Ijtimoiy guruhlarni tasniflash turli-tuman asoslarga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Shartli va real guruhlar farqlanadi. Real guruhlar yirik va kichik bo‘ladi. Yirik guruhlar doirasida uyushmagan, stixiyali tarzda vujudga kelgan va uyushgan, uzoq muddat mavjud bo‘lgan guruhlar farqlanadi. Ushbu tasnifni quyidagicha ifodalash mumkin:
1-jadval
GURUHLAR
SHARTLI
REAL
SUN’IY
TABIIY
YIRIK
KICHIK
STIXIYALI BARQAROR SHAKLLANAYOTGAN RIVOJLANGAN
A’zolik guruhlari va referent guruhlar alohida ajratiladi. Referent guruh muayyan ahamiyatga molik muloqot davrasi bo‘lib, individ unga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib qo‘shiladi. A’zolik guruhi va referent guruh o‘zaro mos kelmasligi mumkin va bu holda individ xulq-atvorining o‘z guruhi normalari bilan nomuvofiqligi muammolari yuzaga keladi. Referent guruh nazariyasidan foydalanish o‘smirlar g‘ayriqonuniy xulq-atvori mexanizmini tushunish imkonini beradi.
Hozirgi jamiyatda individ bir paytning o‘zida ko‘p sonliguruhlarga mansub bo‘ladi, shu tufayli ham in-guruhlar va aut-guruhlarning ko‘pgina aloqalari o‘zaro kesishadi. Biroq in-guruhga oid identifikatsiyalar farqlarni anglab yetishning intensivlik darajasini pasaytirmaydi. Bu turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelganida ayniqsa, bo‘rtib namoyon bo‘ladi va ba’zan undan siyosiy spekulyatsiya maqsadlarida foydalaniladi. Tarix konfliktlashayotgan taraflar o‘z raqiblarini “ikkinchi darajali odamlar” deb hisoblashlarini va bu har bir tarafga ularga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘lish imkonini berishini ko‘rsatadi.
Marginal shaxs (lot. marginalis – arosatdagi shaxs) – muayyan ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi oraliq vaziyatni egallagan individ yoki biror tabaqa, qatlamga mansub bo‘lmagan individni ifodalovchi atama. Marginal shaxs atamasi amerikalik sotsiolog R.Park tomonidan XX asrning 20-yillarining ikkinchi yarmida mulatlarga nisbatan ilk bor qo‘llangan. Uning fikricha, jamiyatda egallab turgan mavqeyiga ko‘ra o‘ziga xos xususiyatlarga, ya’ni bezovtalik, tajovuzkorlik, shuhratparaslik, qiziqqonlik, tortinchoqlik va egoistik jihatlarga ega bo‘lgan kishilar marginal shaxsdir. Marginallik holati individ yoki guruhning ruhiyati, maqomi, jamiyatda tutgan o‘rniga muayyan ta’sir o‘tkazib, ularning ijtimoiy-siyosiy xulq-atvorida yaqqol namoyon bo‘ladi. Marginal shaxs va marginallik ko‘proq qoloq mamlakatlar ijtimoiy hayotiga xos hodisa bo‘lib, ayrim hollarda jamiyat taraqqiyotiga, uning iqtsodiy va siyosiy barqarorligiga xavf tug‘diradi. Masalan, Bangladesh, Birma, Shri-Lanka singari Osiyo va bir qator Afrika davlatlarida marginal qatlamlar ta’sir kuchiga ega bo‘lib, davlat to‘ntarishlari, milliy-etnik to‘qnashuv-mojarolar, uyushgan jinoyatchilikning avj olishi, ya’ni ijtimoiy barqarorlikning izdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, marginal shaxs deganda mamlakat aholisi ma’lum bir qismining “arosatda qolgan”, o‘z ijtimoiy guruhidan begonalashgan, boshqa ijtimoiy guruhga qo‘shilib, uning tarkibida o‘z ijtimoiy maqomiga ega bo‘lmagan, huquqiy holati noaniq yoki haq-huquqlari aniq belgilanmagan guruh yoki shaxs tushuniladi.