ONA (O`ZBEK) TILI TA’LIMI MAQSADINING
TARAQQIYOTI
Mavzu tahlilini boshlashdan avval biz didaktikada juda ko`p hollarda aralashtiriladigan ikki tushuncha ustida to`xtalishimiz va ularga aniqlik kiritishimiz zarur. Bular ona tili va ta’lim tili tushunchalaridir. Sovet didaktikasida bu ikki tushuncha aralashtirilar, ta’lim tili ona tili bilan tenglashtirilar va 1924- 1991-yillarda rusiyzabon maktablarda ta’lim olgan o`zbek farzandlariga “ona tilingiz - rus tili” deb uqtirilar edi1. Shuning uchun hozir ta’lim tili, ona tilida ta’lim, ona tili ta’limi tushunchalari sharhi ustida to`xtalamiz.
Xulosa
Ta’lim maqsadi, uning rivojlanishi, jamiyat taraqqiyoti bilan aloqalari, ta’lim tizimi strukturasida tutgan o`rni, ta’lim mazmuni, usuli, vositalari va provard samarasi bilan ko`p tomonli munosabatlarining umumiy masalalari va bu munosabatlarning ona (o`zbek) tili ta’limida voqelanishini ko`rib o`tish natijasida quyidagi umumiy xulosalarga kelish mumkin:
1.Ta’lim maqsadi haqida gapirganda ta’limning u m u m i y m a q s a d i va ta’lim tizimida h a r b i r o` q u v p r e d m e t i m a q s a d i tushunchalarini farqlamoq lozim. Ta’limning umumiy maqsadi va har bir o`quv predmeti maqsadi o`zaro umumiylik~xususiylik munosabatlari bilan bog`lanadi.
2.Ta’limning umumiy mafkuraviy-ma’naviy, ta’limiy-tarbiyaviy maqsadi jamiyatning ta’lim oldiga qo`yadigan vazifasi - ijtimoiy buyurtma mohiyatiga ega bo`lib, jamiyatning taraqqiyoti, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy, madaniy ehtiyojlari bilan uzviy bog`langan bo`ladi, davlat, jamiyat tomonidan muayyanlashtiriladi va ta’lim natijasida qanday shaxs jamiyatga yetishtirib berilishini belgilaydi. Shuning uchun ta’limning umumiy maqsadi, ko`p holatlarda ta’limning ayrim tur va bosqichlari umumiy maqsadi davlat hujjatlarida aniq va qat’iy shaklda berilgan bo`ladi. O`zbekiston Respublikasida ta’limning, uning tur va bosqichlarining umumiy mafkuraviy-ma’naviy, ta’limiy-tarbiyaviy maqsadining davlat nazoratida turishi O`zbekiston Respublikasining "Ta’lim to`g`risida"gi qonuni bilan belgilanadi, unda global shaklda beriladi. Davlat ta’lim standartlarida soha, ixtisoslik, yo`nalish va bo`qinlar bo`yicha muayyanlashtiriladi. Bu O`zbekistonning ko`p ming yillik madaniy taraqqiyot tarixida ilk voqeadir va shuning uchun O`zbekiston Respublikasida DTS tizimining joriy etilishi mamlakatimiz ta’limi tarixida inqilobiy burilish sifatida baholanishi lozim.
3. Ta’lim maqsadi bilan ta’lim mazmuni, usuli va vositalari uzviy bog`langan bo`lib, maqsad mazmun, usul va vositani, ular, o`z navbatida, ta’lim samarasi, natijasini − ta’lim jamiyat ehtiyoji va kelajagi uchun qanday shaxsni etishtirishini belgilaydi.
4. Ta’lim maqsadi barcha davrlar uchun o`zgarmas invariant emas: u davrning iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyoti bilan uzviy bog`liqlikda o`zgarib, rivojlanib, yangilanib boradi. Ta’lim maqsadida turg`unlik va jamiyat taraqqiyotida turg`unlik, tanazzul o`zaro mutanosib bo`lib, bir-biriga nisbatan dialektik sabab-oqibat munosabatlaridadir: jamiyat taraqqiyotidagi turg`unlik ta’lim maqsadida turg`unlikda namoyon bo`ladi. Ta’lim maqsadidagi turg`unlik jamiyatdagi turg`unlik va tanazzulni chuqurlashtiradi. O`zbekisonda XVII-XIX asrlardagi jamiyat va ta’lim taraqqiyotidagi turg`unlik buning yorqin dalilidir − yuz yillar davomida ta’limning umumiy maqsadi − xat-savodli itoatkor mo`min-musulmonni yetishtirish − va ta’lim mazmuni ("Abjad" - "Haftyak" - "Farzi ayn" -"Chor kitob" -"Guliston" - "Bo`ston"-...)ning o`zgarmas holda saqlanishi jamiyatdagi turg`unlikka olib keldi. Shuning uchun O`zbekistonda jadidchilik harakatining asosiy diqqati ta’lim islohoti va uni zamonaviylashtirishga qaratilgan edi.
O`zbekistonda mustaqillikning ilk qadamlaridanoq umumiy ta’lim tizimini yangilash va tubdan isloh qilishga yuksak e`tibor ham, unga taraqqiyotning eng muhim sohasi sifatida ulkan mablag`larning ajratilishi va sarflanishi ham, ta’lim maqsadi, mazmuni, usuli, yangi pedagogik texnologiyalarni keng ommalashtirishga va provard oqibatda ta’lim natijasini yangilashga intilish ham shu bilan uzviy bog`liqdir.
5.Ta’lim maqsadining, ta’lim natijasiga ijtimoiy buyurtmaning yangilanishi ta’lim mazmuni, usuli va vositalarining shu maqsadni voqelantirishga mos ravishda yangilanishi bilan ta’minlanmasa, maqsad samara bera olmaydi. Bu sovet didaktikasining tarkibiy qismi sifatida O`zbekistonda ta’lim tizimining 1970-90-yillardagi ish tajribasidan − maqsadni yangilab, mazmun, usul va vositalarni xo`jako`rsinga, faqat nomigagina yangilashning kutilgan natijalarni bermaganligida ham ko`rinadi.
6.Ta’limning umumiy mafkuraviy-ma’naviy, ta’limiy-tarbiyaviy maqsadi UMIS sifatida ta’lim tizimi strukturasidan o`rin olgan o`quv predmetlarining xususiy maqsadlarida har bir o`quv predmetining xususiyat va imkoniyatlarga uyg`un ravishda voqelanadi. Bu maqsadlar umumiy maqsadga nisbatan YHVO mavqeida bo`ladi.
7. Ona tili ta’limining maqsadi ta’limning umumiy maqsadining voqelanish ko`rinishlaridan biridir, u, avvalo, xat-savodlilikni ta’minlash, ikkinchidan, til va tafakkur mushtarakligi asosida tafakkur, uning nutqda yuzaga chiqishi bilan uzviy bog`liqligi sababli ta’lim tizimi va strukturasidan o`rin olgan boshqa o`quv predmetlari ta’lim maqsadidan ancha farq qiladi. Shuning uchun, eng avvalo, ikki tushunchani:
a) ona tilida ta’lim sharoitida ona tili ta’limi maqsadini,
b) ona tilini maxsus o`quv predmeti sifatida o`qitishning maqsadini
farqlash talab qilinadi. Ona tilida ta’lim sharoitida ona tili ta’limi yo`q deb hukm chiqarish mutlaqо noto`g`ri, chunki bu sharoitda ona tili ta`lim tili sifatida voqelanadi va ta’lim tilining (demak, ona tilining) imlo, talaffuz, me’yor, ifoda, hamda leksik va grammatik vositalari o`rganiladi, ona tilida bayon etilgan fikrlarni uqish va o`z fikrini ona tilida bayon etish ko`nikmalari shakllantiriladi. Buni ixcham ravishda ona tili ta’limining xat-savodlilikni ta’minlash maqsadi yoki oddiygina ona tili ta’limining umumiy maqsadi sifatida umumlashtirish mumkin.
Ta’lim o`choqida ona tili maxsus o`quv predmeti sifatida o`qitilganda uning ta’limi oldiga bu umumiy maqsaddan tashqari davr talablari bilan bog`langan ijtimoiy buyurtma sifatida qo`shimcha −x u s u s i y maqsadlar qo`yiladi.
8.Ona tili ta’limining xat-savodlilikni ta’minlash maqsadi davr bilan bog`liq emas, barcha davr va jamiyatning hamma bosqichlari uchun umumiydir; ta’lim ona tilida amalga oshirilsa, uning bu umumiy maqsadi−ta’lim tili sifatida, albatta, voqelanadi.
9. Turkiy xalqlarning bizgacha yetib kelgan yozma yodgorliklarining materiallari turkiy (o`zbek) tilda ta’lim eramizning V asrdan hozirgacha uzluksiz davom etib kelgan va shuning uchun ona (o`zbek) tili ta’limining xat-savodlilikni ta’minlash maqsadi shuncha davr davomida u z l u k s i z voqelanib kelgan degan qat’iy hukm chiqarish, "O`zbekistonda ona (o`zbek) tili ta’limi Oktyabr revolyutsiyasidan keyingina yo`lga qo`yildi" degan g`ayriilmiy o`ydirmaga chek qo`yish haqida xulosa chiqarishga asos bo`ladi. O`lkamizning bir yarim ming yillik uzluksiz tarixiy yozma yodgorliklari butuн tariximiz davomida turkiy (ona - o`zbek) tilida ta’lim hech qachon tamoman so`nmaganligini ko`rsatib kelmoqda. Ayrim davrlarda bosqinchilar tazyiqi ostida ona (o`zbek) tilida ta’lim biroz susaygan, zaiflashgan bo`lishi mumkin, lekin hech qachon tamoman so`nmagan va yo`qolmagan. Ona (o`zbek ) tilida ta’lim zo`ravonlik bilan zaiflashtirilgan sharoitda ham Bilga To`nyuquq, Mahmud Qoshg`ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Abulg`ozi Bahodirxon, jadidlar kabi ko`p sonli turkiy til jonkuyarlarning asosli isyoniga sabab bo`lgan.
10. O`lkamizda islom dini o`rnashgunga va hukmron mafkuraga aylangunga qadar (VIII-IX asrlarda) turkiy til ta’limi oldida turkona mafkura bilan yo`g`rilgan savodli shaxsni yetishtirish maqsadi, islomiy mafkuraviy hukmronligi davrida (IX-XIX asrlarda) bu maqsad savodli mo`min (musulmon)ni tarbiyalash shaklida o`z davri uchun zamonaviylashdi va shu tarzda uzoq muddatda − qariyb o`n asr davomida turg`unlashdi. Bu maktab ta’limida ta’lim mazmuni, usuli va vositalarining ham turg`unlashishi, qotib qolishiga olib keldi; yuzlab yillar davomida yosh avlod undan bir necha yuz yil oldin yaratilgan o`quv materialidan foydalanib, orqaga qarab bordi. Shuning uchun Mahmudxo`ja Behbudiy va boshqa jadidlar: "Orqaga qarab emas, oldinga qarab intilayluk"1 deb ta’limni orqaga emas, oldinga qaratilgan bo`lishi zarurligini ta’kidlaydilar.
11.XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida jadidchilik harakatida ta’limni bu asriy turg`unlikdan chiqarish jamiyat taraqqiyotining bosh omillaridan biri deb baholandi va ona tili ta’limi oldiga milliy mafkura va islomiy dunyoqarash bilan yo`g`rilgan, zamonaviy taraqqiyotdan xabardor, madaniy va savodli shaxsni tarbiyalash maqsadini qo`yishga intildilar, umummilliy adabiy til ta’limi masalasini−ta’limgohda ona tilini maxsus o`quv predmeti sifatida o`qitish masalasini−o`rtaga qo`ydilar. Biroq bu maqsadni o`sha vaqtda tarqoqlik va hokimiyatning bo`linganligi sababli amalga oshirish mumkin emas edi. O`zbekiston sho`ro respublikasi ta’sisidan keyingina bu maqsadlarning amalga tatbiqi uchun ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy imkoniyat tuqildi - ta’lim o`zbek tilida olib boriladigan maktabda xususiy maqsadli ona tilini alohida o`quv predmeti sifatida o`qitish amalga joriy qilindi.
12. O`zbek maktablarida ona (o`zbek) tilini o`qitishning xususiy maqsadi xususiyatlariga ko`ra o`rgatish tarixini uch davrga bo`lish mumkin. Bular:
a) adabiy til me`yorlarini singdirish va ommalashtirish davri (1924-1970- yillar);
b) nutqni rivojlantirish davri (1970-1990-yillar);
v) ijodiy tafakkurni rivojlantirish davri (1990-yildan hozirgi kungacha).
13.Birinchi davrda ona tili ta’limi oldida turgan maqsadni voqelantirish uchun jahon tajribasida o`zini oqlagan yagona to`g`ri usulga - ona tilining fonetik, leksik va grammatik qurilish birliklariga tayangan holda adabiy til me’yorlarini ta’lim oluvchilarga singdirish va ulardan amaliy foydalanish ko`nikmalarini hosil qilish usuliga tayanildi va bunday ta’lim yaxshi samara berdi − 1960-yillarda adabiy til me’yorlari deyarli to`liq ommalashdi va ona tili ta’limining maxsus maqsadi amalga oshdi.
14. Navbatdagi bosqichda - yozma va og`zaki nutqni rivojlantirish bosqichida - maqsadga erishish usuli noto`g`ri tanlandi - ilmiy grammatik o`quv materialini chuqurlashtirish, yuqori sinflarda uslubiyat asoslarini o`rganish orqali nutqni rivojlantirishga erishib bo`lmadi. Natijada 1970-80-yillarda ona tili ta’limida - o`zbek ilmiy va ommaviy matbuotida keng muhokama etilgan - turg`unlik va tanazzul hukm surdi. Buning bosh sababi til ta’limini tafakkur rivojidan ajralganligi bo`ldi; tafakkurni rivojlantirmasdan nutqni rivojlantirishga urinish urug`siz o`simlik undirishga intilishdek samarasiz edi.
15. Milliy istiqlol davrning ilk qadamlaridanoq ta’limni, jumladan, ona tili ta’limining maqsadi, mazmuni, usuli va vositalarini tubdan yangilashga jiddiy kirishildi. Jahonning ilg`or didaktikasi, ta’lim psixologiyasi, milliy an’analarimiz va qadriyatlarimiz asosida ona tili ta’limining ongli kognitiv-pragmatik (induktiv) ta’lim usuli, shu maqsad va usulga mos ta’lim mazmuni ishlab chiqildi hamda amalga joriy etildi. Bu usulning mohiyatini nutqni o`z-o`zidan emas, balki ona tili imkoniyatlari orqali ta’lim oluvchida mustaqil fikrlash va ijodiy tafakkur ko`nikmalarini shakllantirish, tafakkurning voqelanish shakli sifatida nutqni rivojlantirish tashkil etadi. Ilk tajriba-sinov ishlari bu usulning sersamara va istiqbolli ekanligini ko`rsatmoqda. Hozir bu maqsadni to`la voqelantirish uchun to`siq bo`layotgan narsa o`quvchilarning ona tili darslarida keng foydalanishlarini ko`zlab tuzilgan ona tili imkoniyatlarini o`zida mujassamlashtiruvchi axborot bankining turli shakl va ko`rinishlari − xilma-xil maqsadli lug`at, qomus, ma’lumotnoma, ko`rgazmali qurollar, ularning elektron variantlari, kompyuter dasturlari v.h.larning juda ozligidir. Bunday qo`shimcha vositalarsiz bu ta’lim usuli o`z maqsadiga to`la erisha olmaydi. Ta’lim usulining bosh talablaridan biri − ta’lim oluvchi o`quv materialining darslik bilan cheklanmasligidir. Buni esa ona tili imkoniyatlari axborot bankigina ta’lim oluvchiga yetkaza oladi. Shuning uchun ona tili o`qitish metodikasi, tadrischi va tilshunos olimlar, ilg`or amaliyotchilar oldida turgan asosiy vazifalardan biri ona tili ta’limining ongli kognitiv-pragmatik (induktiv) ta’lim usuli uchun zarur bo`lgan va amaldagi dasturda o`z aksini topgan qo`shimcha ta’lim vositalari - axborot banklarini tuzish va sinflarga, har bir o`quvchiga yetkazish, o`quvchilarda axborot banklarini bilish, ulardan foydalanish madaniyatini, juda ko`p imkoniyatlardan muayyan sharoitda qaysi biri eng samarali ekanligini topa olish hamda undan amalda foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish, rivojlantirishning yo`l va usullarini − yangi pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va keng ommalashtirishdir.
16. Turli davrlarda amalga oshirilgan ta’lim jarayonining maqsadlari bilan umumiy maqsadlar tahlili shuni ko`rsatdiki, ta’lim maqsadi muntazam rivojlanuvchi, dinamik jihatdan takomillashib boruvchi ijtimoiy-didaktik hodisa ekan. Buni ona tili ta’limi maqsadi dinamikasi misolida V asrdan hozirga qadar quyidagi jadvalda ko`rishimiz mumkin: (Qarang: 6-chizma.)
Dostları ilə paylaş: |