Ijtimoiy ish xodimi mijoz bilan muloqot qilganda: 1. Dastlabki vizual aloqani o‘rnatish juda ham muhim. “Ko‘zning ko‘zga tushishi” suhbatdoshni samimiy bo‘lish va haqiqatni so‘zlashga undaydi. Odam o‘zida boshqa kishining nigohini qancha uzoq sezsa, shuncha tez javob beradi.
2. An’anaviy so‘rashishdan (qo‘l uzatishdan) so‘ng mijoz bilan shunday joylashib o‘tirish kerakki, orangizda hech qanday to‘siq (stol, balandlik va h.k.) bo‘lmasin. Suhbatni erkin holatda olib borish lozim (oyoq va qo‘llarni chalishtirish suhbatdoshni “berkitib qo‘yadi”). Mijoz va ijtimoiy xodim bir-birining qarshisida emas, yonida (masalan, divanda) o‘tirishganda suhbat ancha ochiq bo‘ladi.
3. Yonma-yon o‘tirgach, darrov mijozning shaxsiy maydoniga (120 sm) surilish lozim. Biroq, bunda 45 sm gacha bo‘lgan masofa intim zona hisoblanib, unga “kirish uchun” faqat yaqin odamlarga ruxsat beriladi.
4. Teginib o‘tirish ochiq suhbatga chorlaydi. Suhbatning biror qismida imo-ishora yoki harakatlar bilan mijozga tegilsa, bu hol tabiiy ko‘riladi.
5. Mijozning so‘zlariga diqqat bilan quloq solish lozim.
Odatda, barcha zarur axborotni mijoz o‘z suhbatining dastlabki 30 daqiqasida bayon qiladi. Vaqtning qolgan kismida esa bayon qilingan axborot takrorlanadi va suhbat mavzusi uchun unchalik zarur bo‘lmagan chekinishlar qilinadi.
Demak, muzokara olib borishda quyidagi qoidalariga amal qilish lozim: o‘z oldingizga qo‘ygan vazifani nazardan qochirmang, nima bilan shug‘ullanayotganingiz haqida beriladigan savolga javob berish uchun tayyor bo‘lib turing.
e’tiborli bo‘ling va suhbatdoshingizning gapini bo‘lmang.
Suhbatdoshingizni u yetti uxlab tushiga ham kirmagan narsada ayblamang. Bu uni mudofaa mavqeyiga o‘tib olishga majbur qiladi va muzokaralarning umumiy asabiyligi va agressivligiga sabab bo‘ladi.
Muzokara boshidanoq samimiy va oqko‘ngil bo‘ling. Suhbatdoshingizga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, lekin uning oldida yaltoqlanmang.
Suhbatdoshni eshitishni biling. Uning haqiqiy motivlari va istaklarini tushunishga xatti-harakatlari, imo-ishoralari va so‘zlari nimalarni ifodalayotganini anglashga harakat qiling.
Suhbatdoshingizni o‘z tomoningizga “ag‘darib olishga”, uning muammolarini o‘zingiz hal qilib berishga urinmang.
O‘z muammoingizda vakolatli bo‘ling, sizga berilgan savolning javobini bilmasangiz, uni ichingizdan to‘qib chiqarmang va sizga berilmagan savolga javob berishga harakat qilmang.
Kambag‘allik va nochorligingiz bilan “maqtanmang”.
O‘tmish to‘g‘risida emas, kelajak to‘g‘risida ko‘proq gapiring.
“Mayda gap” bo‘lmang va muhim bo‘lmagan masalalar yuzasidan tortish-mang. Tashakkur bildiring (yordam, ajratilgan vaqt, masalahat va h. k. uchun). Suhbatdoshingizga u bilan uchrashuvingiz siz uchun juda muhim bo‘lganini etkazib qo‘ying.
Muzokaralar muvaffaqiyatsizlik bilan tugashiga doimo tayyor turing.
Mijozlarning muammolarini hal qilishda ijtimoiy ishchi ko‘pincha boshqa muassasa, tashkilot va idoralarning mutaxassislariga yordam so‘rab murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bir marotabali shaxsiy muloqotlar uzoq muddatli o‘zaro majburiyatlarga nisbatan ijtimoiy ishchi uchun murakkabroq bo‘ladi, uning faoliyati samaradorligini pasaytiradi. “Kerakli” odamlar va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini to‘g‘ri o‘rnata bilish ijtimoiy ishchi muvaffaqiyatining kafolatidir. Bunda quyidagi hamkorlik munosabatlari rivojlanishiga xalaqit berayotgan muammolarni ham e’tiborga olish lozim:
- tomonlar manfaatlarining noaniqligi va kelishtirilmagani;
- kutilayotgan natijalar to‘g‘risidagi tasavvurlarning turlichaligi;
- o‘zaro axborot almashishning zaifligi;
- munosabatlarni huquqiy jihatdan shakllantirilmagani.
Moliyaviy mablag‘larni jalb qilish va ulardan foydalanish masalasidagi noaniqlik. Rejalashtirishning yo‘qligi, kim nima uchun mas’ul ekani to‘g‘risida tasavvur shakllantirilmagani.
Ijtimoiy ishchining faoliyatida verbal va noverbal vositalar yordamida amalga oshiriladigan, rasmiy-ish doirasida amalga oshiriladigan, bevosita muloqot shakli bo‘lgan suhbatga katta o‘rin ajratiladi. Ish yuzasidan o‘tkaziladigan suhbatlar quyidagi xususiyatlarga ega:
♦ hamkorlarning o‘z mavqelarini aniq va ishonarli qilib bayon qila olish layoqatlari va muloqot maqsadlarini hisobga olgan holda muzokara predmetiga tanlab yondashish;
♦ sherikning so‘zlariga munosabat bildirishning tezligi; sheriklar fikri va takliflariga tanqidiy baho berish;
♦ subyektiv va obyektiv omillarni hisobga olish va baholashga tahliliy yondashuv;
♦ mazkur muammo bo‘yicha mavjud nuqtayi nazarlarni tanqidiy tahlil qilish orqali o‘zining ahamiyatini bilish va sheriklarning malakalarini oshirish;
♦ muammoni hal qilishga aloqadorligi va mas’ulligini his qilish.
Xizmat yuzasidan suhbatlarni o‘tkazish bo‘yicha quyidagi tavsiyalar beriladi:
1) suhbat rejasini oldindan yozib olish, eng muhim iboralarni tanlash;
2) suhbatdoshga suhbat davomida vaqti-vaqti bilan ta’sir o‘tkazish tamoyilidan foydalanish: noxush momentlarni yoqimlilari bilan almashtirib turish, suhbatning boshida va oxirida ijobiy narsalar to‘g‘risida gapirish;
3) suhbatdoshning asosiy motivlarini doimo yodda tutish: uning kutishlari, shu suhbat natijasida u qo‘lga kiritmoqchi bo‘layotgan afzalliklar, uning mavqelari, o‘zini namoyon qilish istagi, adolat tuyg‘usi, o‘zini hurmat qilishi;
4) suhbatga aloqasi bo‘lmagan chet kishilarning hozir bo‘lishidan qochish;
5) har qanday vaziyatda xushmuomala bo‘lish, yuksak didni namoyish qilish;
6) suhbatdoshning ijobiy javob berishiga ko‘maklashish;
7) suhbatdosh “yo‘q” deb javob berishi mumkin bo‘lgan savollarni chetlab o‘tishga intilish;
8) agar suhbatdosh sizning fikringizga qo‘sxilmasa, uni batafsil bayon qiling;
9) suhbat mavzuidan chetga chiqmaslikka harakat qilish, yo‘l-yo‘lakay chekinishlardan qochish, fikrni ishonarli qilib optimistik kayfiyatda ifodalash.
Shuni ham esda tutish zarurki, suhbatdoshning so‘zlarini beodoblik bilan bo‘linganda, uning o‘z fikrini bayon qilishiga asossiz yo‘l qo‘yilmaganda, uning dalillarini e’tiborga olmaganda yoki mazax qilganda, faktlar buzib ko‘rsatilganda, asossiz shubhalar bayon qilinganda va boshqa shu kabi holatlar suhbatning risoladagiday o‘tishiga xalaqit beradi.