1-mavzu. Maktabgacha ta’limni о‘qitishda texnologiyalar va loyihalashtirishning pedagogik asoslari.
Reja:
1. Texnologiyalarning ta’lim jarayonida tutgan o‘rni.
2. Pedagogik texnologiya mezonlari,aspektlari va qo‘llanilish darajalari
O‘quv-tarbiya jarayonida bilim berishning zamonaviy pedagogik texnologiyalaridan keng foydalanish, ularni doimiy ravishda takomillashtirib borish, rivojlangan davlatlar ta’lim tajribalaridan maqsadli foydalanish – ta’limning sifati va samaradorligini kafolatlaydi. Zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan fan, mavzu va uning mazmunida o‘rinli foydalanish ta’lim oluvchilarning qiziqishlarini orttiradi, bilish faoliyatini yuqori darajada bo‘lishiga imkon yaratadi.
Ta’limni rivojlantirishda pedagogik jamoa va o‘qituvchilarning innovatsion faoliyatini shakllantirish – ularda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish malakasining talab darajasida bo‘lishi, mazmunan boyitishni ta’minlaydi. Xususan, ta’lim tizimining boshlang‘ich sinflarida o‘qitish jarayoni texnik vositalar, innovatsion va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni mukammal o‘rganish, ta’lim jarayoniga moslashtirish – bugungi kun talabidir. Bu esa o‘quvchilarni fanga bo‘lgan qiziqishini yanada orttiradi, shuningdek o‘rgatishda kam kuch, kam vaqt sarflab, o‘qitish vositalaridan samarali foydalanishga yo‘l ochadi. Ma’lumki, an’anaviy o‘qitish tizimida o‘qituvchi o‘quvchiga asosan axborot beruvchi manba hisoblanadi, ya’ni bilim olishda: axborotlarni uzatish va qayta ishlanmagan holatda o‘quvchidan qabul qilib olish kuzatilgan. Ya’ni dars jarayonida olingan bilim faollashuv pog‘onasiga ko‘tarilmagan.
Zamonaviy o‘qitish sharoitida esa kafolatlangan o‘quv maqsadlariga erishish jarayoni oldindan loyihalashtiriladi va amalga oshiriladi. Texnologik yondashuv yuzakilikka emas, balki rejalashtirilgan natijani amalga oshirish imkonini beruvchi konstruktiv, ko‘rsatmali sxemada o‘z ifodasini topadi. Umuman olganda boshlang‘ich sinflarda o‘qitish jarayoniga texnologik yondashuv avvalo fanlararo integratsiyani ta’minlash, bolalarni ortiqcha qiyinchiliklardan ozod etish, vaqtdan unumli foydalanish, sinfda va sinfdan tashqari vaqtlarda bolalar orasida tashabbuskorlik muhitini yuzaga keltirish, erkin fikrlash, ijodiy izlanish tizimini yaratish kabi qator ishlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Bu borada albatta o‘qituvchining mahorati, kreativ yondashuvi, kompetensiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra bunga to‘rt yo‘l bilan erishiladi: umumiy maqsaddan aniq maqsadlarni ajratib olish; muntazam izlanish, o‘z faoliyatini tahlil qilish, qiyoslash va faoliyatni tanqidiy baholash; ilg‘or ish tajribalarni o‘rganish, o‘z sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqib, ularni amaliyotga tatbiq etish va takomillashtirib borish; xorijiy pedagogik tajribalarni ijodiy o‘rganish; olingan bilim, ko‘nikma va malakalarni amaliyotda keng tadqiq etish.
Bugungi kunda amalga oshirayotgan islohotlarning markazida o‘quvchini ta’lim jarayonining sub’ekti – faol ishtirokchiga aylantirish yotadi. Bunga albatta o‘quv-tarbiya jarayoniga texnologik yondashuv asosida erishiladi. Texnologik yondashuvning ustuvor jihatlari quyidagilardan iborat: o‘quvchilarning fikrlash jarayonida turli fikrlar va ilg‘or g‘oyalar paydo bo‘ladi. Rang-baranglik fikr va g‘oyalar yakkayu-yagona javob mavjudligi haqidagi tasavvur bartaraf qilingan chog‘dagina yuzaga keladi; o‘quvchining fikrlash jarayonini qadrlanishi. Bunda o‘quvchilar o‘z tengdoshlarining fikrlarini ham hurmat qilmog‘i lozim; erkin fikrlilik tavakkalchilikka asoslanish. O‘qitish jarayonida qo‘rqmay tavakkal qiluvchi o‘quvchilarni rag‘batlantirib turilishi; o‘quvchilar o‘rtasida hamkorlikni talab qiladigan mashg‘ulotlardan foydalanish; biror masalada fikr almashishlaridan oldin vaqt va imkoniyat berilishi; belgilangan vazifa va topshiriqlarni bajarish jarayonida bir-birlariga yordam berishlariga sharoit yaratilishi va hokazo.
Xulosa sifatida aytish joizki, jamiyatning yangi ijtimoiy kuchlarini yetishtirishda o‘qituvchi mas’ul hisoblanadi. Jamiyat o‘qituvchining qo‘liga yosh avlodni, ya’ni o‘z kelajagini ishonib topshiradi. Uning kamol topishida o‘qituvchining dunyoqarashi, zamonaviy bilimlari va yondashuvlari muhim omillardan sanaladi.
Dostları ilə paylaş: |