Nomus – bu tashqi vijdon, vijdon esa – ichdagi nomus.(A.Shopengauer)
«Or-nomus» kategoriyasi bilan bir qatorda inson faoliyatining axloqiy tomonlarini ifodalovchi «qadr-qimmat» kategoriyasi ham mavjud.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining qadr-qimmatideb ularning jamiyatda, kishilar orasida tutgan o‘rni, topgan obro‘si, hurmati va nufuziga aytiladi. «Or-nomus» kategoriyasi shaxs axloqining tashqi tomonlarini ifodalasa, «qadr-qimmat» kategoriyasi insonning o‘zini o‘zi anglashi va nazorat qilishini ifodalaydi. Qadr-qimmat o‘z qadrini anglash shakli bo‘lib, insonni kamsitadigan, xo‘rlaydigan va shu bilan uning boshqa kishilar ko‘z o‘ngida o‘z qadrini yo‘qotishiga sabab bo‘ladigan qiliqlarga yo‘l qo‘ymaydigan to‘siq hisoblanadi. Ichki ishlar idoralari xodimlarining qadr-qimmati ularning o‘zini o‘zi hurmat qilishi va saqlashi, atrofdagilarning hurmatini yo‘qotmasligi, o‘z sha’niga dog‘ tushirmaslik uchun o‘zini nazorat qilishi sifatida ko‘zga tashlanadi.