O‘qish qobiliyati, uning buzilishi va tekshirish usullari. O‘qish qobiliyati bosh miya po‘stlog‘ining oliy faoliyati ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, miya zararlanganda bu faoliyatning buzilishi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan praksis, gnozis, so‘zlash va yozish faoliyatlari singari topik diagnostika qilishda katta ahamiyatga ega. O‘qish qobiliyatining yozish qobiliyatidan farqi shundaki, bu jarayon harflarni ko‘rish va analiz qilishdan boshlanib, o‘qilgan narsaning mazmunini to‘g‘ri tushunish bilan tugallanadi, ya’ni o‘qish – bu so‘zdan fikrga tomon bosib o‘tiladigan yo‘ldir. Bunda tayyor yozilgan xatni analiz qilish va har bitta so‘zni hamda butun matnni tushunish talab etiladi.
Tekshirish usullari: a) birinchi usulda bemordan alohida harflarni tanish va ularni o‘qish so‘raladi;
b) ikkinchi usulda bemordan alohida butin va so‘zlarni o‘qish so‘raladi;
v) uchinchi usulda bemordan noto‘g‘ri yozilgan so‘zlarni analiz qilish so‘raladi qilinadi;
g) to‘rtinchi usulda bemordan gaplarni va matnlarni o‘qib chiqish va analiz qilish so‘raladi qilinadi.
O‘qish qobiliyatining buzilishi aleksiya deb ataladi. Bosh miya po‘stlog‘ining qaysi qismi zararlanganligiga qarab o‘qish qobiliyati har xil turda buziladi.
Bosh miya chap yarim shari chakka qismining tepa pushtasidagi po‘stlog‘i zararlanishi natijasida bemor o‘ziga notanish bo‘lgan so‘zlarni o‘qiy olmaydi, chunki unda so‘zdagi harflarni analiz qilish qobiliyati buzilgan bo‘ladi. Chap yarim sharining premotor zonasi pastki qismining zararlanishi natijasida bemorning o‘qishi mutlaqo boshqacha turda o‘zgaradi, ya’ni bemor harflarni birbiriga tez qo‘shib, ravon o‘qib keta olmaydi. u albatta, har bitta harfni alohida o‘qiydi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, bosh miyaning ensa qismi zararlangan taqdirda so‘zlash qobiliyati garchi saqlanib qolsada, lekin ko‘rish qobiliyatining buzilishi natijasida o‘qish faoliyati ham buziladi va bu hol ko‘ruv aleksiyasiga olib keladi. Ko‘ruv aleksiyasi ikki turga bo‘linadi: lateral va verbal aleksiyalar. Lateral aleksiyaga duchor bo‘lgan bemor alohida berilgan harflarni to‘g‘ri o‘zlashtira olmaydi, masalan, «m» harfini «n» deb o‘qiydi, yoki «k» harfini «x» yoki «v» deb o‘qiydi. Verbal aleksiyada bemor yozilgan so‘zni birdaniga o‘zlashtira olmaydi va ularni taniy olmaydi.