Xalqaro kredit – bu ssuda kapitalining xalqaro iqtisodiy munosabatlar doirasida valyuta va tovar resurslarining qaytarishlik, muddatlilik va foizlarni to’lash shartlari asosida harakat qilishidir. Qarz beruvchi va qarz oluvchilar sifatida xususiy korxonalar (banklar, firmalar), davlat tashkilotlari, xalqaro va hududiy valyuta-kredit va moliya tashkilotlari namoyon bo’ladi. Xalqaro kredit tovar ishlab chiqarish va pul muomalasi jarayonining rivojlanishi bilan paydo bo’lib, boshlang’ich kapitalni jamg’arish vositalaridan biri hisoblangan. Uning rivojlanishining obyektiv asosi ishlab chiqarishning milliy chegaralardan tashqariga chiqishi, xo’jalik aloqalarining baynalmilallashuvining kuchayishi hisoblanadi.
Xalqaro kredit kapital doiraviy aylanishining hamma bosqichida, ya’ni import asbob-uskuna, xomashyo, yoqilg’ilarini sotib olish orqali pul kapitalining ishlab chiqarish kapitaliga aylanishida, tugallanmagan ishlab chiqarishni kreditlash shaklida ishlab chiqarish jarayonida, tovarlarni dunyo bozorlarida sotish jarayonida qatnashadi. Xalqaro kredit ichki kreditlar bilan uzviy bog’liqlikda qiymat shaklining o’zgarishida qatnashadi va ishlab chiqarishning barcha bosqichlariga xizmat ko’rsatib, qayta ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlaydi.
Xalqaro kreditning manbalari sifatida korxonalarda doiraviy aylanish jarayonida vaqtincha bo’sh bo’lgan kapitalning pul shaklidagi qismi hamda banklar orqali harakatga keltiriladigan davlat va xususiy sektor jamg’armalari xizmat qiladi. Xalqaro kredit ichki kreditdan davlatlararo migratsiyasi va bu an’anaviy manbalarning qator mamlakatlardan jalb qilish hisobiga yirikligi bilan farq qiladi. Takror ishlab chiqarish jarayonining ma’lum bosqichlarida xalqaro kreditga obyektiv ehtiyoj tug’iladi. Bu quyidagilar bilan bog’liq: 1) xo’jalikda mablag’larning doiraviy aylanishi; 2) ishlab chiqarish va mahsulotni sotishning o’ziga xos xususiyatlari; 3) tashqi iqtisodiy bitimlarning hajm va muddat jihatidan farqlanishi; 4) ishlab chiqarishni kengaytirish uchun bir xil muddatlarda yirik kapital qo’yilmalarining zarurligi.