Ilmiy izlanishlarning maqsadi va vazifalari. O‘zbek adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan mashhur adibimiz Abdulla Qahhor hikoyalarini o‘rganish va hozirgi davr nuqtayi nazaridan tahlil qilish ilmiy ishimiz maqsadi va vazifasini tashkil qiladi. Ana shu maqsaddan kelib chiqqan holda bitiruv-malakaviy ishda adib hikoyalaridagi qahramonlarni tahlil qilishda quyidagicha vazifalarni bajarishni maqsad qilib qo‘ydik:
Abdulla Qahhorning ijod mahorati to‘g‘risida;
adib ijodiga mashhur kishilarning bergan baholari haqida;
yozuvchi hikoyalarida davr muammolarining tasvirlanishini o‘rganish;
Abdulla Qahhor hikoyalarida qahramon masalasi;
Abdulla Qahhor hikoyalarining badiiy qimmati haqida;
Mavzuning o‘rganilish darajasi.Ilmiy ishimizni yozishda o‘zbek abiyotining mashhur olimlari tomonidan Abdulla Qahhor ijodi va asarlariga berilgan baho, munosabatlar, fikrlarga tayanib, adib hikoyalaridagi qahramon masalasini bir oz yoritishga harakat qildik. Berdi Kerboboyev, G’abit Musrepov, Sami Abduqahhor, Tursinboy Adashboyev, Umarali Normatov, Said Ahmad, Matyayoqub Qo‘shjonov, Naim Karimov, Erkin Vohidov, Jumaniyoz Jabborov, Abdulla Oripov va boshqa ko‘plab allomalarimiz bildirgan fikrlarga asoslanganmiz.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi.Abdulla Qahhor ijodi, asarlari haqida ko‘plab tadqiqot ishlari olib borilgan. Biz ilmiy ishimizda adib hikoyalaridagi qahramonlar haqidagi qarashlarimizni bayon qilganmiz. Fikrimizcha, har bir kitobxon, har bir yozuvchining asar yozishdan avval oldiga qo‘ygan birinchi galdagi maqsadi ham adabiyotning “atomdan kuchli”ligini ta’minlab turuvchi ko‘ngil gavhari-so‘zdan samarali va o‘z o‘rnida foydalanib, bir- biridan go‘zal va real qahramonlar yaratishdir. Abdulla Qahhor o‘z hikoyalarida ana shunday qahramonlarni yarata olgan. Adibning “Bemor”, “Anor”, “Ming bir jon”, “Asror bobo”, “O‘g‘ri”, “Mahalla”, “Bek”, “To‘yda aza” va boshqa hikoyalaridagi qahramonlarni tahlil qilganmiz. Abdulla Qahhor hikoyalaridagi qahramonlarning ma’lum qirralarini tahlil qilish, o‘rganish ishning yangiligidan dalolat beradi.