Tarixshunoslik. Amir Temur va temuriylar davrning yana bir muhim yutug’i-bu ijtimoiy fanlar, xususan, tarixshunoslik sohasida katta tadqiqotlarning yaratilganligidir. Bu xayrli ishlarning yuzaga chiqishida ham temuriy hukmdorlar tashabbusi va rahnamoligi beqiyos bo’lgan. Jumladan, Amir Temurning «Tuzuklari», Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi», Bobur Mirzoning «Boburnoma»si ijtimoiy fanlar rivojiga ayricha ta’sir ko’rsatganligi shubhasizdir.
Nafis kitob va xattotlik san’ati. Temuriylar davri madaniyati ravnaqida xattotlik san’atining o’rni ham alohidadir. Bu davrda ilm-fan va adabiyot bilan bir qatorda kitobat san’ati, ya’ni qo’lyozma asarlarni ko’chirib yozish va u bilan bog’liq bo’lgan xattotlik, musavvirlik, lavvohlik (lavha chizish) va sahhoflik (muqovasozlik) san’ati ham nihoyatda taraqqiy etadi. Shu o’rinda xattotlik haqida qisqacha tarif beradigan bo’lsak, xattotlik (arab. – husnixat yozuvchi), kalligrafiya – yozuv (xat) san’ati, kitob ko’chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitobalirini yaratish kasbidir. Yozuvning paydo bo’lishi natijasida yuzaga keldi. Ayniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, O’rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo’lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko’paytirish (matn ko’chirish) bilan xattotlar shug’ullangan. Xattotlik san’atiga bag’ishlangan ko’plab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muxakkak, nasta’liq, suls, tavqe, ta’liq, devoniy, riko, rik’iy) mavjudligi haqida darak beradi.
Amir Temur davrining yetuk xattotlaridan biri Mir Ali Tabriziy (1330-1405) nash va ta’liq xati uslublari asosida nasta’liq xatini kashf qilgan. ). Amir Temur va Shohrux Mirzo xizmatida bo’lgan. Nasta’liq xatining qonun-qoidalari bayon etilgan risola yaratgan, ko’plab shogirdlar tayyorlagan. U ko’chirgan qo’lyozmalar, jumladan, Kirmoniyning «Xumoy va Humoyun», «Kamolnoma», «Ravzat al-anvar» dostonlari (1396, Britaniya muzeyida), Sa’diyning «Kulliyot»i, «Bo’ston» asari (1377), Nizomiy va Dehlaviyning «Xamsa»lari (Eron milliy kutubxonsida) va qit’a (mumtoz adabiyotda lirik janr) lar (1 donasi Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasida) bizgacha yetib kelgan.
Temuriylar davrida Sultonali Mashhadiy (1437-1520) «Sulton ul-xattotin» («Xattotlar sultoni») va «Qiblat ul-kuttob» («Kotiblar qiblasi») nomli yuksak unvonlarning sohibi bo’lgan. Xattotlik san’atida o’ziga xos maktab yaratgan Sultonali Mashhadiy nasta’liq xatining mislsiz ustozi, Alisher Navoiy (1441-1501)ning kotiblaridan biri sifatida sharaf topgan edi. Bu davrda Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasida 11 ta yirik san’atkorlar (Abduljamil Kotib, Darvesh Muhammad Toqiy va boshqalar) xattotlikda samarali ijod kilgan. Sultonali Mashhadiy o’z qalamiga sayqal berib, Nizomiy, Farididdin Attor, Xo’ja Hofiz, Sa’diy, Xusrav Dexdaviy, Abdurahmon Jomiy, Husayniy (Husayn Boyqaro) va boshqa mualliflarning asarlarini kitobot qilgan. Sultonali tomonidan ko’chirilgan 50 dan ziyod kitoblar nusxasi bizgacha yetib kelgan.