4-modda. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi asosiy prinsiplar O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi hududining yaxlitligi va bo‘linmasligi;
qonuniylik;
ma’muriy-hududiy birliklardagi davlat boshqaruvining samaradorligi;
ma’muriy-hududiy birliklarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishining tarkibiy qismlari O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat.
Viloyatlar tumanlardan, shuningdek viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlardan, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardan iborat. Viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar doirasida ham tumanlar tashkil qilinishi mumkin.
Viloyatlarning ma’muriy-hududiy chegaralari doirasida respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahri tumanlardan iborat.