HewlettPackardtomonidanEDSCorporationkompaniyasiningsotibolinishi. Xyulett Pakkard (Hewlett Packard - HP) kompaniyasiga 1939 yilda asos solingan. HP – iste’molchilar, tashkilotlar va biznes uchun yuqori texnologik echimlarga ega bo‘lgan mahsulotlarning yirik etkazib beruvchisi hisoblanadi. Kompaniya yirik korxonalar, kichik va o‘rta biznes tashkilotlari va ommaviy iste’molchilarga IT-infratuzilmasi borasida echimlar taqdim etish, personal hisoblash tizimlari va axborotlarni qayta ishlash qurilmalari, butun dunyo bo‘yicha servisli qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, hamda tasvir va matnlarni qayta ishlash va chop etish qurilmalarini etkazib berish bilan shug‘ullanadi. 2007 yilda kompaniyaning tushumlari 104,286 mln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bitta aktsiyaga to‘g‘ri keluvchi daromad 2,76 dollarga teng bo‘ldi.
EDS (Electronic Data Systems) Corporation kompaniyasi 1962 yilda tashkil etilgan. Kompaniya IT-xizmatlari bozorida o‘z mijozlariga yuqori texnologiyali biznes echimlar taqdim etuvchi kompaniyalar orasida etakchilardan biri sanaladi. EDS moliyaviy xizmatlar, telekommunikatsiya, tomoshalar uyushtirish, energetika va boshqa shu kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi buyurtmachilar uchun keng assortimentli xizmatlar va biznes echimlarni taklif etadi. Kompaniya asosan xizmatlar sohasida o‘z faoliyatini amalga oshirganligi bois, uning asosiy aktivlarini kompaniya xodimlari, ularning tajriba, ko‘nikma va bilimlari tashkil etadi. Kompaniya birinchilardan bo‘lib asinxron uzatish tartibidan foydalangan holda pul mablag‘larini hisob-kitob qilish usulini, qidiruvning maxsus me’zoni bo‘yicha hujjatlarning relevantligini baholash imkonini beruvchi matnli tahlil usulini ishlab chiqqan. Bundan tashqari, kompaniya tomonidan samolyotlarga chiptalarni avtomatik tarzda saralash imkonini beruvchi qurilma ham yaratilgan. Kompaniya xizmatlar ko‘rsatganligi bois, uning asosiy resurslaridan biri, bu sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’min etuvchi tashkilot personali hisoblanadi.
EDS Corporation kompaniyasi 2008 yilning 26 avgustida sotildi. Mazkur xarid HP kompaniyasining IT autsorsing, biznes jarayonlar va ilovalar autsorsingi, shu jumladan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va boshqaruv bo‘yicha xizmatlarni taklif etish borasida mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan edi. Kompaniyani sotib olishdan ko‘zlangan asosiy maqsad informatsion texnologiyalar sohasida yuqori texnologiyali qurilmalar yaratishdan tortib, keng qamrovli servis xizmatlarini ko‘rsatilishini ta’min etuvchi korporatsiyaga asos solishdan iborat bo‘lgan. Xarid narxi qariyb 13 milliard dollarni tashkil etdi. EDS Corporation kompaniyasining HP tomonidan sotib olinishi natijasida HP kompaniyasining aktivlari (gudvildan tashqari) qariyb ikki barobar o‘sdi. Bundan tashqari HP kompaniyasi Compaq kompaniyasini 2001 yilda 33,6 milliard
dollarga, Autonomy kompaniyasini esa 2011 yilda 11,7 milliard dollarga sotib olgan.