Ijtimoiy ish xodimining o‘z kasbga nisbatan quyidagicha munosabatda bo‘lishi ko‘rsatilgan: 1. Kasbning qadrini, bilimlar va metodologiyasini himoya qiling; ularni ommalashtirish va takomillashtirishga o‘z hissangizni qo‘shing;
2. Ijtimoiy ishni kasbiy professionalizm darajasiga ko‘taring, uni har tomonlama takomillashtirishga harakat qiling;
3. Kasbingizni o‘rinsiz tanqiddan himoya qiling, kasbingiz zarur ekani to‘g‘risidagi ishonchni mustahkamlash uchun imkoni bor barcha ishlarni barchasini bajaring;
4. Kasbingizni, uning nazariyalari, usullari va amaliyotini konstruktiv tanqid qiling;
5. Yangi va mavjud bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy ishning yangicha yondashuvlari va usullarini ishlab chiqishni har tomonlama rag‘batlantiring.
Ijtimoiy ish xodimining majburiyatlari sifatida quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan:
1) va’zxonlik qilmaslik, buyruq bermaslik, ta’qiqlamaslik. Mijoz shaxsining sha’ni va unikalligini hurmat qilib uni harakatga, tashabbusga, ijodga undash;
2) mijozga quloq tuta bilish, tinglash, sabr-toqat ko‘rsatish, muammo va vaziyatni to‘g‘ri tushunish, uning o‘rniga o‘zini qo‘ya bilish, nazokat va odob ko‘rsata bilish;
3) muloqotmand bo‘lish, ochiq bo‘lish, mijozni “gapirtira bilish”, birgalikda muammolarning yechimini aniqlash, atrofdagilar uchun kerakli va qiziqarli bo‘lishga intilish;
4) mijoz va uning atrofidagilar o‘rtasida vosita, bog‘lovchi halqa bo‘lish, mijozga ko‘rsatilayotgan xayriya, yordami orqali uning sha’ni pastga urilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
5) mijoz bilan ishlashda norasmiy bo‘la bilish, mijozning o‘z muammolarini hal qilishda maslahatchi, ko‘makchi vazifasini bajarish, o‘zaro munosabatlarni tenglik asosidagi dialogga qurish;
6) doimo insonparvarlik va mehribonlik nuqtayi nazaridan yondashish. Mijozni muhokama qilmaslik va unga tanbeh bermaslik, shaxs yoki individlar guruhidagi g‘ayriinsoniy va diskriminatsion yondashuvlarning oldini olish, mijozning jismoniy yoki ruhiy ung‘aysizlikdan, asabiylashishdan, turli xavflardan va haqoratlardan himoya qilish;
7) o‘z xulq-atvorining yuksak axloqiy standartlarga mosligini saqlash, har qanday makrlar, birovlarni aldash, nopok xatti-harakatlarni istisno qilish. Doimo faqatgina mijoz manfaatlari yo‘lida harakat qilish;
8) o‘ziga ko‘makchilarni topa bilish, ijtimoiy ishni rivojlantirishda jamoatchilik ko‘magini ta’minlash;
9) faqatgina o‘zi vakolatli bo‘lgan doirada ish yuritish, o‘z ishining sifati uchun shaxsan mas’ul bo‘lish, tashqi ta’sir va bosimlarga berilmaslik, mijozga nisbatan qo‘llanilayotgan chora-tadbirlar, unga ko‘rsatilayotgan yordam xarakteri, axborot va to‘planayotgan ma’lumotlar haqida xabardor qilish;
10) o‘zining kasbiy munosabatlaridan shaxsiy maqsadlar yo‘lida foydalanmaslik, vaziyatlarni muhokama qilish va baholashda faqat kasbiy maqsadlar bilan ishtirok etish. Mijoz ishonib bildirgan sirni hurmat qilish va uni fosh etmaslik. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqni faqat qonuniy asoslarda olish. Bajarilgan ish uchun qimmatbaho sovg‘alar olmaslik;
11) kasbiy bilim, mahorat va malakalarni uzluksiz oshirib borishga intilish. o‘z amaliy faoliyatini kasbiy bilimlar asosida tashkil etish;
12) kasbning obro‘si va pokligini himoya qilish hamda orttirishga intilish. Kasbiy o‘zaro munosabatlar va o‘zaro ta’sir jarayonida hamkasblar ishonchiga hurmat bilan qarash, nazokat va adolatni saqlash. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hamkasbi axloqqa zid harakat qilsa, unga qarshi choralar ko‘rish va b.
Odatda, sovuqqonlik deb baholanadigan kasbiy me’yorlarni buzish yoki xatolar “beg‘amlik, malakasizlik yoki oldindan o‘ylangan niyat tufayli kasbiy me’yorlarni buzish” sifatida baholanadi. Ijtimoiy ish xizmatchilari maxfiylikni buzganlari, bolalar bilan yomon munosabatda bo‘linayotgani haqidagi shubha to‘g‘risida xabar bermaganlari, suiiste’molliklar, so‘z bilan haqoratlash yoki jismoniy zo‘ravonlik tahdidi singari holatlarga befarqlik, xatti-harakatlar yordamida haqoratlash, davolash yoki axloq tuzatish muassasasiga xato natijasida yotqizish tufayli erkinlikni cheklagani uchun sud tomonidan jazo qo‘llanilishi belgilangan.
Malaka tavsifi bilan belilangan majburiyatlarni bajarish uchun ijtimoiy soha xizmatchisi o‘zining quyidagi huquqlaridan keng foydalanadi:
- mijozlarning manfaatlarini qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyati organlarida ifodalash va himoyalash;
- maxsus ma’lumot to‘g‘risidagi va litsenziyaga mos bo‘lgan diplom yoki sertifikat bo‘lgani taqdirda davlat yoki xususiy ijtimoiy amaliyotni yuritish;
- mijozlar ehtiyojlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plash, aholi orasida sotsiologik so‘rovlar, diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish;
- mijozlarning ijtimoiy va shaxsiy muammolarini hal qilish to‘g‘risidagi rasmiy so‘rovlar va iltimoslari bilan jamoat tashkilotlariga, davlat muassasalariga murojaat qilish;
- o‘z faoliyati doirasidagi u yoki bu muammoning holati to‘g‘risida davlat idoralariga axborot berish;
- ijtimoiy tashabbus va faollik ko‘rsatganlari uchun ota-onalar, oilalar, ijtimoiy ish volontyorlarini taqdirlash to‘g‘risida korxonalar va muassasalar, tijorat tuzilmalari va jamoat birlashmalariga takliflar kiritish;
- oiladagi tarbiya, ijtimoiy ishdagi tajribani ommaviy axborot vositalari yordamida targ‘ib qilish uchun faol ish yuritish;
- muayyan ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan jamoat tashabbuskorlik harakatlariga boshchilik qilish.