Reja: Ta’lim jarayoni – ustoz~o`quvchi faol munosabati. Ta’lim jarayoni tizim sifatida. Ta’lim jarayoni tarkibiy qismlari orasida mutanosiblik. Ta’lim jarayoni tarkibiy qismlar orasida nomutanosiblik va uning oqibatlari. Kirish



Yüklə 141 Kb.
səhifə2/4
tarix21.10.2023
ölçüsü141 Kb.
#159287
1   2   3   4
1403363737 45648

I.A.Karimov.

Ta’lim va ayrim o`quv predmetlari (jumladan, ona tilini o`qitish) maqsadining ta’lim tizimi hamda strukturasida egallagan muhim mavqeyi, ta’lim maqsadining ta’lim mazmuni, usuli, vositalari va pirovard natijasini belgilashda hal qiluvchi omil ekanligiga qaramay, mazkur muammo pedagogika, didaktikaga oid ilmiy adabiyotlarda kam o`rganilgan. Juda ko`p hollarda (jumladan, rus olimlaridan I.Y.Lerner, M.N.Skatkin, V.V.Kraevskogo, V.S.Lednev, T.A.Ilina, Y.A.Komenskiy, Y.K.Babanskiy, M.A.Danilov, M.M.Potashnik, N.F.Talizina, N.V.Savin, L.M.Fridman, o`zbek olimlaridan O.R.Roziqov, A.Q.G`ulomov, R.G`.Safarova, S.Y.Og`ayev, B.R.Adizov, M.Saidov va boshqalarning ishlarida) bu masalani o`rganish ta’lim mazmuni va usuli tadqiqiga qo`shib yuborilgan. Pedagogika hamda didaktika bo`yicha darslik va qo`llanmalarda ham ta’lim maqsadi o`z-o`zidan tushunarli hodisa sifatida alohida tahlil etilmaydi. Vaholanki, ta’lim maqsadi ta’lim strukturasida markaziy o`rinlardan birini egallaydi. To`g`ri, didakt va metodistlarning ta’lim maqsadi tadqiqiga kamroq e`tibor qaratishi ta’lim maqsadining didaktlar ixtiyoridagi omil emasligi, odatda, u ijtimoiy buyurtma sifatida davlat va jamiyat tomonidan belgilanishi, tadqiqotchi va amaliyotchilarga go`yoki tashqaridan yuklatilishi bilan oqlanishi mumkindek ko`rinadi. Biroq mazkur masalani alohida olingan muayyan o`quv predmeti misolida tarixiy nuqtayi nazardan, shuningdek, ta’lim maqsadidagi tadrijiylik hamda inkishof jihatlardan o`rganish davlat va jamiyat taraqqiyoti ahamiyatidagi zarur masalalardandir. To`g`ri, davlat va jamiyat ta’lim maqsadini o`z taraqqiyoti davomida tug`ilgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish uchun rasmiy ravishda belgilaydi. Biroq davlat va jamiyat ta’lim maqsadini ijtimoiy buyurtma sifatida belgilashda, albatta, ta’lim peshvolari qanday chora-tadbirlarni ilgari surishlariga tayanadi. Shuning uchun ta’lim maqsadi muammosini har tomonlama o`rganish barcha davrlar uchun muhim ahamiyat kahhf etadi.


Ta’lim maqsadi silsilasida ona tili ta’limi maqsadi alohida o`rinda turadi. Chunki maktab ta’limi ona tilini ta’lim oluvchiga o` r g a t m a y d i - ta’lim oluvchi ona tilini ta’lim dargohiga kelgunga qadar biladi va undan o`z kundalik amaliy ehtiyojlarini qondirish uchun bemalol foydalana oladi. Ana shu o`rinda bir necha haqli savollar tug`iladi: Nega zamonaviy ta’limning barcha tur, bo`g`in va bos`ichlari uchun ona tili ta’limi umumiy va zaruriy o`quv predmeti sifatida majburiy kiritilgan? Ona tili ta’limi nimaga xizmat qilishi kerak? Ilmiy grammatika, tilshunoslik ilmi asoslarini o`rganish uchunmi? Jamiyat a`zolarining barchasi tilshunos bo`lishi shartmi?!
Tilshunoslik fani va tilshunos tilga mutlaqo ta`sir o`tkaza olmaydi−til tilshunos va grammatiklar amriga buysunmaydi. Bu azaldan ma`lum oddiy haqiqat. Jamiyatda hamma madaniyatli kishilarning tilshunos bo`lishi shart ham emas. Demak, ta’limning barcha tur, bo`g`in, bosqich va ko`rinishlarida ona tili ta’limining o`ziga xos maqsadi va zarurati mavjud, zarurat esa o`rganilishi lozim.
Bundan tashqari o`zbek sovet pedagogikasida uzoq muddat davomida "O`zbekistonda ona tili ta’limi faqat Oktabr revolyutsiyasidan keyin amalga oshirildi" degan g`ayriilmiy o`ydirma, o`zbek xalqi, uning uzoq tarixi va qadriyatlariga nisbatan noto`g`ri fikr hukmron edi. Buning sabablarini Prezidentimiz "bizning tariximizni boshqalar yozsa, boshqacha yozadi" degan xulosalarida va bu bo`limga peshlavha sifatida keltirilgan iqtibosda ochib bergan edilar. Zero, O`zbekiston Prezidenti ta`kidlaganidek, "qachongacha biz tariximizni birovlarning nuqtayi nazari, qarichi bilan baholaymiz?".1 Bu so`zlar yog`dusida ona tilimiz − milliy o`zbek tilini o`qitish tarixiga nazar tashlash, bu til ta’limida o`qitish maqsadining tadrijiy taraqqiyotini o`rganish muhim ilmiy-ma’naviy ahamiyat kasb etishi tabiiy, albatta. Mana shuning uchun ushbu o`quv qo`llanma ona tili va adabiyot o`quv predmetining bo`lajak o`qituvchilarini ona (o`zbek) tilini o`qitishning turli davrlarda maqsadi, bugungi ta’lim maqsadining uzoq ildizlari bilan tanishtirishni ko`zlab tuzildi. Unda ta’lim tili sifatida ona (o`zbek) tilida ta’lim tarixi, ta’lim maqsadining tarixiy rivoji, milliy istiqlol sharofati bilan ta’lim maqsadining tubdan yangilanishi, bу maqsadni to`la voqelantirish uchun ona tili ta’limi nazariyasi va usuliyoti oldida turgan ayrim zarur vazifalar xususidagi mulohazalar ifodalangan. Shuningdek, unda:
−"O`zbekistonda ona tili ta’limi faqat Oktabr revolyutsiyasidan keyingina yo`lga qo`yildi", degan fikrning noto`g`riligi;
−"ona tilida ta’lim" va "ona tilini maxsus o`quv predmeti sifatida o`qitish" tushunchalari bir narsа emasligi;
− ona tilida ta’lim jarayonida ona tili ham o`qitilishi, bunday holatda ona tili va ta’lim tili tushunchalari bir-biriga mos kelishi;
−ona tili ta’limining xat-savod o`rgatish, fikrni uqish va bayon qilish ko`nikmalarini shakllantirish kabi u m u m i y va uni maxsus - alohida o`quv predmeti sifatida ta’limini talab etuvchi x u s u s i y maqsadlari farqlanishi;
−ona tilida ta’lim maqsadining tubdan o`zgarishi mazkur o`quv predmeti ta’limi mazmuni, usuli, vositalarining ham tubdan yangilanishini talab etishi kabi masalalar batafsil bayon etiladi.
Qo`llanma ikki bo`limdan iborat bo`lib, birinchi bo`limi ta’lim maqsadi tushunchasi, uning ta’lim mazmuni va usullari bilan aloqadorligini sharhlashga, ikkinchi bo`limi esa ona tilida ta’lim va ona tili ta’limi tushunchalarini farqlash, ona (o`zbek) tilida ta’lim tarixi silsilasida ona tilini o`qitish maqsadidagi tadrijiy taraqqiyot masalalarini yoritishga bag`ishlanadi.
Ta’lim jarayoni – bu mohiyatan ta’lim jarayoni ishtirokchilari –ta’lim oluvchi (o`quvchi, talaba, shogird, izdosh, payrav; tarixan – murid) va ta’lim beruvchi (o`qituvchi, muallim, murabbiy, ustoz: tarixan– pir, murshid)1 orasidagi ta’lim maqsadi asosidagi faol munosabatidir; ta’lim bilan aloqador barcha munosabatlar, uning barcha qirralari ta’lim ishtirokchilarida – ustoz va o`quvchida kesishadi. Inson barcha ijtimoiy munosabatlarning markazi, kesishish nuqtasi bo`lganidek, ustoz~o`quvchi ham barcha turdagi didaktik munosabatlarning kesishish nuqtasidir. Shuning uchun biz yuqorida ta’lim maqsadi, uning mazmuni, usuli, vositalari, ularning o`zaro aloqadorligi masalalarini ko`rib o`tyotgandа har doim o`quvchi~ustoz munosabati masalalari bilan to`qnashdik. Chunonchi, ta’lim maqsadining o`zi, eng avvalo, KIMni, qanday shaxsni yetishtirish masalasini o`rtaga qo`yadi. Bu shaxs kim? U O`QUVCHIdir! Kim uni yetishtiradi, tarbiyalaydi? U esa USTOZdir! Ular o`zaro qanday munosabatda bo`lishi kerak? Biz bu haqda yuqorida (ta’lim usuli bilan bog`liq ravishda) ikki xil yondashish mavjudligini va bu yondashishlarning har biri o`ziga xos shaxsni –
biri bilimdon, ijrochi, lekin mute, mo`min-qobil, passiv ijrochini,
ikkinchisi esa faol, bunyodkor, mustaqil ijodiy tafakkur sohibi bo`lgan tadbirkorni
tayyorlashga qaratilganligi haqida suhbatlashgan edik. Haqiqatan ham, o`quvchi~ustoz munosabati ta’lim jarayonining m a r k a z i y muammosi –ham ibtidosi, ham intihosidir. Ta’lim maqsadi, ya’ni jamiyatning tarbiya-ta’lim natijasiga qo`ygan ijtimoiy talabi, birinchi navbatda o`quvchiga qanday yondashish va ustoz qanday bo`lishi kerakligini, kimni yetishtirishni belgilaydi. Undan keyingina o`quvchiga nimani berish (ta’lim mazmuni), qanday berish (ta’lim usuli), nimalar orqali berish (ta’lim vositalari) masalalari turadi. Shuning uchun Prezidentimiz O`zbekistonda ta’limning tub islohoti dasturi bo`lgan tarixiy ma’ruzalarida bu masalaga alohida to`xtalib, jumladan, ustoz haqida shunday degan edilar: "O`qituvchi bolalarimizga zamonaviy bilim bersin, deb talab qilamiz. Ammo zamonaviy bilim berish uchun, avvalo, murabbiyning o`zi ana shunday bilimga ega bo`lishi kerak."1 Shuningdek, zamonaviy o`quvchiga talab ham bu ma’ruzada "bilimga сhanqoq, bilim olishni o`zining oily maqsadi qilib qo`ygan"2 sifatida belgilanadi. Prezidentimiz o`quvchi-ustoz munosabatlariga ham alohida to`xtalib: "O`qituvchi va o`quvchi munosabatidagi majburiy itoatkorlik o`rnini ongli intizom egallashi" lozimligini, "o`qituvchining bosh vazifasi o`quvchida mustaqil fikr yuritish ko`nikmalarini hosil qilishdan iboratligini" ta’kidladilar1. Shuning uchun zamonaviy ta’limda o`quvchi o`rganishga intiluvchan, bilimga tashna, ehtiyojli, ustoz esa uni bu qiziqish va izlanishlari sari san’atkorona olg`a yo`llovchi, o`quvchining izlab topish baxtidan quvonishi va g`ururi uchun ilhombaxsh tashabbuskor, homiy va yetakchi bo`lmog`i lozim. Shundagina zamonaviy ta’lim o`z maqsadiga yetishgan bo`lishi mumkin. Bunday o`qituvchi va o`quvchini faylasuf shoir G`afur G`ulom mashhur "Yasha,- deyman, - o`g`lim! " she`rida ota va o`qil timsolida ajoyib tasvirlagan edi.
Bu she`rda ulug`langan o`quvchining intiluvchanlik, bunyodkorlik, faollik pafosiga So`fi Olloyor tomonidan "ulug`langan" mo`min-qobillik, mutelik, qullik tushkunligi qarama-qarshi turadi. Bu ruhiyatni muallif "Sabotul ojizin" didaktik asarida quyidagicha beradi:
G`ulome oldi Abdullohi Ansor,
Dedi: –Ey qul, otingni ayla izhor.
Dedi: –Ey xoja, sen qo`ysang qayu ot,
Mening otim o`shaldur, ey neku zot.
Dedi: –Ey qul, sevarsan qaysi xo`rok?
Dedi: –Sendin na teksa, behdur, ey pok.
Dedi: –Qaysi kiyim ko`nglingda marg`ub?
Dedi: –San qaysini bersang o`shal xo`b…1
Bu ikki badiiy asarda tasvirlangan ikki turli shaxs ham o`quvchi ~ ustoz munosabati mahsulidir. Shu o`rinda haqli bir savol tug`iladi: O`quvchidan qanday shaxs yetishib chiqishi faqat o`quvchi~ustoz munosabatiga bog`liqmi? Mutlaqo bunday emas. O`quvchi ~ ustoz munosabati mohiyatan juda murakkab mexanizm, uskuna bo`lgan ta’lim tizimining, davr didaktikasining bir murvati, bir bo`lagidir, xolos.
Ta’lim jarayoni o`ziga xos tizim bo`lib, uning tarkibiy qismlari sifatida biz yuqorida ko`rib o`tgan ta’lim maqsadi (resp. o`quv predmeti maqsadi), ta’lim mazmuni (o`quv materiali), ta’lim usuli, ta’lim vositalari, shuningdek, o`quvchi ~ ustoz munosabatilarini o`z ichiga oladi, didaktik qonuniyatlarga bo`ysunadi. Didaktik qonuniyatlar esa, o`z navbatida, ijtimoiy qonunlarning bir ko`rinishidir. "Ijtimoiy qonunlar tabiat qonunlari kabi haqqoniy va mutlaqdir. Ular inson ixtiyori va irodasiga bo`ysunmaydi, lekin ularni uqish, taraqqiyot yo`nalishida borib, ulardan amaliy foydalanish, ya’ni qonuniyatlarga bo`ysunish orqaligina ularni inson manfaatlariga bo`ysundirish, boshqarish insoniyatga ulkan imkoniyatlar bersa, zid harakat, qarshi borish, odatda, katta zararlar, inkor etish esa, tasavvur qilib bo`lmas fojialar keltiradi. Ijtimoiy qonunlarning ham, tabiat qonunlarining ham pirovard natijasi ma’lum turdagi samaradorlikdir. Chunonchi, ma’lum bir turdagi hosil olish uchun saralangan urug` tanlab, ishlov berilgach, yerga qadalsa, rivojlanish qonuniyatlariga uyg`un ravishda o`z vaqtida parvarish qilinsa, albatta, ko`p hosil–samara olinadi. Lekin bu jarayonning biror bosqichida tabiiy qonuniyatlardan atigi biri buzilsa, unga rioya qilinmasa, barcha mehnat barbod bo`ladi. Tabiat qonunlariga bo`ysunish hamma uchun tushunarli; lekin ijtimoiy qonunlarga bo`ysunish yoki bo`ysunmaslik oqibatlarini ko`rish ancha murakkab, buning uchun juda ko`p hollarda uzoq yillar kerak…"1 Haqqoniy va mutlaq tabiatli didaktik qonunlarga ko`ra, davr talablari (ijtimoiy talablar va ijtimoiy taraqqiyotning mutlaq qonunlari bilan uyg`un bo`lgan) ta’lim maqsadi bilan ta’lim mazmuni, usuli va vositalari uyg`un bo`lgan taqdirdagina o`quvchi~ustoz munosabatilari unga uyg`un bo`la oladi va tizim tugallikka ega bo`ladi, o`z maqsadiga erishishi mumkin. Aks holda, chunonchi, o`simlikni yetishtirish davrida istagan bir bo`g`inda uzilish butun mehnatni zoe ketkizganidek, ta’lim mazmuni yoki usuli va vositalarida, o`quvchi~ustoz munosabatlarida ta’lim maqsadiga nomuvofiqlik butun didaktik jarayonni barbod qilishi muqarrar. Shuning uchun maqsad mustaqil fikrlovchi ijodiy tafakkur sohibini tayyorlash bo`lgach, ta’lim mazmuni (o`quv materiali, o`zlashtirilishi zarur sanalgan bilimlar tizimi) pragmatik ahamiyatli, tatbiqiy, o`quvchi kundalik faoliyatida amalda qo`llay oladigan, ta’lim usuli o`quvchini fikrlash, izlash va topishga undaydigan, tа’lim vositalari darslik bilan cheklanib qolmay, o`quvchini axborot manbalari bilan ishlashga undaydigan, ustoz esa o`quvchining o`ta murakkab kuzatish, izlanish, topish, fikrlash va qo`llash jarayonining mohirona boshqara oladigan bo`lmog`i shart – didaktik tizimning barcha bo`g`inlari bir-biriga muvofiq bo`lib, biri ikkinchisini to`ldirib borishi zarur.
Yuqorida bir necha marta takrorlaganimizdek, bu juda murakkab va ancha vaqt-u mehnatni talab qilidigan jarayondir. Xususan, maqsad~mazmun~usul~ vosita~ustoz~o`quvchi munosabatlari tizimning 4- va 5-bo`g`inlari – bu birinchi navbatda ko`p ming kishilik o`qituvchilar jamoasining ko`nikmalarini, ish usullarini tubdan yangilash bilan uzviy bog`liqdir. DTSlari, ularning asosida yangi dastur tasdiqlanib, bu dastur asosida yangi darslik tuzilib, amalga joriy etilgach, qiziq bir voqeaning guvohi bo`ldik. Bir necha maktab jamoasidan yangi darsliklarning yaroqsizligi, ulardan amaliy foydalanishning imkoniyati yo`qligi haqida xabarlar olindi. Masalani atroflicha o`rganish maqsadida shunday xabar tashkilotchilaridan bo`lgan bir maktab jamoasi bilan darslik mualliflari, ta’lim boshqarmasi mutasaddilari va metodistlar uchrashuvi o`tkazildi. Bu maktabdan kelgan norozilik xati tajribali, obro`li o`qituvchilar va ota-onalar tomonidan imzolangan edi. Masalani o`rganish shuni ko`rsatdiki, norozilik va janjal 5-sinf “Ona tili” darsligi “Fonetika”bo`limida berilgan mashqni bajarishdan boshlangan. Sinfda o`quvchilar bilan o`tkazilgan suhbatdan ma’lum bo`ldiki, darslikda berilgan topshiriq bilan ustoz (sinfda fan o`qituvchisi) bergan topshiriq bir-biriga muvofiq kelmagan. Darslik kir~qir, kul~qul, bor~bar kabi so`z juftliklarini berib, ularning talaffuzini kuzatish topshirig`ini bergan. Fan o`qituvchisi o`quvchilarga berilgan so`zlarni qo`llab gap tuzib kelish topshirig`ini bergan. Natijada, kir, qir, kul, qul, bor, bar kabi omonim so`zlarni qo`llab gap tuzishda chalkashlik va anglashilmovchilik yuz bergan, ona-onalarning ham noroziligiga sabab bo`lgan. Sinf fan o`qituvchisining ko`p yillik odatiy ko`nikmalariga tamoman yot bo`lgan, tamoman boshqacha ishlashni talab etadigan darslik norozilik xatiga asos bo`lgan. Darslik topshirig`i bilan sinf o`qituvchisining bergan topshirig`i to`la mos kelishi, albatta, shart emas, lekin ustoz topshirig`i o`ylanmagan, tasodifiy ham bo`lmasligi kerak.
Yana bir misol: Yuqorida ta’lim maqsadi va mazmuni orasidagi mutanosiblik ko`pincha o`quv dasturlari va darslik mualliflari tomonidan hisobga olinmayapti deb ta’kidladik. Fikrimizni dalillash uchun e`tiborni umumiy o`rta ta’lim maktablarining 5-sinflari uchun mo`ljallangan "Ona tili" o`quv darsligi1ga qaratamiz. Avvalo ta’kidlash joizki, mazkur darslik mustaqillik sharofati bilan yaratilgan hozirgi kunda umumta’lim maktablarining V-IX sinflari uchun "Ona tili"dan yangi tipdagi – ijodiy tafakkur sohibini yetishtirish maqsadli dastur asosida yaratilgan yangi darsliklarning ikkinchi avlodidan biri bo`lib, undan respublikamizning ko`p ming sonli farzandlari foydalanmoqda. Darslikdagi mavzularning joylashishi, og`zaki nutqni rivojlantirishga qaratilgan mashqlar miqdorining ancha yuqoriligi, mavzularni mustahkamlash uchun berilgan savol va topshiriqlarning keng qamrovliligi, darslik oxirida test namunalari, qisqacha izohli lug`at berilishi uning qimmatini oshiradi.
Bizga ma’lumki, ta’lim maqsadi bilimdon, barkamol shaxsni yetishtirishni nazarda tutsa, bunda retroskopik usullar, deduktiv ta’lim yetakchilik qilishi shubhasizdir, chunki ta’lim maqsadi shuni taqozo qiladi. Ta’lim ijodiy tafakkur sohibi, tadbirkor shaxsni tarbiyalashni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan bo`lsa, unda bunday maqsadni amalga oshirish uchun muammoli va tadqiqotchilik usullari, induktiv ta’lim yetakchilik qilishi lozim. Ta’lim usuli bilim, shu asosdagi ko`nikma, malakani o`quvchida qanday usul bilan hosil qilish o`qituvchi-o`quvchining o`zaro subyekt-subyekt munosabatga kirishishinи taqozo qiladi. Shuningdek, ta’lim vositasi hisoblangan o`quv darsligi ham shunga mos bo`lmog`i zarur, chunki bu ta’lim maqsadi va mazmuni orasidagi mutanosiblikni ta’minlashda asosiy o`rinlardan birida turadi. Bizning kuzatishlarimiz shuni ko`rsatadiki, 5-sinflari uchun mo`ljallangan "Ona tili" o`quv dasturi zamirida jamiyatga ijodiy tafakkur sohibini yetishtirib berish maqsadi yotadi, biroq shu dastur asosida tuzilgan darslikda esa mavzularning aksariyati retroskopik usullar asosida darsni tashkil etishga mo`ljallangan. Darslikda bir yuzu to`qsonga yaqin "Eslab qoling", "Bilib oling" tarzidagi qoidalarning berilishi ham fikrimizni dalillaydi. Yoki birgina "Fonetika. Grafika" bo`limining o`zida ellikdan ortiq qoidalarning berilishi ham bola uchun, bizningcha, "tayyor osh" demakdir.
Xalqimizda "Chaynab bergan osh bo`lmas" degan maqol bor. O`zbek pedagogikasi, didaktikasi va psixologiyasida bixeoviristik nazariyaga asoslangan hamda XIX asr oxiri XX asrning boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy talablarga javob beradigan retroskopik-retseptiv usulda bilimdon ijrochini yetishtirishga qaratilgan ta’lim tizimi o`z vazifasini o`tab bo`lganligini, yangi davr – tugal bozor iqtisodi davri tamoman boshqa shaxsga – mustaqil ijodiy tafakkurga qodir tadbirkor shaxsga muhtoj ekanligi masalasi muhokamasi qariyb yigirma yil oldin kun tartibiga qo`yganligini hisobga olsak, endi farzandlarimizga mavzularni "tayyor osh" sifatida berishimiz ta’lim maqsadi va mazmuni orasidagi mutanosiblikning ta’minlanishiga to`sqinlik qiladi.
Bugungi kunda ta’lim maqsadi asosida uning mazmunini muntazam yangilash, uning shaxsga yo`naltirilgan demokratik modelini belgilab berish zaruriyati asosida barcha o`quv predmetlaridan, ayniqsa, "Ona tili"dan axborot banklarining yaratilayotganligi ham, o`quv-biluv jarayoni mazmunida bir qator o`zgarishlarning amalga oshirilayotganligi - o`quv topshiriqlarining muntazam yangilanayotganligi ham quvonarlidir. Bu pedagogik tadbir ta’lim maqsadining ro`yobi bilan bog`liq tarzda amalga oshirilmoqda.
Biz yuqorida misol tariqasida keltirgan darslikni tanqid qilish nuqtayi nazaridan yiroq ekanligimizni ta’kidlagan holda aytmoqchimizki, respublikamizda yangi maqsadni ko`zlaydigan darsliklarni tuzish va ommalashtirish tajribasi yig`ilmoqda. Shuning uchun ona tili o`quv predmetidan ta’limning yangi mazmuni, usuli va vositalarini ona tili ta’limi maqsadiga muvofiqligini har tomonlama tadqiq etish, bu yo`ldagi tajribalarni umumlashtirish, bugun o`zbek tilini ona tili sifatida o`qitish tajribalar xazinasida bo`lgan A.G`ulomov va M.Asqarova, H.Ne`matov, A.G`ulomov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, V.Qodirov va Z.Jo`raboyevalar rahbarligida tuzilib, amaliyotda qo`llanilgan birinchi va ikkinchi avlod, shuningdek, A.Hojiyev, A.Nurmonov, N.Ahmedovlar tomonidan sinov uchun chiqarilgan "Ona tili" darsliklari o`quv materiallarini, ularda mujassamlangan ta’lim usuli, o`qituvchi~o`quvchi munosabatlarini har tomonlama o`rganish, muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, "borini avaylab asrash va yo`g`ini yaratish yo`li"dan og`ishmay borish uchun darsliklarni sinchiklab tekshirish oldimizda turgan muhim vazifalardandir. "Ona tili" ta’limining zamonaviy, davr talablari bilan uyg`un maqsadi aniqlandi, uni voqelantirishning umumiy yo`llari belgilab olindi, navbatdagi vazifa ona tilidan maktabda o`tkaziladigan har bir darsni, mustaqil va sinfdan tashqari ishlar tizimini shu maqsadga bo`ysundirish, umumiy maqsad bilan har bir topshiriq maqsadi orasida, qayta-qayta ta’kidlaganimizdek, dialektik-gnoseologik (resp.didaktik) umumiylik~yakkalik, mohiyat~hodisa, imkoniyat~voqelik, sabab~oqibat munosabatlarini ta’minlashdir. Bunga erishish metodikamiz, ona tili ta’limimiz oldida turgan muhim vazifalardandir.
Muayyan o`quv predmeti mazmunini loyihalashda birinchi navbatda ta’limning umumiy maqsadi keyin esa o`quv predmeti maqsadlariga asoslanish lozim. O`quv predmeti mazmunini loyihalash uchun ta’limning bosh maqsadi va o`quv jarayonining xususiy maqsadlarini aniq bilish talab etiladi. Aks holda ta’lim maqsadi bilan uning mazmuni orasidagi muvozanat yo`qoladi. Ta’lim maqsadi bilan uning mazmuni orasidagi mutanosiblikni ta’minlash uchun muayyan didaktik qonuniyatlar, jumladan, o`quvchi shaxsini uzluksiz rivojlantirish, uni qo`llab quvvatlash tamoyillariga amal qilish talab etiladi. Bunda, ayniqsa, o`quvchini har tomonlama qo`llab quvvatlashga erishish muhim ahamiyatga ega bo`lib, ta’lim maqsadi bilan uning mazmuni orasidagi mutanosiblikni ta’minlashda quyidagilarni e`tiborga olish lozim:
1. Bola hayoti davomida foydalanishga zarurat sezadigan, ya’ni amaliy ahamiyatli didaktik ishlanmalarni ta’lim maqsadiga mos tarzda tanlash. Ona tili darslari bu borada juda katta imkoniyatlarga ega. Maktab o`qituvchilarning tajribalari shuni ko`rsatmoqdaki, ona tili darslarining mustaqil uy topshiriqlari sifatida kasb-kor, o`rin-joy, qarindosh-urug` va boshqalar bilan bog`liq so`zlar, ish qurollari, amaliyotlar, mag`sulotlar, shaxs tavsifi bilan bog`liq ravishda berilgan topshiriqlar natijasida o`quvchilarda shu kasb-korga qiziqish, mehr qo`yish, uni o`rganish va o`zini hayotga shu kasb-hunar orqali tayyorlash singari amaliy ahamiyatga ega bo`lgan natijani qo`lga kiritish mumkin.
2. Ta’lim mazmuni asosida tanlangan aniq o`quv modellarini belgilab berish. Shu maqsadda darslik zaruriy o`quv materialini to`liq bermasligi, balki undan faqat namunalar berib, uni to`ldirishni, kengaytirishni o`quvchining mustaqil izlanish faoliyatiga qoldirishi muhimdir. Ona tili imkoniyatlarini o`zida mujassamlashtirgan hamda o`quvchilar ona tili darslarida amaliy foydalanishlari uchun zarur axborot banklari – turli maqsadlarni ko`zlab tuzilgan lug`atlar, ma’lumotnoma-qomus –ularning elektron variantlari, kompyuter dasturlari yo`qligi aniqlandi hamda shunday xazinani yaratish ishlariga kirishildi. Chunki bunday vositalarsiz ongli(kognitiv)-induktiv-pragmatik ta’lim usuli ko`zlagan samarasini bera olmaydi. Bu ta’lim usulining bosh omili - o`quvchining darslikda berilgan o`quv materiali bilan mutlaqo chegaralanmasligi, darslik topshiriqlari asosida axborot bankidan material topib uning ustida mustaqil izlanishidir. Shuning uchun bu usulda yozilgan maktab darsliklari odatda hajman k i ch i k bo`ladi; ular o`quv materialini to`liq bermaydi, uni topish, uning ustida ishlash mas`uliyatini o`qituvchi rabarligida o`quvchining o`ziga yuklaydi.
Ta’lim maqsadi aniq belgilanib olingandan keyin ta’lim mazmuning, usul-u vositalarini ularga muvofiqlashtirish, o`quvchilarning ham, o`qituvchilarning ham ta’limga tamoman yangicha munosabatda bo`lishlarini shakllantirish bugunning dolzarb masalasidir1 .



Yüklə 141 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin