Ta‘lim qonuniyatlari va qoidalari Reja Ta‘lim qonuniyatlari haq-fayllar.org
Ta‘limda ko’rsatmalilik qoidasi va uning ijobiy xususiyatlari. Buyuk chex pedagogi Yan Amos Komenskiy ko’rsatmalilikni ta‘limning asosiy vositasi deb ko’rsatadi. Ushbu qoidani yuqori printsip deb ataydi. Darsda buyum va narsalarning asli, tasviri, texnik vositalar, tasviriy-ko’rgazmali qurollardan foydalanib o’tilsa, ya‘ni mavzu shu asosda bayon etilsa dars to’g’ri tashkil qilinadi va samarali yakunlanadi. O’quv materialining ko’rsatmali bo’lishi yoshlarni o’zlashtirilgan ilmiy bilimlarni tajribada, ishlab chiqarish amaliyotida qo’llay olishlari uchun zarur bo’lgan ko’nikma va malakalar bilan qurollantiradi.
Ta‘limning ko’rsatmalilik qoidasi didaktik qoidalarning biri bo’lib, u o’qitish jarayonining sifatini orttiradi, o’quvchilarning bilim olishlarin osonlashtiradi. O’qitishning ko’rsatmaliligi shuni tasdiqlaydiki, agar o’quvchilarda o’rganilayotgan narsa va hodisalarni bevosita idrok qilishga bog’liq muayyan hissiy-amaliy tajriba bo’lgan taqdirdagina ular bilimlarni ongli suratda o’zlashtiradilar. Bu qoida o’qitish jarayonida ko’rish, eshitish, hid bilish, ta‘m – maza bilish, teri, muskul – harakat kabi sezgi organlarining bir yo’la ob‘ekt ustida safarbar qilinishini talab etadi.
Ko’rsatmalilik qoidasi ta‘limning yetakchi qonun-qoidalarini va talablarini amalga oshirishda vositachilik qiladi. Chunonchi:
1. Bayon etilayotgan mavzuning mazmuniga mos keladigan materiallardan unumli va to’g’ri foydalanish o’quvchilarning o’tilayotgan materialni o’zlashtirishga bo’lgan qiziqishini ta‘minlaydi. Dars qiziqarli o’tadi.
2. O’quv jarayonida qo’llanilayotgan ko’rsatmali qurollar o’quvchilarning qay darajada yaqqol va aniq, obrazli idrok qilishini, ta‘minlasa va kuzatayotgan ob‘ektga mumkin qadar ko’proq sezgi organlari safarbar qilinsa, o’quv materiallari shunchalik tez, qulay va oson o’zlashtiriladi, uzoq vaqt esda saqlanadi. O’quvchilarning ayniqsa, sxema, jadval, diagramma kabilar ustida ish olib borishlari va material xususiyatlarini taqqoslash, tahlil qilish, umumlashtirish, xulosa chiqarishlari alohida ahamiyatga egadir.
3. O’quv materialining ko’rsatmali bo’lishi o’zlashtirilgan ilmiy bilimlarni tajribada, ishlab chiqarish amaliyotida qo’llana olishlari uchun zarur bo’lgan ko’nimka va malakalar bilan qurollantiradi.
Ta‘limda ko’rsatmalilikning samarali natijalar berishi uchun darsda qo’llaniladigan ko’rsatmali qurollar sinf o’quvchilarining yoshi va o’ziga xos xarakter xususiyatlari, umumiy tayyorgarligi – saviyasiga mos keladigan bo’lishi lozim. Shuningdek, dars jarayonida foydalanish uchun belgilangan ko’rsatmali materiallardan unumli foydalanmoq uchun zarur bo’lgan ta‘lim usullari to’g’ri tanlangan bo’lishi lozim.
Ta‘limning ko’rsatmali bo’lishi hozirgi zamon ta‘lim maskanlari oldida turgan eng muhim masalalardan biri bo’lib kelgan va hozir ham undan yanada samarali foydalanish borasida qator ishlar olib borilmoqda.