Vitaminlar
Reja:
1. Vitaminlar haqida umumiy tushuncha.
2. Vitaminlarning tasnifi.
3. Organizmda vitaminlar metabolizmi va muvozanatining buzilishi.
4. Suvda eriydigan vitaminlar metabolizmi va biologik funktsiyalari.
Vitaminlar oziq-ovqat tarkibida uchraydigan oziqa omillari jumlasiga kirib, organizmda sodir bo‘ladigan moddalar almashinuvini boshqarilishida ishtirok etish orqali biokimyoviy va fiziologik jarayonlarni me’yoriy chegarada kechishini ta’minlaydigan moddalardir. Bu moddalar organizm uchun juda ham oz miqdorda talab qilinishi bilan birga, organizmning ular bilan ta’minlanishiga bevosita bog‘liq bo‘lgan avitaminoz, gipovitaminoz va gipervitaminoz xolatlari ham uchrab turadi.
Bakalavr akademik darajali biologlar tayyorlashda Biokimyo fanini «Vitaminlar» ga oid ma’lumotlarini ko‘p qismini mustaqil ta’limga ajratishga to‘g‘ri kelganligi sababli ushbu bo‘limga tegishli ko‘p ma’lumotlar e’tibordan chetda qoladi. Bo‘lajak magistr akademik darajali «Biokimyogar» mutaxassislar uchun bu bo‘limga oid materiallarni bilish, ular bo‘yicha ko‘nikma, malakaga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli «Vitaminlar va ularning ahamiyati» kursini aloxida fan sifatida o‘qitilishi maqsadga muvofiqdir.
Vitaminologiya-vitaminlar va ularning tirik organizmlar hayotidagi ahamiyatini o‘rganish to‘g‘risidagi fan hisoblanadi. Hozirgi kunda bu fan alohida fan sifatida shakllangan umumiy biokimyoning bo‘limlaridan biri bo‘lib, muayyan fanning boshqa bo‘limlarini o‘rganishda ham muhim ahamiyatga egadir. Ayniqsa vitaminlar ko‘p fermentlarning kofermenti yoki kofaktorlari sifatida xizmat qilib, biokimyoning yana bir boshqa bo‘limi enzimologiya fani bilan bevosita bog‘liqdir. Vitaminlarni chuqur o‘rganish fermentativ jarayonlarni to‘liq tushunishga va u bilan bog‘liq xolda moddalar almashinuviga oid biokimyoviy jarayonlar majmuasi bo‘yicha umumiy tasavvurlarga ega bo‘lishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Bo‘lajak magistr akademik darajasiga ega bo‘lgan biokimyogar mutaxassis bu moddalarning tuzilishi, xossalari, moddalar almashinuvidagi ishtiroki, biologik va tibbiy ahamiyati, odam va hayvon organizmlarining ularga bo‘lgan ehtiyoji, hamda a-, gipo- va gipervitaminoz holatlar, ularni davolash va oldini olishga oid ma’lumotlar bilan tanish bo‘lishlari lozim.
Shuning uchun muayyan kursni o‘qitish bo‘lajak biokimyogarlarning biokimyoviy va fiziologik bilimlarini yanada chuqurlashtirish, o‘zlarini ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda bu tadqiqotlarning mazmun va mohiyatini kengroq tushunishni ta’minlashi muqarrar.
Vitaminologiya fani vitaminlarni ochilishi va bu fanni rivojlanish tarixi, ularni aniqlash uslublari, tasniflanishi, yog‘da va suvda eruvchi vitaminlar, vitaminsimon moddalar, avitaminoz, gipo- va gipervitaminoz xolatlari, vitaminlarning vakillari, organizmda bajaradigan funksiyalari, organizmning ularga bo‘lgan ehtiyoji masalalariga oid ma’lumotlarni qamrab olgan.
Dostları ilə paylaş: |