Ichki ishlar idoralari xodimi o‘qish, o‘rganish va izlanishdan charchamaydi. O‘z Vatanining tarixi, adabiyoti va san’atini o‘rganadi. Kasbiy bilimlarini, nutq madaniyatini o‘stirishga intiladi. Mustaqil fikrga ega bo‘lishga, o‘z ustida ishlab, yangiliklar yaratishga harakat qiladi. O‘ziga nisbatan talabchan bo‘lishiga va xizmatdoshlarining yaxshi fazilatlarini o‘zlashtirishga harakat qiladi.
Kundalik matbuot va ommaviy axborot vositalarini muntazam ravishda kuzatib boradi. O‘z bilim va tajribalarini yoshlarga o‘rgatadi. Jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaydi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam bo‘lishga intiladi, zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish usullarini o‘rganadi.
Ichki ishlar idoralari xodimi jinoiy unsurlarning foydalanishi mumkin bo‘lgan harakat uslubi, pinhona ish qoidalari, ishlatishi mumkin bo‘lgan qurol va boshqa vositalardan yaxshi xabardor bo‘lishi lozim. Har qanday sharoitda o‘zining, kasbdoshlarining hamda fuqarolarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga tayyor bo‘lishi shart.
Ichki ishlar idoralarida uzoq yillar davomida samarali xizmat qilayotgan xodimlarning xizmat faoliyati davomida orttirgan boy amaliy tajribalaridan unumli foydalanadi.