Pedagogik psixologiyada o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning tutgan o‘rnini ilmiy izohlab berishga oid samarali tadqiqotlar olib borilgan
Reja Qobiliyat va pedagogik qobiliyat haqida tushuncha
Pedagogik psixologiyada o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning tutgan o‘rnini ilmiy izohlab berishga oid samarali tadqiqotlar olib borilgan. Yirik psixolog S.L.Rubinshteyn ta’kidlab o‘tganidek, pedagogik jarayon o‘qituvchi-tarbiyachining faoliyati tariqasida rivojlanuvchi bola shaxsini shakllantiradi, bu esa pedagogning o‘quvchi faoliyatiga naqadar rahbarlik qilishiga yoki aksincha, unga ehtiyoj sezmasligiga bog`liq. Bola shaxsining rivojlanishida o‘qituvchining roli benihoya muhimdir, chunki u ta’lim va tarbiya jarayonining tashkilotchisi vazifasini bajaradi. Shu bois, hozirgi sharoitda o‘qituvchining tashkilotchilik qobiliyatiga nisbatan yuksak talab qo‘yiladi, shuning uchun ijtimoiy-tarixiy tajribalarning boyligi ehtiyojlar ko‘lamining ortishiga bevosita bog`liq. XX аsrning 70-80-yillarda o‘qituvchining xarakter-xislatlari, pedagogik qobiliyatlari, unda tarbiyachilik mahoratini tarkib toptirish shartlari chuqur o‘rganildi. Jumladan, rus olimasi N.V.Kuzmina o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning o‘rni va ularni tarkib toptirishga oid qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. U o‘z tadqiqotlarida pedagogik qobiliyatlarni gnostik (bilishga oid), proyektiv (oldindan rejalashtirishga qaratilgan), konstruktiv, tashkiliy va kommunikativ turlarga ajratib, ularning har biriga chuqur psixologik ta’rif beradi. N.V.Kuzmina pedagogik qobiliyatning muhim alomatlari qatoriga kuzatuvchanlikni ham kiritadi, o‘qituvchining bu hislati o‘quvchining ichki kechinmalari, his-tuyg`ulari kabi omillarni aniqlashga xizmat qiladi. Tadqiqotchi A.I.Shcherbakov fikriga ko‘ra, pedagogik faoliyat – bu o‘qituvchi oldiga jiddiy talablar qo‘yadigan murakkab psixologik aktdir. Pedagogik faoliyat o‘qituvchini chuqur va puxta bilimga, pedagogik qobiliyatga, mustahkam xarakterga, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishini taqozo qiladi. A.I.Shcherbakov o‘qituvchi shaxsi oltita kasbiy-tarkibiy qismdan iborat ekanligini ta’kidlaydi: 1) yuksak saviyadagi bilim va madaniyat; 2) yo‘nalishning aniq ifodalanganligi; 3) yuksak axloqiy hislarning mavjudligi; 4) yuqori darajada yuzaga keluvchi faollik va barqaror mustaqillik; 5) qat’iy va silliq xarakter; 6) pedagogik qobiliyatlar.