Monolog — ma’ruzachi yoki o’qituvchining tinglovchilar yoki o’quvchi-talabalar qarshisiga chiqib nutq so’zlashi, darsni bayon etishidir. Ayni shu usul ta’lim-tarbiya jarayonidagi asosiy vosita ekanligi to’g’risida ongimizga o’rnashib qolgan tasavvur mavjud. Bu xolatda gapiruvchi ma’lumotlarning asosiy tayanch manbai hisoblanadi va faqat undangina faollik talab qilinadi. Monolog egasi o’zi mustaqil tarzda ma’lumot mazmunini tinglovchilarga yetkazish va o’z mavqyeini ta’kidlash imkoniga ega bo’ladi. Lekin auditoriya, ya’ni tinglovchilar unga nisbatan ancha passiv mavqyeda bo’ladilar va bu narsa ma’lumotning faqat kichik bir qisminigina idrok qilish va eslab qolishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun ham o’qituvchi bu kamchilikning oldini olish uchun auditoriyani faollashtirishning boshqa yo’llarini qidirishga majbur bo’ladi.
Dialog — o’quv mavzusi yoki muammoni guruh sharoitida o’qituvchi bilan birgalikda va hamkorlikda muhokama qilish yo’lidir. Shuning uchun bu usul tinglovchilarni nafaqat faollashtiradi, balki auditoriyada ijodiy muhitning bo’lishi va fikrlar almashinuvidan har bir ishtirokchining manfaatdorligini ta’minlaydi. Ya’ni, tinglovchilar o’quv jarayonining obyektidan uning subyektiga aylanadilar.
Dialog jarayonida o’qituvchi bilan o’quvchilar o’rtasida fikrlar almashinuvi, bilimlarni o’zaro muhokama qila olish uchun real sharoit yaratiladi. Lekin dialogni tashkil etishdan avval o’qituvchi auditoriyaning u yoki bu xususda bilimlar va tasavvurlarga ega bo’lishini inobatda olishi zarur, aks xolda o’zaro muloqot samarasiz va mazmunsiz tortishuvga aylanib ketishi mumkin. Dialog jarayonida uni tashkil etgan shaxs auditoriyaning u yoki bu muammo yuzasidan bilimlarini diagnostika qilish va shunga mos tarzda o’z ishini tashkil etish imkoniyatiga ega bo’ladi. Aynan shu xolat dialogning eng muhim psixologik ahamiyatidir.
Polilog — guruh ichidagi munozaradir. U tinglovchilar yoki o’quvchilarning faolligini yanada oshirish, ulardagi ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish maqsadida ishlatiladi. Polilog jarayonida guruh a’zolarining har biri muhokama qilinayotgan masala yuzasidan o’z fikrini bildirish imkoniyatiga ega bo’ladi, o’qituvchi esa ushbu jarayonning tashkilotchisi sifatida o’quvchilar yoki talabalar faoliyatiga bevosita aralashmaydi. Bu usul dars mavzusi ko’proq nazariy xarakterli bo’lib, yangi g’oyalardan ularning amaliy jihatlari keltirib chiqarilishi zarurati bo’lganda qo’l keladi. Lekin bu usul mashg’ulotlar yoki muloqot darslari endi boshlangan paytda o’tkazilishi maqsadga muvofiq emas, chunki polilog uchun o’qituvchi bilan hamkorlikda ishlash tajribasidan tashqari yoshlarga o’sha soha yuzasidan ma’lum bilimlar majmui hamda hamkorlikda ishlash tajribasi zarur. Dialog va polilog texnikasini yaxshi egallagan muallim munozara yoki bahsni samarali tashkil etishga layoqatli bo’ladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, munozarani samarali tashkil etish qobiliyati o’z-o’zidan shakllanmaydi, buning uchun o’qituvchi umuman munozara metodikalarining mohiyati va uni tashkil etish yo’llarini ilmiy-amaliy jihatdan bilishi kerak.
Kichik, tor doiralardagi kompakt guruxlarda uyushtirilgan munozaralarning erkin mavzuli, yo’naltirilgan va aniq ssenariyli disput turlari mavjud bo’lib, bu tanlangan mavzuga va munozara guruhlarining muloqot tajribasiga bog’liqdir («disput» so’zining lug’aviy ma’nosi — «fikrlayapman», «tortishayapman», degan ma’noni bildiradi). Kichik guruhlardagi munozaralardagi asosiy narsa — guruh a’zolarining tanlangan mavzu xususiyatiga qarab, xar biriing o’z fikr mulohazalarini oxirigacha bayon etish imkoniyatlarining borligidir. Bunday guruhda boshlovchi ham qatorda o’tirib, mavzuning yechimini batamom xal bo’lmaguncha faol muloqotlarning ishtirokchisi bo’lishi mumkin. Lekin asosiy rol guruhning a’zolariga yuklanganligini va bevosita ajralib chiqqan norasmiy lider asosiy Bahs yurituvchi bo’lishi mumkinligini unutmasligi zarur. Bunday gurunglar turli sharoitda ko’pincha bahs ishtirokchilari uchun tabiiy sharoitlarda (masalan, sinfda, talabalar auditoriyalarida, ish xonalarida va b.q.) o’tkazilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.
Agar bahlashuvchilar guruhi odatdagidan kattaroq xajmda (masalan, 30 kishigacha) bo’lsa, unda munozarani uyushtirishning o’ziga xos tomoni bor. Bu holda bahs guruhi shartli ravishda uchga bo’linadi. Birinchi guruh — «fikrlarni jamlovchilar» — generatorlarguruhi deyiladi; ikkinchisi — «tanqidchilar» va uchinchi guruh — «fikrlarni tezlatuvchilar» — katalizatorlar» deb ataladi. Har bir ajralgan guruhninig o’ziga xos funksiyalari bor: «generatorlar» o’rtaga tashlagan muammo yoki bahs mavzusi bo’yicha o’zlaridagi barcha fikrlarni o’rtaga xolis tashlaydilar. Guruh a’zolaridan biri — lider — ularni jamlab, fikrlar ikkiga bo’lingan taqdirda ham ularni umumlashtirib bayon etadi. So’ngra o’yinga «tanqidchilar» kirishadi. Ularning vazifasi — eshitgan fikrlariga tanqidiy munosabat bildirish, ya’ni tanqidiy nuqtai nazardan ular ichidagi «mag’zni» va «puchak» fikrlarni saralash. Shundan keyin vaziyatga qarab, yana so’z «generatorlar»ga yoki «katalizatorlar»ga berilishi mumkin. Bildirilgan fikr va takliflarda mabodo hisobga olinmay qolgan jihatlar yoki noo’rin fikr bo’lsa, yoki mohiyatan shu mavzuga aloqador bo’lgan, lekin ikkala tomon hisobga olmagan biror jihat aniqlansa, tomonlar diqqatini aynan shunga qaratishi kerak. So’ngra «tezlatuvchilar» bahsni davom ettirishga ruhsat berib, agar uni yakun qilish taqozo qilinsa, ikkala guruhning o’yiniga holis baho bergan holda munozarani to’xtatishi mumkin. Ular ko’pincha ikkala guruh uchun xolis orbitorlar — «hakamlar» rolini o’ynaydilar.
Maktabda bir sinf doirasida yoki talabalar guruhida ahloqiy ma’naviy mavzuda Bahs uyushtirganda, yuqoridagi usulni qo’llash imkoniyati bo’lsa, suhbatdoshlarning uchburchak shaklidagi berk stol atrofiga o’tirishlari mumkin. Demak, bahslashuvchilarning joylashishlari ham bu o’rinda ma’lum ahamiyat kasb etadi.
Katta guruhlarda bahs yoki munozara uyushtirilganda, boshlovchining roli ayniqsa kattadir. Chunki u har bir guruhdagi tortishuvlar va fikr almashinuvlarning boshida turmog’i kerak bo’lsa, ular faoliyatini maqsadga muvofiq tarzda yo’naltirib turmog’i lozim. Kichik guruhdagidan farqli o’laroq, katta guruhlarda boshlovchi u yoki bu ichki guruxga yon bosmasligi yoki ularni o’zining shaxsiy fikriga majburan ergashtirmasligi kerak. Aks xolda, u o’zining faoliyati bilan boshqalar tashabbusiga salbiy ta’sir ko’rsatishi va bahsning yo’nalishini buzib qo’yishi mumkin. Shuning uchun katta guruhlar uyushtiriladigan munozarannig mavzusi oldindan tanlangan va unga boshlovchi ma’lum ma’noda tayyor bo’lishi shart.