Reja: Mantiq fanining predmeti va ahamiyati



Yüklə 20,52 Kb.
tarix05.12.2023
ölçüsü20,52 Kb.
#173055
Mantiq


Mantiq.
REJA:
1. Mantiq fanining predmeti va ahamiyati.
2. Tafakkurning mantiqiy shakllari va qonunlari
3.To‘g‘ri muhokama yuritishning mantiqiy tamoyillari: fikrning aniqligi, izchilligi va etarli asosga ega bo‘lishi.

Kelib chiqishiga ko‘ra arabcha bo‘lgan “mantiq” (grekcha–logos) atamasi «fikr», «so‘z», «aql», «qonuniyat» kabi ma’nolarga ega. Uning ko‘pma’noligi turli xil narsalarni ifoda qilishda o‘z aksini topadi. Xususan, mantiq so‘zi, birinchidan, ob’ektiv olam qonuniyatlarini (masalan, «ob’ektiv mantiq», «narsalar mantig‘i» kabi iboralarda), ikkinchidan, tafakkurning mavjud bo‘lish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan, fikrlar o‘rtasidagi aloqadorlikni xarakterlaydigan qonun-qoidalar yig‘indisini (masalan, «sub’ektiv mantiq» iborasida) va uchinchidan, tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fanni ifoda etishda ishlatiladi.


Mantiq ilmining o‘rganish ob’ektini tafakkur tashkil etadi. «Tafakkur» ham arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilidagi «fikrlash», «aqliy bilish» so‘zlarining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Tafakkur bilishning yuqori bosqichidir. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun bilish jarayonida tutgan o‘rni, bilishning boshqa shakllari bilan bo‘lgan munosabatini aniqlab olish zarur.
Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida sub’ektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat. Bilish jarayonining asosini va oxirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi. Barcha hollarda bilish insonning hayotiy faoliyati bilan u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan, uning ma’lum bir ehtiyojini qondirishi mumkin bo‘lgan narsalarni tushunib etishga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Bilish jarayonini amalga oshirar ekan, kishilar o‘z oldilariga ma’lum bir maqsadni qo‘yadilar. Ular o‘rganilishi lozim bo‘lgan predmetlar doirasi, tadqiqot yo‘nalishi, shakllari va metodlarini belgilab beradi.
Bilish murakkab, ziddiyatli, turli xil darajalarda va shakllarda amalga oshadigan jarayondir. Uning dastlabki bosqichini hissiy bilish – insonning sezgi organlari yordamida bilishi tashkil etadi. Bu bosqichda predmet va hodisalarning tashqi xususiyatlari va munosabatlari, ya’ni ularning tashqi tomonida bevosita namoyon bo‘ladigan va shuning uchun ham inson bevosita seza oladigan belgilari haqida ma’lumotlar olinadi.
Hissiy bilishning barcha shakllariga xos bo‘lgan xususiyatlari qatoriga quyidagilar kiradi:
Birinchidan, hissiy bilish ob’ektning (predmetning yoki uning birorta xususiyatining) sub’ektga (individga, to‘g‘rirog‘i, uning sezgi organlariga) bevosita ta’sir etishini taqozo etadi. Tasavvur ham bundan istisno emas. Unda obrazi qayta hosil etilayotgan (yoki yaratilayotgan) predmet emas, u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa predmet–signal ta’sir etadi.
Ikkinchidan, hissiy bilish shakllari: sezgi, idrok va tasavvur predmetning tashqi xususiyatlari va munosabatlarini aks ettiradi.
Uchinchidan, hissiy bilish shakli predmetning yaqqol obrazidan iborat.
To‘rtinchidan, hissiy bilish konkret individlar tomonidan amalga oshirilganligi uchun ham har bir alohida holda konkret insonning sezish qobiliyati bilan bog‘liq tarzda o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi.
Beshinchidan, hissiy bilish bilishning dastlabki va zaruriy bosqichi hisoblanadi. Usiz bilish mavjud bo‘la olmaydi. CHunki inson tashqi olam bilan o‘zining sezgi organlari orqali bog‘langan. Bilishning keyingi bosqichi, boshqa barcha shakllari sezgilarimiz bergan ma’lumotlarga tayanadi.
Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, hissiy bilish tafakkur bilan uzviy bog‘liq. Xususan, nazariy bilimlarning chinligi oxir-oqibatda empirik talqin qilish yo‘li bilan, ya’ni tajribada bunday bilimlarning ob’ektini qayd etish orqali asoslanadi. O‘z navbatida, hissiy bilish, umuman olganda, aql tomonidan boshqarilib turadi, bilish oldida turgan vazifalarni bajarishga yo‘naltiriladi, ijodiy fantaziya elementlari bilan boyitiladi. Masalan, guvohlarning bergan ko‘rsatmalari asosida jinoyatchining portreti (kompyuter yordamida fotoroboti yaratiladi yaqqol his qilinadi va qidiriladi. 
Lekin, shunga qaramasdan, hissiy bilish o‘z imkoniyatlari chegarasiga ega. U bizga alohida olingan predmetlar (yoki predmetlar to‘plami), ularning tashqi belgilari haqida ma’lumot beradi. Unda mavjud predmetlar o‘rtasidagi aloqadorlik (masalan, muz bilan havoning harorati o‘rtasidagi bog‘lanish) o‘rganilmaydi, predmetlarning umumiy va individual, muhim va nomuhim, zaruriy va tasodifiy xususiyatlari farq qilinmaydi.
Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori-ratsional (lotincha ratio – aql) bilish bosqichi bo‘lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog‘lanishlar aks ettiriladi. Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
Tafakkurda voqelik mavhumlashgan va umumlashgan holda in’ikos qilinadi. Hissiy bilishdan farqli o‘laroq, tafakkur bizga predmetning nomuhim, ikkinchi darajali (bu odatda bilish oldida turgan vazifa bilan belgilanadi) belgilaridan fikran chetlashgan, mavhumlashgan holda, e’tiborimizni uning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi. Xususan, turli kishilarga xos individual belgilarni (xulq-atvor, temperament, qiziqish va shu kabilar) e’tibordan chetda qoldirgan holda, ular uchun umumiy, muhim belgilarni, masalan, ongga ega bo‘lish, maqsadga muvofiq holda mehnat qilish, ijtimoiy munosabatlarga kirishish kabi xislatlarni ajratib olib, «inson» tushunchasini hosil qilish mumkin. Umumiy belgilarni aniqlash predmetlar o‘rtasidagi munosabatlarni, bog‘lanish usullarini o‘rnatishni taqozo etadi. Turli xil predmetlar fikrlash jarayonida o‘xshash va muhim belgilariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa ularning mohiyatini tushunish, ularni xarakterlaydigan qonuniyatlarni bilish imkoniyati tug‘iladi. Masalan, yuqorida keltirilgan «inson» tushunchasida barcha kishilar bitta mantiqiy sinfga birlashtirilib, ular o‘rtasidagi muhim bog‘lanishlar (masalan, ijtimoiy munosabatlar) bilib olinadi.
Tafakkur borliqni nafaqat bevosita, balki bilvosita tarzda ham aks ettira oladi. Unda yangi bilimlar tajribaga har safar bevosita murojaat etmasdan, mavjud bilimlarga tayangan holda hosil qilishi mumkin. Fikrlash bunda predmet va hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi. Masalan, bolaning xulq-atvoriga qarab uning qanday muhitda tarbiya olganligi haqida fikr yuritish mumkin. Tafakkurning mazkur xususiyati, ayniqsa, xulosaviy fikr hosil qilishda aniq namoyon bo‘ladi.
Tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat. Unda bilish jarayoni borliqda real analogiga ega bo‘lmagan narsalar – yuqori darajada ideallashgan ob’ektlar (masalan, absolyut qattiq jism, ideal gaz kabi tushunchalar)ni yaratish, turli xil formal sistemalarni qurish bilan kechadi. Ular yordamida predmet va hodisalarning eng murakkab xususiyatlarini o‘rganish, hodisalarni oldindan ko‘rish, bashoratlar qilish imkoniyati vujudga keladi.
Tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud. Fikr ideal hodisadir. U faqat tilda – moddiy hodisada (tovush to‘lqinlarida, grafik chiziqlarda) reallashadi, boshqa kishilar bevosita qabul qila oladigan, his etadigan shaklga kiradi va odamlarning o‘zaro fikr almashish vositasiga aylanadi. Boshqacha aytganda, til fikrning bevosita voqe bo‘lish shaklidir.
Tafakkur uch xil shaklda: tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish shaklida mavjud.
Tafakkur shakli fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bog‘lanish usuli, uning strukturasi (tuzilishi)dir. Fikrlash elementlari deganda, predmetning fikrda ifoda qilingan belgilari haqidagi axborotlar tushuniladi. Tafakkur shaklining tabiatini konkret misollar yordamida ko‘rib chiqamiz.
Ma’lumki, ayrim predmetlar, ularning sinfi (to‘plami) kishilar tafakkurida turli xil mazmunga ega bo‘lgan tushunchalarda aks ettiriladi. Masalan, «davlat» tushunchasida o‘zining maydoniga, aholisiga, boshqaruv vositalariga ega bo‘lgan siyosiy tashkilot aks ettiriladi. “Milliy g‘oya” tushunchasida esa millatning, xalqning kelajak bilan bog‘liq orzu-havaslari, maqsadlari, tub manfaatlari ifoda etiladi. Mazmun jihatidan turli xil bo‘lgan bu tushunchalar mantiqiy shakliga ko‘ra bir xildir: har ikkalasida predmet uning muhim belgilari orqali fikr qilingan. Xususan, «o‘z maydoniga egaligi», «aholisining mavjudligi», «boshqaruv vositalarining bor ekanligi», «siyosiy tashkilotdan iboratligi» davlatning muhim xususiyatlari hisoblanadi. Xuddi shuningdek, «millatning orzu-havaslari, maqsadlarini aks ettirishi», «uning tub manfaatlarini ifoda etishi» milliy g‘oyaning muhim belgilaridir. Agar tushuncha aks ettirayotgan predmetni A bilan, unda fikr qilinayotgan muhim belgilarni, ya’ni fikrlash elementlarini a, v, s,..., n bilan belgilasak, tushunchaning mantiqiy strukturasini A (a, v, s,..., n) shaklida simvolik tarzda ifodalash mumkin.
Hukmlarda predmet bilan uning xossasi, predmetlar o‘rtasidagi munosabatlar, predmetning mavjud bo‘lish yoki bo‘lmaslik fakti haqidagi fikrlar tasdiq yoki inkor shaklda ifoda etiladi. Masalan, «YUksak ma’naviyat-engilmas kuch» degan hukmda predmet (yuksak ma’naviyat) bilan uning xossasi (engilmas kuch) o‘rtasidagi munosabat qayd etilgan. «Axloq huquq bilan uzviy aloqada» degan hukmda ikkita predmet (axloq va huquq) o‘rtasidagi munosabat qayd etilgan. Mazmun jihatdan turli xil bo‘lgan bu hukmlar tuzilishiga ko‘ra bir xildir: ularda predmet haqidagi tushuncha (S) bilan predmet belgisi haqidagi tushuncha (P) o‘rtasidagi munosabat qayd etilgan, ya’ni R ning S ga xosligi tasdiqlangan. Umumiy holda hukmning mantiqiy strukturasini (shaklini) S—R formulasi yordamida ifoda etish mumkin.
Xulosa chiqarishda ham yuqoridagiga o‘xshash hollarni kuzatish mumkin. Masalan,
“Daraxt – o‘simlik”.
“Terak – daraxt”.
Demak, “Terak – o‘simlik”.
yoki
“Har bir kimyoviy element o‘z atom og‘irligiga ega”.
“Mis – kimyoviy element”.
Demak, “Mis o‘z atom og‘irligiga ega” kabilar.
Bu xulosa chiqarish hollari mazmuni bo‘yicha turlicha bo‘lishiga qaramasdan, bir xil mantiqiy strukturaga ega. Har ikkalasida xulosani tashkil etuvchi tushunchalar xulosa chiqarish uchun asos bo‘lib xizmat qilayotgan hukmlarda uchinchi bir tushuncha (birinchi misolda – «daraxt», ikkinchi misolda – «kimyoviy element» tushunchasi) orqali bog‘langan.
Yuqoridagi keltirilgan misollardan tafakkur shakli fikrning konkret mazmunidan nisbatan mustaqil holda mavjud bo‘lishi va, demak, o‘ziga xos qonuniyatlarga egaligi ma’lum bo‘ldi. SHuning uchun ham mantiqda uni alohida o‘rganish predmeti sifatida olib qarash mumkin.
Tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish tafakkurning universal mantiqiy shakllari, uning asosiy strukturaviy elementlari hisoblanadi. Muhokama yuritish ana shular va ularning o‘zaro aloqalarga kirishishi natijasida vujudga keladigan boshqa mantiqiy strukturalar (masalan, muammo, gipoteza, nazariya, g‘oya va shu kabilar)da amalga oshadi.
Muhokama yuritishda ishonchli natijalarga erishishning zaruriy shartlari qatoriga fikrning chin bo‘lishi va formal jihatdan to‘g‘ri qurilishi kiradi. CHin fikr o‘zi ifoda qilayotgan predmetga muvofiq keluvchi fikr hisoblanadi (masalan, «temir – metall»). Xato fikr predmetga mos kelmaydigan fikrdir (masalan, «temir – metall emas»). Fikrning chin yoki xato bo‘lishi uning mazmuniga tegishli xususiyatlaridir.
Fikrning chin bo‘lishi mantiqiy fikr yuritishning zaruriy sharti bo‘lsa-da, o‘z holicha etarli emas. Fikr muhokama yuritish jarayonida formal jihatdan to‘g‘ri qurilgan ham bo‘lishi kerak. Bu xususiyat fikrning shakliga taalluqli bo‘lib, tafakkurda hosil bo‘ladigan turli xil mantiqiy strukturalarda sodir bo‘ladigan har xil mantiqiy amallarda o‘z aksini topadi.
Fikrni to‘g‘ri qurishga tafakkur qonunlari talablariga rioya qilgandagina erishish mumkin. Tafakkur qonuni muhokama yuritish jarayonida qatnashayotgan fikrlar (fikrlash elementlari) o‘rtasidagi mavjud zaruriy aloqalardan iborat. Tafakkur qonunlari mazmunidan kelib chiqadigan, muhokamani to‘g‘ri qurish uchun zarur bo‘lgan talablar fikrning aniq, izchil, etarli darajada asoslangan bo‘lishidan iborat.
Muhokamani to‘g‘ri qurish bilan bog‘liq talablar haqida gapirganda, birinchi navbatda, ularning muayyan prinsiplar, qoidalar tarzida, ya’ni to‘g‘ri tafakkur prinsiplari sifatida amal qilishiga e’tibor berish zarur. Mazkur qoidalarning buzilishi muhokamaning noto‘g‘ri qurilishiga sabab bo‘ladi. Bunda, xususan, chin fikrlardan xato xulosa chiqishi (masalan, «Qonun – rioya qilish zarur bo‘lgan huquqiy hujjat», «Buyruq – qonun emas», demak, «Buyruq – rioya qilish zarur bo‘lgan huquqiy hujjat emas») yoki xato qurilgan muhokamadan chin xulosa chiqishi (masalan, «Barcha moddiy jismlar – kimyoviy elementlar», «Temir – moddiy jism», demak, «Temir – kimyoviy element») mumkin.
Tafakkur ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, uni turli xil tomonidan, xususan, mazmuni va shakli (strukturasi) bo‘yicha, tayyor holida yoki kelib chiqishi va taraqqiyotida olib o‘rganish mumkin. Bularning barchasi mantiq ilmining vazifasini tashkil etadi, uning turlicha metodlardan foydalanishiga, har xil yo‘nalishlarga ajralishiga sabab bo‘ladi.
Formal mantiq to‘g‘ri tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fan sifatida
Mantiq keng ma’noda olamdagi qonuniy, zaruriy bog‘lanish va aloqalar, tartib va izchillik, tafakkurimizning ichki aloqadorligi, tadrijiy rivojlanishi, turli fikrlar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishlarni ifodalaydi. Tafakkur voqelikni umumlashtirib va mavhumlashtirib, muayyan mantiqiy shakllarda, ya’ni tushuncha, hukm va hulosa chiqarish hamda ular o‘rtasidagi aloqalar shaklida aks ettirib, ma’lum mantiqiy qonun – qoidalarni vujudga keltiradiki, to‘g‘ri, aniq, izchil, ziddiyatlardan holi fikrlash ana shu qonun – qoidalarga amal qilishni taqoza etadi. Bu qonun-qoidalar amaliyotda vujudga kelgan bilimlarni isbotlashga yoki rad etishga, ularning to‘g‘riligi yoki xatoligini tasdiqlashga yoki inkor etishga xizmat qiladi. 
Tafakkurni mantiq fanidan tashqari falsafa, fiziologiya, psixologiya, dialektika, kibernetika fanlari ham o‘z predmeti nuqtai nazaridan o‘rganadi. Grammatika mantiq faniga yaqin. Tushuncha va hukmlarning ifodalanish strukturasini aniqlashda grammatikaning roli katta. Biroq yuqorida tilga olingan fanlarning har biri tafakkurga o‘z nuqtai nazaridan yondoshadi, uning turli qirralarini ochib beradi. Hozirgi kunda mantiq ilmining o‘zining ham turli yo‘nalishlari,tarmoqlari mavjud, ular orasida inson tafakkurini eng oddiy qonun – qoidalar bilan qurollantiradigan, uni to‘g‘ri fikrlashning tamoyillari bilan tanishtiradigan muhim tarmog‘i formal mantiq bo‘lib, u tarixiy kelib chiqishini e’tiborga olgan holda an’anaviy mantiq, ommaviyligi nuqtai nazaridan esa, umumiy mantiq deb ham yuritiladi.
Mantiq fani inson tafakkurining eng umumiy shakllari, qonunlari va fikrlash usullarini o‘rganadi. Mantiq fani tafakkurni rivojlantiradi, insonda umumiy tushunchalar, kategoriyalar bilan ish ko‘rish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Bu esa, bugungi fan texnika rivoji jadallashgan sharoitda ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy – nazariy ma’lumotlarni samarali tahlil qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Formal va dialektik mantiq fanlari
Falsafiy adabiyotlarda dialektik mantiq bilan formal mantiq mavjudligi ta’kidlanadi. Bularning birinchisi tafakkur shakllarini ularning rivojlanishida olib qarasa, ikkinchisi ularni shakllangan fikrlar sifatida o‘rganadi. SHuningdek, dialektik mantiq tafakkurni uning mazmuni va shakli birligida olib o‘rgansa, formal mantiq fikrning shaklini uning konkret mazmunidan chetlashgan hamda nisbatan mustaqil holda olib tadqiq etadi. SHuning uchun dialektik mantiq fikrlarimizning taraqqiyoti, rivojlanishini, formal mantiq esa nisbiy turg‘unligini aks ettiradi. Dialektika fikrlashning formal mantiq qonun – qoidalariga amal qilishni taqazo etadi. Dialektika ham, formal mantiq ham hamma vaqt falsafa tarkibida rivojlanib kelgan.
Dialektika esa rivojlanish jarayonida aynanlik, tafovutlar va qarama – qarshiliklar darajasiga ko‘tariladi, nozidlik taraqqiyot manbai bo‘lmay, balki ular o‘rtasidagi qarama – qarshilik taraqqiyotni ta’minlaydi, deb ko‘rsatadi. Formal mantiq va dialektik mantiq bir – biriga muqobil metodlarga asoslanadi. Ular mustaqil ta’limot hisoblanadi. Dialektik mantiq falsafiy metod sifatida, falsafaning muhim tarkibiy qismi sifatida mavjud bo‘lsa, formal mantiq mustaqil fan sifatida shakllangan ta’limotdir.
Matematik mantiq fani
Matematik mantiq – fikrlash jarayonini turli simvollar yordamida, matematik usul asosida o‘rganadi. Bu ta’limot mantiq fanining rivojlanishidagi yangi bosqich hisoblanadi. Ammo matematik mantiqning matematikaning o‘zidan ham, mantiq ilmidan ham farqli tomonlari bor. SHuning uchun matematikaning barcha tomonlarini bu mantiq qonunlari bilan izohlab bo‘lmaydi. SHuningdek, mantiqiy qonun va shakllarining hammasini ham matematik usul bilan hal qilib bo‘lmaydi. SHunga qaramasdan matematik usul mantiq faniga singib bormoqda, uning ajralmas qismi bo‘lib takomillashmoqda.
Hozirgi zamon mantiq ilmini simvollarsiz, matematik mavhumiyliksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. SHuning uchun mantiq ilmi mutaxassislari matematik mantiq asoslari bilan tanish bo‘lishlari zarur. 
Mantiq jarayonini turli simvollar bilan ifodalashga intilish Arastu asarlaridayoq ko‘zga tashlanadi. XVI – XVII asrlarga kelib, mexaniqa va matematika fani rivojlanishi bilan matematik metodni mantiqqa tadbiq etish imkoniyati kengaya bordi. Nemis faylasufi Leybnits har xil masalalarni echishga imkon beruvchi mantiqiy matematik metod yaratishga intilib, mantiqni matematiklashtirishga asos soldi. 
Mantiqiy jarayonni matematik usullar yordamida ifodalash asosan XIX asrlarga kelib rivojlana boshladi. Bu davrda yashagan rus olimi I. S. Poretskiy, nemis va ingliz olimlari J. Bul, Fure, Morgan, SHryoder kabilar o‘zlarining asarlarida bu masalaga oid muhim fikrlarni ilgari surishdi. Hozirgi vaqtda matematik mantiq metodlari fan va texnikada, kibernetikada tarjimon mashinalarda va boshqa ko‘p halq xo‘jaligi sohalarida qo‘llanilmoqda. 
Mantiq fanining yo‘nalishlari
Formal mantiq - fikrlashning tuzilishi va uning qonunlari haqidagi fandir. Formal mantiq fikrlashning rivojlanishini, uning takomillashish jarayonini o‘rganishni o‘zidan soqit qiladi. U fikrlashning mantiqiy tuzilishini, shaklini o‘rganadi. Insonning fikrlash shakli, tuzilishi turli qonunlarga asoslanadi va ularni keltirib ham chiqaradi. Mantiqiy shakllarni simvollar yordamida ifoda etish mumkin. Masalan, «Hamma ziyolilar aqliy mehnat bilan shug‘ullanadilar», «Hamma kapalaklar hasharotdir» degan fikrlarning mazmuni turlicha bo‘lsada, ularning tuzilishi, shakli bir xildir. Shuning uchun ularni «Hamma S – R dir» yoki «Hamma a – v dir», deb ifodalash mumkin.Formal mantiq va klassik mantiq tushunchalari sinonim tushunchalar bo‘lib,unda muloxazalar ikki qiymatli, ya’ni chin yoki xato bo‘ladi.
Klassik mantiqdan farq qiluvchi hozirgi zamon mantig‘i turli yo‘nalishlardan iborat bo‘lib, ular birgalikda noklassik mantiq deb nomlanadi.
Ko‘p ma’noli mantiq hozirgi zamon noklassik mantig‘ining bir tarmog‘i bo‘lib, fikrlashni «chin», «xato», «qisman chin», «qisman xato», kabi tushunchalar orqali ifodalaydi. Agar umumiy formal mantiqda mulohazalar ikki qiymatli (chin yoki xato) bo‘lsa, ko‘p ma’noli mantiqda mulohazalar uch va undan ortiq qiymatlidir. SHuning uchun bu mantiq «ko‘p ma’noli mantiq» deb yuritiladi. Bu mantiqda eng oddiy sistema uch ma’nolidir. Masalan, Siz “inson huquqlari deklaratsiyasi”ni bilasizmi? -degan savolga “ha”, “yo‘q”, “ozgina bilaman ” kabi javoblarni olish mumkin. 
Induktiv mantiq (lot. Intuitio – dikqat bilan e’tibor berish, diqqat bilan kuzatish) – Hozirgi zamon noklassik mantig‘i tarmog‘i bo‘lib, matematik intuitsiya prinsiplaridan kelib chiqadi. Bu prinsiplar XX asr olimlari L. E. Brauer va A. Geytinglar tomonidan ishlab chiqilgan. Ma’lumki, nemis olimi Kantor ishlab chikqan to‘plam nazariyasi bir necha hal qilib bo‘lmaydigan paradokslarga uchragandan so‘ng, bu krizisdan qutilish uchun logitsizm, formalizm, konstruktivizm, intuitsionizm kabi oqimlar paydo bo‘ladi. Bular bunday ziddiyatni formal mantiq asosida hal qilishga harakat qildilar.
XA (x) ifoda quyidagicha o‘qiladi: «Hamma X A xossasiga ega». Klassik mantikqa ko‘ra, agar bu ifodalar arifmetika aksiomalariga mos kelsa, to‘g‘ri (chin) deb qabul qilinadi. Matematika uchta musbat sonlarning bir butuni h dan tuzilgan, uni Klassik mantiqqa asoslangan matematikada v) chin (to‘g‘ri) hisoblanadi. A (h)ning tashkil topish usuli qiziqtirmaydi. Intuitiv mantiqda bu sonning tuzilish usuli ma’lum bo‘lgandagina AxA (X) ifodasi chin (to‘g‘ri) hisoblanadi. A ning to‘g‘riligidan (chinligidan) V ning to‘g‘riligini bevosita keltirib chiqarish metodi ishlab chiqilgandagina, implikatsiya (a
Konsruktiv mantiq – hozirgi zamondagi matematik mantiqning asosiy oqimlaridan biri. Bu mantiq konstruktiv matematikaga asoslanib, intuitiv mantiq qoidalarini tanqidiy o‘rganish asosida paydo bo‘lgan. Mantiqdagi bu oqim ham Kantor to‘plam nazariyasidagi paradoksni hal qilishga urinish asosida paydo bo‘ldi.Konstruktiv mantiq real voqelikda mavjud bo‘lmagan ham, lekin fikrda qurish mumkin bo‘lgan ob’ektlarni mantiqiy taxlil qiladi. Xususan, Sokrat mayovtika usulini, Demokrit “Kanon”da (kanon – mezon, qoida) tayyor bilimlarning chin yoki xatoligini aniqlaydigan usullarni ishlab chiqqan, Arastu “Organon”ida (organon – bilim quroli) fikrni mantiqan to‘g‘ri qo‘rish va bilimlarni hosil qilish vositalarini tadqiq etadi.
Yüklə 20,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin