2.10. O‘simliklarini kasalliklardan
uyg‘unlashgan himoya qilish
Uyg‘unlashgan himoya biotsenozdagi turlar nisbatining buzilishini oldini oladi, biosfera, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atrof-muhit, suv havzalari va yer osti boyliklarini asrab qolish imkoniyatini beradi. Bugungi kungi uyg‘unlashgan himoya qilish chora-tadbirlari tabiatni asrash va undagi salbiy ta’sirlarni kamaytirish kabi dolzarb muammolarni bartaraf etishni ko‘zda tutadi.
Ma’lumki, yaqin kunlargacha insonlar tomonidan juda ko‘p miqdorda har xil kimyoviy moddalar qishloq xo‘jalik o‘simliklari hosildorligini oshirish maqsadida ishlatilgan. Kimyoviy moddalar qo‘llanilganda kasallik va zararkunandalarning turlari, ularni biologik xususiyatlarining o‘zgarishi va kasallik qo‘zg‘atuvchilarning zarar yetkazish o‘chog‘i hisobga olinmagan. Kasallik va zararkunandalar dalaning ma’lum bir joyida ko‘rinsa, darhol dalaga yalpi ishlov berila boshlangan. Natijada ekologik nuqtai nazardan oqlanmaydigan xarajatlar yuzaga kelgan. Eng e’tiborlisi, bu holat atrof-muhitning zaharlanishiga va yuz ming yillar davomida tashkil topgan biotsenozning o‘zgarishiga olib kelgan, chunki qo‘llanilgan kimyoviy moddalarning ko‘pchiligi biotsenozdagi mikroorganizmlar mutantlarining hosil bo‘lishiga imkon bergan. Bu mutantlar har xil kimyoviy moddalar ta’siriga sekin-asta moslashib boradi. Natijada oldingidan ham kuchliroq kasallik qo‘zg‘atish xususiyatiga ega bo‘lgan yangi mutantlar hosil bo‘ladi. Ularga qarshi yana ham kuchli zaharli moddalarni qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Natijada o‘simlik, inson va hayvonlarning rivojlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatiladi, atrof-muhit yildan-yilga yana ham kuchliroq zaharlanib boraveradi.
Shuning uchun uyg‘unlashgan himoya tadbirlari tabiat qonunlariga bo‘ysungan holda, biogeotsenoz tarkibiga kiruvchi organizmlarning o‘zaro munosabatlariga asoslanib tashkil qilinishi kerak.
Ma’lumki, biogeotsenoz muvozanatining o‘zgarishi natijasida o‘simlik, inson va issiqqonli hayvonlarda kasallanish hodisalari yuzaga keladi. Zaharli kimyoviy moddalarni surunkali qo‘llash atrof-muhitning zaharlanishini oshirib yuboradi.
Mutaxassislar ko‘p yillar davomida o‘tkazilgan ilmiy ishlar natijasida shunday xulosaga kelishdiki, zaharlanish hodisalari inson, issiqqonli hayvonlarda va atrof-muhitda darhol sezilmaydi, balki ma’lum bir vaqt o‘tishi bilan sekin-asta yuzaga kela boshlaydi.
Yuqorida aytib o‘tilgan holatlarning salbiy ta’sirini kamaytirish fan oldida o‘simliklarni uyg‘unlashgan himoya qilish tadbirlarini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish zaruriyatini tug‘dirdi. Bu tadbirlar biotsenozning o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymasdan o‘simlik kasalliklariga qarshi qo‘llaniladigan zaharli kimyoviy moddalarni kamaytirish, agrotexnik choralarni to‘g‘ri qo‘llash va tuproq unumdorligini oshirish natijasida qishloq xo‘jalik o‘simliklaridan mo‘l va sifatli mahsulot yetishtirish, biologik asosda uyg‘unlashtirilgan himoya qilish usulini ishlab chiqish va uni qishloq xo‘jaligiga keng joriy qilishni o‘z ichiga oladi. Uyg‘unlashgan himoya qilish – barcha kurashish (agrotexnik, xo‘jalik-tashkiliy, biologik, kimyoviy va b.) usullarini birgalikda qo‘llash demakdir.
Respublikamiz sharoitida keyingi yillarda paxta, g‘alla va boshqa o‘simliklarni kasallik, zararkunanda va begona o‘tlardan himoya qilishda biologik himoya usulining asosi bo‘lgan uyg‘unlashtirilgan kurash choralariga katta ahamiyat berilmoqda.
Biologik himoya usullari tuproq, o‘simlik va hayvon qoldiqlarida yashayotgan mikroorganizmlarning o‘zaro munosabatlariga asoslanadi. Binobarin, ayrim organizm turlari raqiblariga nisbatan antibiotik moddalar ajratadi va ularga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mikroorganizmlarning shu xususiyatlaridan foydalanish maqsadida olimlar tomonidan inson, o‘simlik va hayvon kasalliklariga qarshi qo‘llash uchun tabiatdan har xil antibiotik hosil qiluvchi organizmlarni topish, ularni ajratib olib ko‘paytirish texnologiyalarini vujudga keltirish yuzasidan ko‘pgina ilmiy ishlar bajarilgan.
A.SH.Xamrayev, K.Nasriddinovlar (2003) o‘z tadqiqotlarida antibiotik xususiyatiga ega bo‘lgan 4000 ga yaqin mikroorganizm metabolitlari va sintetik yo‘l bilan 3500 dan ortiq antibiotik hosilalari va analog birikmalarini olishga muvaffaq bo‘lgan. Insonlar uchun qo‘llaniladigan streptomitsin, o‘simliklar uchun qo‘llaniladigan blastoditsin, validamitsin, alteritsidin, trixotetsin va fitobakteromitsinlar shular jumlasidandir.
Ayrim mikroorganizmlarning o‘zaro munosabatlarida antagonistik xususiyatlar yuzaga keladi. Bu xususiyatga ega bo‘lgan mikroorganizmlar biologik kurash choralarida keyingi yillarda keng qo‘llanila boshlandi. Masalan, Pencillum verrucosum var. cyclopium, P. bilai, P.multicolor, Tricoderma lignorum, T. viride va boshqa ko‘pgina zamburug‘ turlari; Pseudomonos mycophaga, P. fluousrecens, Bacillus subtilis, Agrobacterium radiobacter va boshqa bakteriyalar: soya mozaika virusi, poya zangi, bodring mozaika virusi va boshqa o‘simliklarda kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslarga qarshi qo‘llanilmoqda. Biologik himoya qilishda qo‘llaniladigan mikroorganizmlarning boshqa bir usuli giperparazitlikdir, bunda bir parazit zamburug‘ turi boshqa bir zamburug‘ turida parazitlik qiladi. Masalan: Coniotyrium minitams Camp. qishki sklerotsiyalarni yemiradi. Darluca filum Cast. - zang zamburug‘ining uredo davrini zararlaydi.
Uyg‘unlashgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishda agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish katta ahamiyatga egadir. Bunda o‘simliklarni almashib ekish, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarni ekish, tuproq unumdorligini oshirish maqsadida uni yumshatish, yerni shudgorlash, o‘g‘itni vaqtida va qulay meyorda berish kabi tadbirlarni nazarda tutish kerak.
Adabiy ma’lumotlar bilan tanishish shuni ko‘rsatdiki, uyg‘unlashgan himoya qilish usuli paxtachilik va boshqa sohalarda ancha yaxshi natijalar bergan. Ammo mazkur usulni boshqa sohalarda qo‘llash uchun yetarlicha ilmiy ishlar o‘tkazilmagan, bu esa xo‘jalik rahbarlari, injener-texnik va asosan fitopatolog olimlar oldida turgan asosiy va eng dolzarb muammolardan biridir.
Dostları ilə paylaş: |