Daochilik. Daochilik ta’limotining asoschisi Lao-zi (miloddan avvalgi VI-V asrlar), yirik namoyandasi Chjuan-zi (miloddan avvalgi 369-286 yillar) hisoblanadi. Lao-ziga nisbat beriladigan «Dao de zin» kitobida daochilikdagi asosiy yo‘nalishlar-ning mohiyati aks etgan. “Dao ‒ hamma narsadan ustun”, “ildiz”, “Yer va Osmon-ning onasi”, “dunyoning ilk asosi”, “si” esa moddiy asos, dao “de”ni ‒ fazilatni undan yaratadi. Shuningdek, “dao” yo‘l ma’nosini ham anglatadi. “Dao de zin”ni “Fazilat yo‘li” deb ham atash mumkin.
Inson mavjud olam kabi dao qonunlari asosida vujudga kelgan, u tabiatning bir qismi, uning vazifasi fazilat (de) yo‘lidan borish. Har qanday sun’iy aralashuv, tabiatning muvofiqlik tartibini o‘zgartirishga intilish-odamlar uchun halokatli, barcha yovuzliklarning, son-sanoqsiz baxtsizliklarning manbayi tabiat joriy etgan qonunlardan chekinishdadir. “Osmon va yer insonparvarlik xususiyatiga ega bo‘lmagani uchun barcha mavjudotga o‘z hayoti bilan yashash imkonini beradi. Komil donishmand insonparvarlik xususiyatiga ega bo‘lmagani uchun xalqqa o‘z hayoti bilan yashash imkonini beradi”,‒ deb yozadi Lao-zi.171 Shu sababli uning nazdida faoliyat ‒ daoga qarshi qaratilgan va xalqqa zarar keltiradi, uning asosiy axloqiy tamoyili “uvey” ‒ faoliyatsizlik; donishmand kishining “dao”si, bu ‒kurashsiz faoliyat. Lekin bu kurashsiz faoliyat aslida tabiatga qarshi bo‘lmagan faol xatti-harakat, faqat daoga xos, tabiat qonunlariga mos faoliyat.
Ayni paytda, Lao-zining fikricha, donishmand bilimini oshira borib, uni odamlarga tarqatmaydi, faqat xalqning farovonligi uchun ishlatadi; chunki xalqning bilimi kuchli bo‘lsa, uni boshqarib bo‘lmaydi. Uning yemagini totli, kiyimini chiroyli, uy-joyini tinch, hayotini quvonchli qilish kerak, xolos. Ana o‘shanda, ya’ni ilm-fan taraqqiy etmasa, sivilizatsiya kirib kelmasa, bir davlat qo‘shni davlatga ko‘z olaytirmaydi, urush bo‘lmaydi. Xullas, donishmand ibtidoiy davrlarni ideallash-tiradi.
Xulosa qilib aytganda, daochilik axloqshunosligidagi asosiy maqsad ‒ odam-larning tabiat ko‘rsatgan yo‘ldan borishiga erishish; tamoyili ‒ faoliyatsizlik; xalq-ning baxti-uning urug‘chilik, qabilachilik munosabatlaridagi tenglik va soddalikka qaytishida; donishmandlarning baxti esa mo‘tadillik, xotirjamlik, tabiatga yaqinlikdadir.