7-bob. KASBIY AXLOQIY KODEKSLAR: XALQARO TAJRIBA. O‘ZBEKISTONDA IJTIMOIY ISHCHINING KASBIY VA AXLOQIY KODEKSI YARATILISHI TARIXI Reja: 1. Axloqiy kodekslar taraqqiyotida ijtimoiy ish xodimlarining xalqaro va milliy uyushmalarining roli.
2. O‘zbekistonda ijtimoiy ish rivojlanishining mumtoz va amaliy yo‘nalishlari.
3. Ijtimoiy ish amaliyoti standartlarini rivojlantirish istiqbollari. Tayanch so‘z va iboralar: ijtimoiy ish instituti, institutsionallashuv, xalqaro tajriba, xalqaro huquqiy asos, milliy qonunchilik, kasbiy standart va qadriyatlar, xalqaro kodekslar.
1. Axloqiy kodekslar taraqqiyotida ijtimoiy ish xodimlarining xalqaro va milliy uyushmalarining roli Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida “axloqiy qadriyatlar”, “axloqiy prin-siplar”, “o‘zini tutish standartlari” tushunchalarini hayotga joriy etish XX asrning 30-yillaridan boshlab Yevropaning ko‘plab mintaqalarida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining xodimlarini amaliyotga tayyorlashda foydalanilgan. Jumladan, Belgiya va Norvegiyada 1920-yilda, Italiyada 1928-yilda, Ispaniyada 1932-yilda, Isroil va Irlandiyada 1934-yilda, Lyuksemburg va Portugaliya 1935-yilda, Gretsiya va Daniya 1937-yilda ijtimoiy xizmat turlaridan foydalanilgan. Chunki ijtimoiy yordamga muhtoj inson va davlat ijtimoiy siyosati o‘rtasidagi munosabatlarda bu qatlamga alohida e’tibor qaratilgan. Ijtimoiy xizmat, davlat ijtimoiy siyosatining takomillashuvi Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Misrda ham amal qila boshlandi. 1936-yilda Hindiston hayotida sanoatning keng miqyosda rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan “Tata” guruhi tashkil etilib, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy fanlar orasidagi aloqadorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan. Misrda esa shu yili birinchi marotaba ijtimoiy xizmat xodimlarini tayyorlovchi kurs tashkil etildi289. Bunda xodimlarning axloq me’yorlari islomiy axloq asosida belgilab qo‘yildi.
Ijtimoiy xizmat, davlat ijtimoiy siyosatini institutsional tarzda amaliyotga tadbiq etilishida muhim omil hisoblanib, bunda aholining muhtoj qismi va davlat munosabatlari muvozanatini ta’minlash uchun xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5308-sonli “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida, “Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sog‘ligini saqlashni kuchaytirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, fuqarolarning bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash”290 kabi masalalar davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Shu sababli, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish amaliyotida axloqiy qadriyatlarni tadbiq etilishidan nafaqat fuqarolar, balki jamiyat va davlat ham manfaatdordir. “O‘zbekiston davlati o‘z siyosatini ‒ mamlakatda yangicha boshqaruv tizimini rivojlantirish va bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos xususiyatlari bilan mos ravishda, uning sotsial munosabatlarining negizini tashkil etuvchi guruhlar va qatlamlarga alohida e’tibor qaratib, ularning maqsad, manfaatlari hamda muammolarini hisobga olgan holda amalga oshirmoqda”291. Bu o‘z navbatida jamiyatda ijtimoiy birlik hissini shakllantirish uchun amaliy ahamiyat kasb etishi bilan birga, innovatsiyalarni qo‘llash masalasiga e’tibor qaratishni taqozo etadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, yigirmanchi asrning dastlabki yillarida ijtimoiy ish shakllangan kasb sifatida tushunilmagan. Aniqrog‘i, u o‘z faoliyatlari roli va vazifasi bo‘yicha turli qarashlarga ega bo‘lgan uchta turli yo‘nalish vakillaridan iborat bo‘lgan.