Tarixiy jihatdan o`zbek tili leksikasi
Tilning tarixiy taraqqiyoti davomida uning barcha bo`limlarida, jumladan, leksikasida ham o`zgarishlar yuz beradi. Bunda tildagi ba’zi so`zlar eskirib, iste’moldan-ishlatilishdan chiqib ketadi yoki yangi tushunchalarni nomlovchi so`zlar paydo bo`ladi. Bu hodisalar tilning leksik tarkibini 2 qatlamga ajratishni taqazo etadi:
1. Zamonaviy qatlam (neytral qatlam).
2. Eskirgan qatlam.
3. YAngi qatlam.
Zamonaviy qatlam. Bu qatlam o`zbek tili leksikasining asosiy qatlami bo`lib, uni umumxalq leksikasiga – ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksikaga oid so`zlar, shuningdek, atamalar, kasb-hunarga doir so`zlar tashkil etadi. Bu qatlamdagi so`zlar yangilik bo`yog`iga ham, eskilik bo`yog`iga ham ega bo`lmaydi.
Zamonaviy qatlamda so`zlarning nutqda ko`p yoki kam ishlatilishi, barcha kishilarning ishlatishi yoki ma’lum guruh kishilari nutqidagina ishlatilishi asosga olinmaydi.
Demak, yangilik va eskilik bo`yog`iga ega bo`lmagan so`zlar eskirgan qatlam. So`z ifodalaydigan predmet yoki tushuncha hayotda yo`qolishi, yoki ularning ma’nosini ifodalaydigan boshqa so`zlarning paydo bo`lishi munosabati bilan ayrim so`zlar asta-sekin qo`llanilmay unutila boradi. Ular nutqda kam qo`llanadi. Ularning ba’zilarini tushunish mumkin, ayrimlarini ko`pchilik tushunmaydi, ular badiiy va ilmiy adabiyotlarda qo`llansa, izoh talab etadi. Eskilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlar eskirgan leksika deyiladi. Eskirgan leksika 2 turga ajratiladi:
1. Tarixiy so`zlar yoki istorizmlar.
2. Arxaik so`zlar yoki arxaizmlar.
Tarixiy so`zlar o`tmishdagi narsa va hodisalarning nomi bo`lgan, ammo hozir eskirib qolgan so`zlar tarixiy so`zlar deyiladi. Tarixiy so`zlar jamiyatda yo`q bo`lib ketgan narsalar, shaxslar haqida gap borganda qo`llaniladi. Hozirgi tilda ularning sinonimii yo`q. Masalan: foytun, yasovul, taxt, kanizak, dinor (tilla pul), chaqirim (1 km), tosh (8 chaqirim – 8 km), gaz (71 sm), botmon (176, 128 kg), misqol (4,25 g.), miri (5 tiyin).
Ba’zi so`zlar til taraqqiyoti davomida turli xil narsalarni ifodalaydigan bo`lib qoladi. Bunday so`zlarning bir ma’nosi eskirsa, ikkinchi xil ma’nosi zamonaviy qatlamda ishlatiladi.
Masalan: boy so`zining ma’nosini qiyoslang: Boy Yo`lchini zimdan kuzatdi (Oybek). Sen boy bo`laman deb nima ishlarni qilmading, oqibati nima bo`ldi?
Arxaik so`zlar. Hozir mavjud bo`lgan narsa-hodisalarning eskirib qolgan nomlari arxaik so`zlar deyiladi. Arxaik so`zlar yig`indisi arxaizmlar deyiladi. Arxaizm – grekcha so`z bo`lib, archaios – «qadimgi» degan ma’noni bildiradi.
Eskirgan so`z ifoda etayotgan narsa-hodisalar hozirgi hayotda bor bo`lgani uchun uning eskirgan nomini almashmay oladigan zamonaviy qatlamga oid so`z mavjud bo`ladi. Aslida bir narsaning birdan ortiq nomi bo`lsa, ulardan til taraqqiyoti qonuniyatlariga javob bera oladigan tilda saqlanib qoladi, javob bera olmaydigani eskilik bo`yog`iga ega bo`lib, ishlatilmay qolib ketadi. Masalan, sekretar – kotib, mirzo, kotiba. Ular ichidan kotib so`zi hozirgi kunda kishilar tomonidan keng ko`lamda qo`llanilyapti. Sekretar so`zi eskirib, arxaiklashib qolgan. Arxaik so`zlar so`zlovchining ko`z oldida iste’moldan chiqib ketayotgan so`zlardir revolyutsiya (inqilob), tuman (rayon), viloyat (oblast), baynalmilal (internotsional).
Masalan: bitik (kitob), ulus, budun (xalq), o`miz (ko`krak) kabi.
So`zlar butun holda arxaiklashishi yoki uning biror ma’nosi arxaiklashishi mumkin. SHunga ko`ra ular: a) leksik arxaizmlar; b) semantik arxaizmlar tarzida ikki xil bo`ladi.
Leksik arxaizmda so`z eskiradi: gulgun, siymo (obraz).
Semantik arxaizmda ma’no eskiradi: chechak – «gul» ma’nosida eskirgan, bekat – karvonlar to`xtaydigan joy ma’nosida eskirgan, bag`ir – «jigar» ma’nosida eskirgan, davlat – «boylik» ma’nosida eskirgan.
Arxaiklashish iboralarda ham, grammatik hodisalar doirasida ham yuz beradi. Iboralarning arxaiklashishi holati ko`p, lekin grammatik hodisalarning arxaiklashishi ham uchraydi: dasti alif –lom qilib, gardonini ham qilib, yoqasini chop etmoq (iboralar); sifatdoshning –din, -mish shakllari, ravishdoshning –bon, -ibon shakllari, -dur – kesimlikni ko`rsatuvchi bog`lama eskirgan grammatik shakllardir.
Fonetik arxaizmlar ham mavjud bo`lib, unda tovush eskiradi: sobun, qaboq kabi (sovun, qovoq).
Neologizmlar. Kundalik hayotimizdagi angi narsalarni, ularning belgilarini, yangicha munosabatlarni, umuman yangi tushunchalarni ifoda etish ehtiyoji bilan yuzaga kelgan so`zlar yoki yangi ma’noda qo`llangan eski so`zlar neologizmlar deyiladi. Neologizm grekcha so`z bo`lib, neos – «yangi» degan ma’noni bildiradi. Neologizm yangilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlardir. Masalan: bakalavr, magistratura, kompьyuter, kompьyuter texnologiyasi, marketing, supermarket kabi. Neologizmlar yangi paydo bo`lgan paytda, ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralangan leksikaga kiradi. Neologizmni ma’nosi tushunarlilik kasb etsa, xalq orasida ommalashib ketishi mumkin. Bunda u yangilik bo`yog`ini yo`qotadi va umumxalq so`ziga aylanadi. Masalan: brigada, televizor, traktor, kosmos, kosmonavt va hokazo.
Ba’zi neologizmlar yangiligicha qolib ketishi, ishlatilish doirasi chegaralangan leksikadan o`rin olib qolishi mumkin. Demak, neologizm – nisbiy tushuncha. CHunki har bir davr o`z neologizmiga ega bo`ladi.
So`z yoki so`zning ma’nosi neologizm bo`lishi mumkin.
So`z neologizm bo`lsa, leksik neologizm deb yuritiladi: broker, ...
Leksik neologizmlar tamomila yangi, hali o`zlashib ketmagan so`zlardir. Bunday so`zlar: 1) o`zbek tilida avvaldan mavjud bo`lgan so`z va yasovchi qo`shimchalar bilan yasalgan yangi so`zlardir: etti yillik; 2) boshqa tildan kirgan hali umumxalq tiliga singib o`zlashib ketmagan yangi so`zlardir: magistr, bakalavr.
Leksik ma’nolardan biri yangi bo`lsa, semantik neologizm deb yuritiladi. Masalan: Yo`ldosh (er yo`ldoshi), payvandchi (metallni ulovchi).
O`zbek tili leksikasining boyish manbalari
O`zbek tilining leksikasi fan-texnika, san’at, ishlab chiqarishning taraqqiyoti bilan bog`liq holda boyib boradi. Tilning lug`at tarkibi 2 manba asosida boyiydi.
1. O`zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida (ichki manba). Bunda so`z yasash orqali yangi so`zlar hosil qilinadi: sinfdosh, limonzor, vazirlik, ijarachi, tinchliksevar, MDH, BMT kabi. Ichki imkoniyatga shevalardan adabiy tilga so`z olish ham kiradi: aya, bolish, uvildiriq (ikra) kabi.
2. Boshqa tillardan so`z olish (tashqa manba). O`zbek tiliga boshqa tillardan so`z o`zlashtirish turli davrlarda turlicha bo`lgan. Eng qadimda fors-tojik tillaridan, keyinroq arab tilidan, undan ham keyinroq rus tilidan va rus tili orqali Evropa tillaridan so`z o`zlashtirish faollashgan. O`zlashgan so`zlar ham o`zbek tili leksikasida anchagina miqdorni tashkil etadi. Keyingi yillarda tilning leksik tarkibini so`z yasashdan ko`ra boshqa tillardan so`z o`zlashtirish hisobiga boyishi etakchilik qilmoqda.
Boshqa tillardan so`zlar ikki usul bilan o`zlashtiriladi: 1)so`zni aynan olish yo`li bilan; 2) kalkalab olish yo`li bilan.
So`zni aynan olish yo`li bilan tojik, arab tillaridan, shuningdek, rus tillaridan, rus tili orqali boshqa Evropa tillaridan ko`proq o`zlashtirilgan. Masalan, sinch, devor, yana, rubob, kitob, maktab, daraxt, mutolaa, muomala, traktor, sport kabi.
Kalkalab o`zlashtirishda so`z aynan olinmaydi, balki so`zning ma’nosi o`zlashtiriladi. Ikkinchi tildagi so`zning ma’nosi shu so`zning morfemik tarkibidan qismma qism nusxa ko`chirish orqali ifoda etiladi. Kalkalab o`zlashtirishning 2 xil yo`li bor:
1. To`liq kalka. Bu usulda o`zlashtirilayotgan so`zning barcha qismlari o`z til materialidan tuziladi. Masalan: polugramatnыy – chalasavod, vsesoyuznыy - butunittifoq.
2. YArim kalka. Bu usulda o`zlashtirilayotgan so`zning bir qismi aynan saqlanib, bir qismi o`z til orqali beriladi. Traktorist – traktorchi, tabelshik – tabelchi kabi.
YArim kalkada ba’zan o`zlashtirilayotgan so`zning bir qism tashlanib, qolgan qismi aynan olinadi: aktualnыy – aktual kabi.
O`zga til so`zidagi ma’no o`z tildagi so`z bilan berilsa, bu semantik kalka deb ham yuritiladi. Masalan, bo`g`in so`zining ruscha «ponolenie» ma’nosi.
Frazeologiya
1-§. Nutqda ikki yoki undan ortiq so`zlarning o`zaro ma’no va grammatik jihatdan bog`lanishidan tuzilgan birikmalar qo`llaniladi.
Bunday birikmalarning ayrimlari nutq jarayonida tuziladi, ayrimlari esa tilda tayyor birikma shaklida mavjud bo`ladi. Ular bir-biridan o`ziga xos belgilari bilan farq qiladi.
Nutq jarayonida tuzilgan birikma kamida ikkita mustaqil so`zdan tashkil topadi va murakkab tushuncha ifodalaydi. Bunday so`z birikmasi ifodalaydigan tushuncha tarkibidagi so`zlarning ma’nosi asosida yuzaga keladi: qiziqarli asar. Bunday so`z birikmasi tarkibidagi so`zlar ayrim-ayrim so`zlarga ajrala oladi: qiziqarli asar – zerikarli asar. SHuning uchun ular erkin so`z birikmasi deb yuritiladi.
Tilda ko`p vaqt bir qolipda qo`llanaverib, bo`linmaydigan holga kelib qolgan birikmalar mavjud: og`zi qulog`ida. Demak, so`z birikmalari ikki xil: a) erkin so`z birikmasi; b) turg`un so`z birikmasi. Turg`un birikmalar ikki xil: a) birikmali atamalar; b) iboralar.
Tilda ikki yoki undan ortiq so`zdan tarkib topib, ko`chma ma’no ifodalaydigan, ma’nosi bir so`zga teng keladigan turg`un birikmalar ibora (frazeologik birlik) deyiladi.
Birikmalargina emas, ayrim gaplar ham ibora holiga kelib qolishi mumkin: Ishtahasi ochildi. Dili siyoh bo`ldi.
Iboralarning barchasi ko`chma ma’no ifodalaydi va ularda emotsionallik so`zga nisbatan kuchli bo`ladi. SHuning uchun iboralar nutqning ifodalaligini va ta’sirchanligini oshiradi.
Tilning iboralarni o`rganadigan bo`limi frazeologiya, iboralar yig`indisi esa frazeologizm deb yuritiladi.
Iboralar o`rtasida ham o`zaro sinonimlik, antonimlik, omonimlik hodisasi bo`lishi mumkin. (Qarang: -§. So`zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko`ra turlari.)
Leksikografiya
Tilshunoslikning lug`at tuzish ishi bilan shug`ullanadigan bo`limi leksikografiya deyiladi. Lug`atlar tilning lug`aviy boyligini to`plovchi kitobdir. Lug`atlar muayyan mavzularda tuzilib, unda so`zlar alfavit tartibida joylashtiriladi. Lug`at tuzish ishi bilan lug`atshunoslar qadimdan shug`ullanib kelishgan. Masalan, XVI asarda usmonli turk tilida «Abushqa» lug`ati yaratilgan.
Lug`atlar xarakteriga ko`ra ikki turga bo`linadi:
1) qomusiy (entsiklopedik lug`at) lug`atlar; 2) lingvistik lug`atlar.
Qomusiy lug`atlar ilmiy, siyosiy, adabiy va ishlab chiqarishga xos tushunchalar, borliqdagi predmetlar va voqea-hodisalar haqida ma’lumot beradi.
«O`zbek milliy entsiklopediyasi», «Uy-ro`zg`or entsiklopediyasi», «Salomatlik entsiklopediyasi», «U kim, bu nima?» kabi lug`atlar qomusiy lug`atlar sirasiga kiradi.
So`zlarni tilshunoslik nuqtai nazardan izohlaydigan lug`atlar lingvistik lug`at deb yuritiladi. Lingvistik lug`atlar bir tilli, ikki tilli va ko`p tilli bo`ladi.
Bir tilli lingvistik lug`atlarda lug`aviy birliklar bir tilning - o`zbek tilining o`zida izohlanadi. Bunday lug`atlarga «Imlo lug`ati», «Orfoepik lug`at», «O`zbek tilining morfem lug`ati», «O`zbek tilining sinonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining omonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining antonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining frazeologik lug`ati», «Etimologik lug`ati», 1981 yilda yaratilgan «O`zbek tilining izohli lug`ati» (2 jild) kabilar. «O`zbek tilining izohli lug`ati»da so`z va iboralarning o`z va ko`chma ma’nolari haqida to`la ma’lumot beriladi.
Ikki tilli va ko`p tilli lug`atlar tarjima lug`atlari bo`lib, ular boshqa tilning lug`at tarkibini o`zbek tiliga yoki aksincha o`zbek tilining lug`at tarkibini boshqa tilga tarjima qilish uchun xizmat qiladi. Ikki tilli va ko`p tilli lug`atlarga o`zbekcha-ruscha, ruscha-o`zbekcha, o`zbekcha-inglizcha, inglizcha-o`zbekcha, o`zbekcha-inglizcha-nemischa kabi lug`atlar kiradi.
Ko`p tilli lug`atlar o`tmishda ham tuzilganligi arabcha-forscha-turkcha lug`atlardan ma’lum. Hozirgi kunga kelib ko`p tilli lug`atlar tuzish ancha jadallashdi. CHunki ko`p tilli lug`atlar hozirgi tillarni qiyosiy o`rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Lug`at fan va texnika, madaniyat, umuman jamiyatning taraqqiy etib borayotganini o`zida aks ettiradi. Lug`atlar muhim madaniy boylikdir, chunki lug`at nutq madaniyati, so`zlarning ma’nolarini aniq tushunish va ularni nutqda to`g`ri qo`llash, savodxonlikka erishishning asosidir.
Dostları ilə paylaş: |