Seleksiya va urug‘chilik usuli – quyidagi tadbirlarni ko‘zda tutadi: kasallikka chidamli navlar yoki duragaylarni chiqarish, tabiatda kasallik ko‘p tarqalgan hududlardan chidamli shakllarni tanlab olish; elita urug‘lari yetishtirishni tashkil qilish; urug‘ va ko‘chatlarning sifatini tekshirish, urug‘larning ekiladigan muhitga mosligi va ularni saqlash qoidalariga rioya qilish.
Agrotexnik yoki agrotexnologik usul– quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi: tuproqni tayyorlash, tuproq-iqlim sharoitlariga mos navlarini tanlash, o‘simliklarni parvarish qilish, almashlab ekishni joriy qilish, daraxtlarni kesish qoidalariga rioya qilish. Mazkur ishlarni to‘g‘ri bajarish orqali o‘tqazilgan ko‘chatlar uchun qulay sharoit tug‘diriladi va kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlarning o‘sishi, rivojlanishi va tarqalishi uchun noqulay sharoit vujudga keladi.
Fizik-mexanik usul – bevosita kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlarni yo‘q qilish zaruriyati tug‘ilganda qo‘llaniladi: barglar va po‘kak zamburug‘larning meva tanalarini kuydirish, tuproqqa issiqlik bilan ishlov berish, urug‘larni yuvish, zang zamburug‘larining oraliq xo‘jayin o‘simliklarini yo‘qotib tashlash.
Biologik usul– ayrim tirik organizmlarni bevosita yoki ularning hayotiy faoliyati mahsulotlarini kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlarga qarshi qo‘llashdan iborat.
Kimyoviy usul – tirik o‘simliklar, ularning yog‘ochlari va qayta ishlangan mahsulotlarida kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlarni yo‘qotish va ularning o‘sishini to‘xtatish uchun har xil kimyoviy moddalar bilan o‘simliklarni changlash, purkash, o‘simlik ichiga yuborish va surkash ishlarini o‘z ichiga oladi.
Keyingi yillarda uyg‘unlashgan kurash usuli keng qo‘llanila boshlandi. Bunda kimyoviy kurash choralarini qo‘llash muddati va ularning konsentratsiyalari antagonist-zamburug‘larning o‘sishini to‘xtatishi bilan bir qatorda, o‘simlik-xo‘jayinning o‘sishiga ham ijobiy ta’sir qilishi kerak.
O‘simliklar karantini– o‘simliklarning yangi kasallik qo‘zg‘atuvchilarini chet mamlakatlardan Vatanimizga o‘tish xavfini bartaraf qilish choralarini o‘z ichiga oladi (tashqi karantin), mavjud kasalliklarning bir viloyatdan ikkinchi viloyatga o‘tishining oldini olish tadbirlarini (ichki karantin) yo‘lga qo‘yadi. Xo‘jalikda bir-birini to‘ldiruvchi chora-tadbirlar to‘plamini qo‘llash eng yaxshi natija beradi, ya’ni kasalliklar bilan kurashishda uyg‘unlashgan kurash usulini profilaktik va bartaraf qilish usullari bilan birga olib borish lozim.