Amaliyot davri yakunida talaba ushbu dasturga muvofiq ravishda bajargan ishlari haqida yozma hisobot tayyorlaydi. Hisobot uchun kerakli materiallarni to‘plash va uning matnini bayon etish butun amaliyotni o‘tash muddati davomida amalga oshiriladi.
Hisobot ikki qismdan: matn qismi va ilovalardan iborat bo‘lishi kerak.
Matn qismi titul varaqasi bilan boshlanadi. (13-ilova) Hisobotda amaliyotning barcha asosiy bosqichlari va ish turlari bayon etilishi lozim. Ish turlarining mazmuni kundalikdagi yozuvlarga muvofiq bayon etiladi.
Ushbu hisobotda talaba kelajakda amaliyot o‘tash va tashkil etish ishlarini yaxshilashga oid o‘z mulohazalarini ham bayon etadi. Hisobotni asta-sekin butun amaliyotni o‘tash davri davomida bosqichma-bosqich yozish talab etiladi.
Amaliyot kundaligi belgilangan shaklda rasmiylashtiriladi va u hisobotning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Amaliyot kundaligi talaba tomonidan:
a) ehtiyotkorlik bilan, o‘z vaqtida va imlo xatolarisiz to‘ldirilishi;
b) o‘z qo‘li bilan yozilishi;
v) amaliyot davrida tasdiqlanishi kerak.
Amaliyot kundaligini belgilangan talablar asosida rasmiylashtirilmagan taqdirda hisobot himoya uchun qabul qilinmaydi.
Hisobot standart hajmdagi qog‘ozda (A4, 210-297mm), chap tomondan 3 sm, qolgan tomonlari 2 sm dan hoshiyalar qoldirib yoziladi. Uning betlari ketma-ket sonlar bilan raqamlashtiriladi.
3. AMALIYOT DAVRIDA TALABANING AMAL QILISHI LOZIM BO‘LGAN QOIDALAR
Amaliyotchi-talaba malakaviy amaliyotni o‘tash davrida quyidagi qoidalarga rioya qilishi lozim:
amaliyot dasturida ko‘zda tutilgan va amaliyotga rahbarlik qiluvchi o‘qituvchi tomonidan berilgan individual topshiriqlarni to‘liq bajarish;
korxona yoki tashkilotda joriy etilgan kun tartibi va ichki mehnat intizomiga doir qoidalarni o‘rganib, ularga rioya qilish;
korxonada uskunalardan foydalanish, texnika xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va boshqa mehnat faoliyatiga tegishli qoidalarni o‘rganib, ularga qat’iy rioya qilish;
o‘z kundaligida kunlik bajarilgan ishlarini aks ettirib borish va kun oxiriga kelib korxonadan tayin etilgan rahbarga tekshirtirish va imzolash uchun taqdim etish hamda haftada bir marotaba universitet tomonidan tayin etilgan rahbarga tekshirtirish va imzolash uchun taqdim etish (haftaning shanba kuni tanlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi);
bitiruv malakaviy ish hamda hisobot uchun materiallarni yig‘ish va o‘rganish bilan doimiy ravishda shug‘ullanish;
har bir amaliyot o‘tilgan bo‘lim bo‘yicha alohida hisobot yuritish;
malakaviy amaliyot tugashi bilan amaliyot bo‘yicha hisobotni kafedraga taqdim etish.
Amaliyot dasturi bo‘yicha topshiriqlarni bajarmagan, salbiy taqriz olgan yoki amaliyot hisobotini himoya qilish chog‘ida qoniqarsiz baho olgan amaliyotchi-talaba talabalik safidan chiqariladi.
Korxona va tashkilotlarning ichki qoidalarini buzgan amaliyotchi-talaba haqida universitet rektoriga xabar jo‘natiladi.