-6 g (sabzavotlarga tuz sepmasdan iste`mol qilgan ma`qul, ya`ni tuzni faqat issiq ovqatga ishlatish lozim, chunki tuzni ko`p iste`mol qilish skleroz hamda buyrak va jigar tosh kasalliklariga sabab bo`lishi mumkin).
Yuqorida ko`rsatilgan ovqat mahsulotlarining bir kecha-kunduzgi miqdori og`ir jismoniy mehnat qiluvchilar uchun 30-50 % ga ko`paytiriladi.
Tashqi muhit harorati yuqori bo`lganda ovqat hazm bo`lishining xususiyatlari.
Tashqi muhitning yuqori harorati odam organizmining fiziologik jarayonlariga ma`lum darajada salbiy ta`sir ko`rsatadi.O`zbekistonda yoz faslida havo harorati soya joyda +40 +47º gacha ko`tariladi, havoning nisbiy namligi esa anchagina kamayadi.Bunday sharoitda nafas olish tezlashadi, ter ajralishi ko`payadi.Natijada kishi organizmi ko`p suv yo`qotadi, qon quyuqlashadi.Hujayra ichidagi suyuqlikning bir qismi qon tomirlariga o`tishi tufayli hujayra va to`qimalarda suv kamayadi.Shunung uchun odam ko`p chanqaydi.Agar tez-tez yetarli miqdorda suv ichib turilmasa,og`izning shilliq pardalari, til quriydi, kishining tanasi qiziydi, natijada tana harorati ko`tariladi va odam o`zini noxush sezadi, ish qobiliyati pasayadi, tez charchaydi.
Tashqi muhitning issiq harorati ovqat hazm qilish a`zolari faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.Yoz faslida so`lak bezlarining, me`da-ichaklarning shilliq pardasi ostida joylashgan mayda bezlarning, me`da osti bezining faoliyati susayadi.Bu bezlardan so`lak va shira ajralishi kamayadi.Me`da-ichaklarning peristaltik va mayatniksimon harakatlari sustlashadi.
Shuning uchun yozning issiq kunlarida kishining ishtahasi bo`g`iladi, ayniqsa yog`li, go`stli, qovurilgan ovqatlarning hazm bo`lishi qiyinlashadi, qorin dam bo`ladi.Yoz kunlari kishi organizmi, asosan suv hamda suyuq ovqatlarni, meva va ko`katlarni ko`proq iste`mol qilishni talab qiladi.Kalloriyaga boy yog`li ovqatlarni iste`mol qilish kamayganligi uchun kishi yoz kunlari tez charchaydi, ish qobiliyati pasayadi.
Yoz kunlarida me`da-ichaklarda shira ajralishining kamayishi, ular harakat funksiyasining pasayishi ovqatning hazm bo`lishi va so`rilishini sekinlashtiradi.Buning natijasida ichaklarda mikroblarning ko`payishi uchun sharoit tug`iladi.Bundan tashqari, issiq sharoitda tayyorlangan taomlar tez buziladi, chunki ularga tushgan mikroblar tez ko`payadi va o`zidan zaharli moddalar ishlab chiqaradi.
Ovqat hazm qilish a`zolari gigiyenasi.
Gigiyena qoidalariga rioya qilish ovqat hazm qilish a`zolarining faoliyati normal bo`lishida va me`da-ichak kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.Hazm qilish a`zolari gigiyenasi og`iz bo`shlig`i gigiyenasidan boshlanadi.Og`iz bo`shlig`ini parvarish qilish va toza tutish og`izning shilliq pardasining yallig`lanishdan, og`izda yara paydo bo`lishidan, tishlarni kasallanishdan va og`izda yoqimsiz hid paydo bo`lishidan saqlaydi.Tishlarning sadafdek yaltirab turishi, milk va lablarning tiniq qizg`ish rangda bo`lishi odamning sog`li`gidan va madaniyatidan dalolat beradi.Buning uchun har gal ovqatlangandan keyin og`izni iliq suv bilan chayish kerak.Kechki uyqu oldidan albatta tishni tish shyotkasi bilan milk tomonidan uch tomoniga yuritish kerak.Ana shunda tishlar orasidagi ovqat qoldiqlari chiqib ketadi va milk massaj qilinadi. Milkning massaj qilinishi tishlar ildizining qon bilan ta`minlanishini yaxshilaydi.
Og`iz bo`shlig`i va tishni parvarish qilishga e`tibor berilmasa ular orasidagi ovqat qoldig`ida mikroblar ko`payadi. Tishlar yuzasida sarg`ish rangli dog` paydo bo`ladi, og`izdan yoqimsiz hid keladi, milk va tishlarga so`lak tarkibidagi mineral tuzlar o`tirib, tishda tosh hosil qiladi.Bundan tashqari, tishlar orasida ko`paygan mikroblar milkni yallig`lantiradi, tishlarning kasallanishiga sabab bo`ladi.
Ovqat hazm qilish a`zolarini kasalliklardan saqlashda tozalikka rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Afsuski, ba`zilar eshik dastasi, transport vositalari, pul va boshqa buyumlarni ushlagandan va boshqalar bilan qo`l berib so`rashgandan keyin qo`lni yuvmaydi, shuningdek, bozor va do`konlardan xarid qilingan mevalarni yuvmasdan iste`mol qilaveradi.Bu esa ichburug` (dizenteriya), yuqumli gepatit kasalligi, salmonellyoz (ovqatdan zaharlanish), ich terlama (qorin tifi) kabi kasalliklarning yuzaga kelishiga sabab bo`ladi. Ovqat hazm qilish a`zolarining faoliyati normal bo`lishida idish-tovoqning tozaligi, taomlarning sifatli tayyorlanishi, tashqi ko`rinishi, yoqimli hidi, ta`mi katta ahamiyatga ega.Ta`m va hid bilish a`zolari orqali ovqatlanish shartli reflekslari qo`zg`atiladi.Bu esa og`izda so`lak va me`da-ichaklarda shira ajralishini kuchaytiradi hamda ishtahani ochadi.
Ovqat hazm qilish a`zolarining funksiyasi normal bo`lishida ovqatlanish gigiyenasiga e`tibor berish muhim ahamiyatga ega.Me`dada aralash ovqatlar o`rtacha to`rt soat davomida saqlanadi va hazm bo`ladi. Shuning uchun har to`rt soatda ovqatlanish zarur.Agar ovqatlanish orasidagi vaqt to`rt soatdan kam bo`lsa, ovqat moddalari me`dadan o`n ikki barmoq ichakka o`tib ulgurmaydi.Buning oqibatida eski ovqat bilan yangi ovqat aralashib, me`daning normal faoliyati buziladi va qorin dam bo`ladi.Aksincha ovqatlanish orasidagi vaqt 4 soatdan ko`p bo`lsa, me`da bo`shab qoladi va uning bezlaridan ishlab chiqarilgan fermentlar va xlorid kislota me`da shilliq pardasiga ta`sir etib, uni yallig`lantiradi. Ovqatlanish tartibining buzilishi tez-tez takrorlanib tursa, surunkali gastrit va me`daning yara kasalligi yuzaga kelishi mumkin.