Konsyumerizm (konsumerizm, konsyumerizm) ‒ iste’molchilar (xaridorlar) huquqlarini kengaytirish va himoya qilishga qaratilgan uyushgan ijtimoiy harakat. Bu atama inglizcha consumer ‒ iste’molchidan kelib chiqadi.
Konsyumerizm harakat mafkurasining vatani ‒ AQShda bo‘lib, bu tushunchani 1962-yil 15-martda AQSh Prezidenti Jon F.Kennedi iste’molchini himoya qilish, xabardor bo‘lish, tanlash va tinglash huquqini e’lon qilgan iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. 15-mart kuni Butunjahon iste’molchilar kuniga aylandi.
Keyinchalik ko‘plab mamlakatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va tovar ishlab chiqaruvchilarning o‘z mahsulotlarining sifati va xavfsizligi uchun javobgarligini oshirish uchun shu kabi qonunlar qabul qilindi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasida birinchi marta “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘ri-sida”gi qonunni 1992-yilda qabul qildi, 1995-yilda qonunda ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi. Qonun oxirgi iste’molchilar va tovar yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonunning qoidalari xaridorlarning sog‘ligi va hayoti uchun xavfsiz bo‘lgan sifatli mahsulotlarni sotib olish, ishonchli ma’lumot va tovarlar va xizmatlarni olish huquqini belgilaydi. Reklama faoliyati 1995-yilda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi.
Umuman olganda, konsyumerizm fuqaro va davlat tashkilotlarining sotuvchi-larga iste’molchilarning ta’sirini o‘tkazish va huquqlarini kegaytirish uchun qiladigan uyushilgan harakatidir. Mamlakatimizda ham iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga katta e’tibor berilmoqda. Fikrimizning dalili sifatida 1996-yil 26-aprelida qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa bir qancha qonunlar buning yaqqol namunasidir. Mazkur Qonunning 6-moddasida iste’molchining tovarlar to‘g‘risida ma’lumot olish huquqi keltirilgan. Mazkur moddaga asosan iste’molchi ishlab chiqaruvchidan sotib olinayotgan tovar haqida ma’lumotlar olish huquqi bayon etilgan. Mazkur Qonunning 12-moddasida esa iste’molchilarning (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqi keltirilgan. Mazkur moddada ko‘rsatib o‘tilganidek, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘ligi, atrof muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga shuningdek, uning mol mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.