1. Iste’molchilar huquqlari: amaliyot kodekslari va “konsyumerizm” tushunchasi 2. Ijtimoiy xizmat mijozi shaxs, fuqaro va xizmatlar iste’molchisi sifatida 3. Himoya qilish (advokatlik). Mijozni mahalliy jamiyatga (qonun-qoida-lardan xabardorlik) kiritish prinsipi, mijozga imkoniyatlar yaratib berish. Tayanch so‘z va iboralar: iste’molchilar huquqlari, kodekslar, konsyumerizm, mijoz shaxsi, xizmatlar iste’molchisi, himoya qilish.
Iste’molchilar huquqlari: amaliyot kodekslari va
“konsyumerizm” tushunchasi Inson huquqlarini ta’minlash huquqiy davlat qurishning asosiy vazifasidir. Davlat tomonidan inson huqularini ta’minlash huquqiy kafolatlash va amaliy ishlar bilan birga olib boriladi. Davlat hamda uning organlari sudda inson huquqlari himoyasini ta’minlaydi, shaxsiy hayot daxlsizligini amalga oshiradi.
Respublikamizda qabul qilinayotgan qonunlarni amaliyotda tadbiq etish, inson va fuqarolarning fuqaroviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarini amalga oshirish imkonini beruvchi samarali tizim va tuzilmalarga muhim ahamiyat berilmoqda. Shu jumladan, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Respublikamizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator Qonunlar tizimi mavjud. Ana shunday Qonunlarning eng asosiylaridan biri 1996-yil 26-aprel kuni qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hisoblanadi. Bu Qonunning qabul qilinishiga asosiy zaruriyatni quyidagilarda deb bilish mumkin:
1. Jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish uchun faqatgina davlat yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatigina yetarli emas. Buning uchun fuqarolar o‘zlarining Konstitutsion huquq va erkinliklarini tanishlari, fuqarolik burchlarini bilishlari, o‘z haq-huquqlarini talab qilishi va ularni himoyalash ko‘nik-malariga ega bo‘lishlari zarur. Boshqacha qilib aytganda, fuqarolar Konstitutsiya va Qonunlarga amal qilib yashashni hayot tarziga aylantirishlari lozim.
2. Ikkinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida bozorlarimiz davlat tasarrufida bo‘lmagan korxonalar tomonidan “arzon bo‘lsa bas” qabilida ish tutib keltirila boshlandi. Ko‘pchilik hollarda bozorlarda sotilayotgan tovarlar qalbaki-lashtiriladi.
3. Uchinchidan, bozorda muvaffaqiyatga erishish garovi, yuksak texnologiya asosida yuqori sifatli xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish va me’yoriy hujjatlarning jahon andozalariga mos kelishini ta’minlash talab etiladi. Aynan shu tamoyillar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qator Qonunlarni ishlab chiqishga turtki bo‘ldi. Mazkur Qonunning 1-mod-dasida iste’molchi tushunchasiga quyidagicha ta’rif beriladi: “iste’molchi – foyda chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) hisoblanadi”366. Ushbu ta’rifdan ko‘rinib turibdiki, faqatgina jismoniy shaxs iste’molchi bo‘lishi mumkin.
Ayni vaqtda inson sotsial mavjudot ham, u shaxs sifatida jamiyatda, fuqaro sifatida davlatda harakat qilish uchun muayyan ijtimoiy xizmatlarga, tovarlarga, bilim va axborotlar olishga, transport, kommunikatsiya vositalaridan foydalanish va shu kabilarga ehtiyoj sezadi.
Jismoniy shaxsning biologik va sotsial mavjudot sifatidagi ehtiyojlari bu ehtiyojlarni qondirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Ushbuni qondirmay turib, bar-kamol insonni, shaxsni, fuqaroni shakllantirib bo‘lmaydi. Shu sababli ham inson-ning moddiy, maishiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish – bu ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan vazifadir. Aslini olganda, jamiyatdagi barcha ijtimoiy institutlar, iqtisodiy tuzilmalar inson mavjudligi uchun bor va unga xizmat qiladi. Insonning moddiy, maishiy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirishdan inson ham, jamiyat ham teng darajada manfaatdordir. Ayni paytda bu ehtiyojlarni qondirish shunchaki oddiy, jo‘n jarayon emas. Agar taraqqiyotning tarixiy bosqichlarida rivojlanmagan natural xo‘jalik ustuvorlik qilgan davrlarda inson o‘z ehtiyojlarini asosan o‘zi qondirgan bo‘lsa, bugungi kunda u bunga qodir emas. Chunki birinchidan, inson ehtiyojlari doirasi kengaydi, ikkinchidan, har qanday tovar, ish, xizmat uni tayyorlovchi yoki amalga oshiruvchidan maxsus malaka va bilim talab etadi. Eng asosiysi shundan iboratki, inson o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun har kuni o‘nlab tovar ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar va ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar bilan huquqiy munosabatlarga kirishadi. Bu huquqiy munosabatlarning pirovard maqsadi insonning moddiy, ma’naviy va maishiy ehtiyojlarini to‘la va samarali qondirish hisoblanadi. Demak, bunday holatda, tovarlar, ishlar, xizmatlardan bevosita o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanadigan shaxs alohida huquqiy maqomga ega bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Keksa-lar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasida “Ijtimoiy xizmatlar”ga quyidagicha ta’rif keltirilgan: “Ijtimoiy xizmatlar shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng bo‘lgan imkoniyatlarini yaratishga va (yoki) o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xizmatlarga muhtoj shaxsga yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuyidir”367.
Demak, ijtimoiy xizmatlar ma’lum bir mijozning turmushi sifatini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli sanaladiki, bunda uning iste’molchi sifatida huquqlarni himoya qilish muhim hisoblanadi. Qonunda mijoz iste’molchi huquqiy maqomi shaxsiy iste’mol va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaroga berilishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekistonda mustaqillik-yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, bu borada amalga oshirilgan islohotlar ko‘lami 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”da o‘z ifodasini topganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, “Harakatlar strategiyasi”ning ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan”. Bunda “sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchi-ligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash”368 kabi ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, mazkur ustuvor yo‘nalish bo‘yicha quyidagi vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
“2.1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish;
2.2. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash;
2.3. Ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini takomillashtirish;
2.4. Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish;
2.5. Sud-huquq tizimida qonuniylikni yanada mustahkamlash;
2.6. Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish”369.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasi jamiyatimiz ijtimoiy hayotida ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, “Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko‘paytirildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan-yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion so‘m yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion so‘m ko‘p mablag‘ sarflandi.
Qishloq joylarda – 17 ming 100 ta, shaharlarda – 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar ko‘p arzon va shinam uylar qurildi.
Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi. Bunday baho barchamizga cheksiz g‘urur, iftixor va kuch bag‘ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi”370.
Shuningdek, “Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlarni davom ettirilmoqda. Buning uchun, birinchi navbatda, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbayiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda.
Ba’zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb o‘ylaydi. Bu – bir tomonlama yondashuv bo‘lib, muammoni to‘la yechish imkonini bermaydi.
Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir”371.
Bundan tashqari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleya-sining 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan konseptual qarashlarda inson huquq-larini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan:
“Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.
... Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
... Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorimizni ochiq e’lon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz”372 – deya ta’kidladilar.
Demak, mamlakatimizda so‘nggi yillarda iste’molchilar huquqini ta’minlash borasida pozitiv islohotlar va chora-tadbirlar natijasi ularoq samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Biz barchamiz iste’molchimiz. Har birimiz kundalik turmushda savdo do‘koniga kirganimizda ham, jamoatchilik transportiga chiqqanimizda ham, oshxonaga xo‘randa sifatida tashrif buyurganimizda ham, umuman tovarlar sotib olganimizda, ishlar, xizmatlardan foydalanganimizda ham iste’molchi huquqlaridan foydalanamiz. Iste’molchilar huquqlarining ustivorligi esa asosiy Qonunimiz – Konstitutsiyada o‘z mujassamini topgan. Konstitutsiyamiz Asosiy qonun sifatida mamlakatimiz qonunchilik faoliyatini rivojlantirishga va bu sohada erkin ijod qilishga sharoit yaratib berdi. Uni ijtimoiy hayotning turli sohalaridagi masalalarni hal qilib beruvchi boshqa hamma qonunlarning, shu jumladan, maxsus Qonunlar tizimini tashkil etuvchi Kodekslarning yuridik manbayi, poydevori desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ana shu bosh Qonunimizda inson va fuqarolarning asosiy huquqlari erkinlik va burchlariga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, Konstitutsiyaning 18-moddasida quyidagicha yozilgan: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar qonun oldida tengdir”373. Bosh Qomusimizning 30-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim”374ligi belgilangan. Aynan shu moddaga binoan har bir fuqaroning iste’molchi sifatida ham huquqlari kafolatlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentabr-dagi PF-5817-sonli “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4126-son qarorini samarali amalga oshirish maqsadida:
Vazirlar Mahkamasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilib, quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
“iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy ijrosini ta’minlash;
iste’molchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi to‘g‘risidagi haqqoniy va to‘liq ma’lumotlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda olish imkoniyatlarini ta’minlash;
aholining iste’molchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
iste’molchilarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;
iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish;
iste’molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;
tadbirkorlik va iste’molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto‘g‘ri reklamaning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish;
iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
iste’mol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini o‘rganish;
iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari bo‘yicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish”375.
Bundan tashqari, 2020-yil 24-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4813-sonli qarori bilan MDH doirasida amal qiluvchi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hujjatlar tasdiqlandi. Xususan, ushbu hujjatga muvofiq:
– Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarini iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida Bitim (2000-yil 25 yanvar, Moskva);
– Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarini iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida 2000-yil 25-yan-vardagi Bitimiga o‘zgartirish kiritish haqidagi Bayonnoma (2011-yil 19-may, Minsk) tasdiqlandi.
Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha MDH Maslahat kengashining to‘laqonli a’zosiga aylandi. Ushbu Kengash faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib:
– iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida MDH ishtirokchi-davlatlar hamkorligining muvofiqlashtirilgan siyosatini olib borish prinsiplari va qoidalarini ishlab chiqish, uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish;
– MDH ishtirokchi-davlatlar davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida, shu jumladan, MDH ishtirokchi-davlatlarning fuqarolar tegishli huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy tajribasi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning jahon tajribasi to‘g‘risida axborot almashinuvining samarali tizimini yaratish;
– MDH ishtirokchi-davlatlarida huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba almashish va qonunchilikni uyg‘unlashtirishda ko‘maklashish376 kabi vazifalar belgilandi.
MDH Maslahat kengashi tarkibini bugungi kunga qadar, Armaniston, Bela-rus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikistontashkil etgan bo‘lsa, endi O‘zbekiston ham ushbu davlatlar qatoridan o‘rin oldi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi MDH Maslahat kengashi-ning to‘laqonli a’zosi sifatida milliy qonun hujjatlari loyihalarini muhokama qilishda ishtirok etishi hamda ushbu sohadagi o‘z hujjatlarini muhokamaga chiqarish huquqiga ega.
Ushbu yangilikning eng ahamiyatli jihati shundaki, endilikda ushbu ishtirokchi-davlatlar hududida iste’molchilarimiz huquqlarini himoya qilish imkoni yaratildi, xuddi shunday sharoit O‘zbekiston hududida ushbu ishtirokchi davlatlar fuqarolari uchun ham amal qiladi.
Alohida ta’kidlash joizki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida MDH ishtirokchi-davlatlar Maslahat kengash majlislarida qatnashish – bu o‘ziga xos tajriba almashish, xorijlik mutaxassislarning muhim tavsiyalarini olish imkoniyati, MDH barcha davlatlari uchun muhim va dolzarb bo‘lgan sohalarda iste’molchilar huquqlarini to‘laqonli himoyalashni ta’minlash bilan bog‘liq global muammolarni muhokama qilish maydoni bo‘lib hisoblanib, buni konsyumerizm harakat sifatida baholash mumkin.