1943-1944-yillarda Sobiq Ittifoqning Kavkazda yashovchi ko‘plab millatlari o‘z vatanidan quvg‘in qilinadi. Jumladan: Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943-yil 12-oktabrda;
Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943-yil 27-dekabrda;
Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944-yil 29-yanvarda;
Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944-yil 24-fevralda;
Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944-yil 10-mayda quvg‘in qilinadi.
Yuqoridagi millatlarni quvg‘in qilib ham tinchimagan Beriya 1944-yil 24- iyul kuni Stalinga №7896-raqamli xat bilan murojaat qiladi:
“Bir necha yil davomida Turkiya bilan chegaradosh hudud aholisi chegaraning narigi tarafidagi Turkiya fuqarolari bilan qarindoshlik aloqalarini saqlab kelmoqda. Ayrimlari Turkiyaga muhojirlikka ketmoqda. Shuningdek, ular faol ravishda kontrabanda bilan shug‘ullanmoqda va turk josuslik idoralariga turli ma’lumotlar yetkazib berib, o‘zlari ham josuslik to‘dalarini tuzishda xizmat qilmoqda...
NKVD Axalsix, Axalkalaki, Adigen, Aspindz va Bogdanovsk tumanlaridan hamda Ajariya ASSRning bir necha tumanidan 16 700 turk, kurd, xemshinli oilala-rini ko‘chirish lozim deb hisoblaydi”.
Stalin Beriyaning bu taklifini ham ma’qullaydi. 31-iyul kuni SSSR mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi №6279-raqamli “mutlaqo maxfiy” qarorni qabul qildi. Qarorda Gruziya SSR janubida, Sobiq Ittifoqning Turkiya bilan chegara hududlarida yashovchi mesxeti turklari, kurdlar va xemshinlilarni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududiga badarg‘a qilish ko‘zda tutilgan edi.
“Mutlaqo maxfiy” qaror 1944-yilning iyul oyida qabul qilingan bo‘lsa-da, Beriya negadir uni bajarishni noyabr oyigacha kechiktiradi. 14-noyabr kuni birdaniga Mesxetiyani NKVD xodimlari bosadi va mahalliy aholiga zudlik bilan uylarini tark etishi lozimligi, aks holda buyruqni bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, o‘sha joyning o‘zida otib tashlanishi mumkinligi aytiladi.
Aholini zudlik bilan quvg‘in qilish ishlariga NKVD va xavfsizlik xizmatining 4 mingdan oshiq tezkor xodimi jalb etiladi. Odamlarga jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i ikki soat vaqt beriladi. Mesxeti turklar zo‘rg‘a kiyim-kechak olishga ulguradi.
Shundan so‘ng, 17-noyabr kuni mesxeti turklarni 25-eshelonda vagonlarga tiqib, Markaziy Osiyoga jo‘natishadi. Quvg‘in kuzning sovuq kunlarida boshlangan bo‘lsa-da, mesxeti turklar yuk vagonlarida manzilga dekabrning so‘nggi o‘n kunligida, qishning ayozida yetib borishadi. Ana shunday og‘ir sharoitda manzilga yetib borguncha surgun qilinganlarning 25-30 foizi halok bo‘ladi.
Havo sovuq bo‘lgan kunlarda, yuk vagonlarda 5-6 haftalab uzoq yo‘l bosish mesxeti turklarni holdan toydiradi. Yuk vagonlaridagi og‘ir holat, kasallik va epidemiya tarqashiga sabab bo‘ladi, oqibatda ko‘pchilik halok bo‘ladi.
Mesxeti turklarning omon qolgan qismi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yetib kelganda qishning ayni avj pallasi edi. Ana shunday holatda ular sovuq baraklar, palatkalarda jon saqlashga majbur bo‘ladi. Bugun yurtimizda yoki boshqa yurtlarda yashayotgan keksa yoshdagi mesxeti turklardan o‘sha dahshatli kunlar haqida so‘rasangiz, ular gap boshlashdan avval, albatta, ko‘z yosh to‘kib oladi. Sababi, ularning aksariyati juda yosh bo‘lgan, uyidan, vatanidan quvib chiqarilgani yetmaganday, so‘nggi manzilga yetib kelguncha o‘z yaqinlarini ham yo‘qotgan.
Quvg‘in qilinganlarning umumiy soni qariyb 120 ming nafar bo‘lgan. Ularni avvaliga maxsus baraklarga, palatkalarga joylashtirishadi. Keyinchalik mahalliy aholi yordamida ular uy-joy tiklab oladi. Quvg‘in qilinganlarga o‘zlari joylash-tirilgan hududdan boshqa joylarga borish taqiqlanadi.
1953-yilning martida Stalin vafot etadi. Uning davrida nohaq qamalganlar bilan birga nohaq quvg‘in qilinganlar ishi ham qayta ko‘rila boshlanadi. Nihoyat, 1956-yil 18-aprelda sobiq Ittifoq Oliy Soveti Prezidiumi boshqa millatlar qatori mesxeti turklari, kurdlar va xemshinlilarning quvg‘in qilinishi xato bo‘lgani haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng, boshqalar qatori mesxeti turklariga ham Sobiq Ittifoq bo‘ylab erkin harakatlanib, ko‘chib yurish huquqi beriladi. Ammo boshqalardan farqli o‘laroq, mesxeti turklariga tarixiy vatani Mesxetiyaga qaytishga ruxsat berilmaydi. Shu sababli ularning asosiy qismi surgun qilingan joyi – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yashab qoladi. Ozroq qismi RSFSRdagi Kabardin-Bolqor ASSRdan berilgan yerga ko‘chib boradi.
Mesxeti turklari – oltoy tillari oilasining turk guruhiga kiruvchi, turk tillarining o‘g‘uz lahjasida gapiruvchi, turk, ozar va gagauz millatlariga yaqin bo‘lgan millat hisoblanadi. Ular o‘zlarini Ahiska turklari (Ahıska Türkleri) deb ataydi. Bugun dunyoda yarim milliondan oshiq mesxeti turklari bor. Ular dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan. Mesxeti turklarining eng katta qismi Qozog‘iston, Rossiya va Turkiyada yashamoqda. Ularning aksariyati islom dinining sunniylik yo‘nalishiga, hanafiya mazhabiga amal qiladi.
Bugun bu millatga Turkiya, Ozarboyjon katta e’tibor va yordam beryapti. Masalan, 2014-yilda Ukraina sharqida ayirmachilar bilan hukumat o‘rtasida qurolli mojaro kelib chiqqanida Turkiya hukumati mojaro ichida qolgan mesxeti turklariga boshpana berishini ma’lum qiladi va 400 nafarga yaqin mesxeti turklariga boshpana beradi. Qolaversa, Turkiyaga ko‘chib boradigan mesxeti turklariga ham ko‘plab imtiyozlar taqdim etiladi.
O‘tgan asrning 80-yillari oxirida mustabid bir tuzum bo‘lgan Sobiq Ittifoq parchalanib ketish arafasiga kelib qoladi. Ana shunday vaziyatda mamlakatni tarqab ketishdan asrab qolishga ko‘zi yetmagan Sobiq Ittifoq rahbariyati turli hududlar bo‘ylab, turli millatlar o‘rtasida qonli nizolar uyushtira boshlaydi.