Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari



Yüklə 1,06 Mb.
səhifə71/193
tarix20.09.2023
ölçüsü1,06 Mb.
#146084
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   193
Muso vasiyati (dekolog)223. Dunyoviy ideal bilan, to‘g‘rirog‘i, ijtimoiy-axloqiy ideal bilan diniy ideal, bir qaraganda, o‘xshashdek ko‘rinsa-da, aslida keskin farq qiladi. Chunonchi, musulmonlar uchun ‒ Muhammad alayhissalom, nasroniylar uchun ‒ hazrati Iso, yahudo dinidagilar uchun ‒ hazrati Muso ideal hisoblanadi. Ular ideal sifatida hech qachon o‘zgarmaydi, boqiy. Ijtimoiy-axloqiy ideallar esa o‘zgarishi mumkin va ko‘p hollarda o‘zgarib turadi.
Muso ‒ Qur’onda tilga olingan payg‘ambarlardan biri. Qadimgi yahudiy man-balarida Moshe, xristian manbalarida Moisey nomi bilan ma’lum. Yahudiylikka (iudaizmga) e’tiqod qiluvchilar Musoni iudaizm asoschisi deb hisoblaydilar. Qur’onning bir necha suralarida Musoning nomi qayd etilgan. Ba’zi rivoyatlarda Muso Bani Isroil qabilasida tug‘ilishi, Misr podshohi (firavn)ning taxtdan ketishiga sababchi bo‘lishi, taqdir taqozosi bilan Misrdan qochib ketishi va arab qiziga uylan-ganligi aytiladi. Xudo Musoni Isroil qabilasini Firavn zulmidan ozod qilib, Misrdan olib chiqib ketishga da’vat qiladi. Unga Sino tog‘ida “10 vasiyat” toshlavhasini taqdim etadi. Muso qo‘lidagi tayoqning ilonga aylanishi, cho‘ntagidan qo‘lini chi-qarganda oyna kabi yaltirab ko‘zlarni qamashtirishi kabi mo‘jizalarga ega bo‘lgan. Unga Tavrot nozil etilgan. Musoni yahudiylar, musulmonlar, xristianlar payg‘ambar deb hisoblaydilar224.
Xristian etikasi. O‘rta asrlar Ovro‘pasida nasroniylik dini falsafa, adabiyot va san’at kabi ma’naviy sohalarga yondash turish bilan kifoyalanmadi, balki ular orasida birinchi bo‘lishga, mutlaq hukmronlikka intildi. Axloqshunoslik oldida nas-roniylik ta’limotini ratsional tarzda umumlashtirish vazifasi turardi ‒ cherkov talabining mohiyati ana shu edi. Mazkur vazifa esa Bibliyadagi quyidagi axloqiy konsepsiyadan kelib chiqadi.
Xudo olamning yaratuvchisi va unga jon baxsh etuvchi mohiyatdir. U ‒ mutlaq ijodiy-yaratuvchi ibtido, ayni paytda, olamning oliy maqsadi, yashirin ma’nosi. Xudo nimaniki yaratadigan bo‘lsa, uni o‘zi uchun yaratadi va faqat birgina U o‘z faoliyatining sababi, me’yori va maqsadini o‘zida mujassam etadi. Boshqa barcha mavjudot bunday muxtorlikdan benasib: ular Xudo sababli va Xudo uchun mavjud. Inson ham bundan mustasno emas. Lekin inson, shuning barobarida, muayyan imtiyozga ham ega zot. Zero, u Xudoga o‘xshash, ammo Xudo bilan aynan emas: hissiyotli, o‘limga mahkum yerdagi mavjudot. U erkin qilib yaratilgan va oliy maqsadi bo‘lmish ‒ Xudoga ibodat uning uchun majburiyat shaklida yuzaga chiqadi. Chunki insonning yerdagi, o‘z baxtini izlashga qaratilgan butun hayoti ‒ inkor etilishi lozim bo‘lgan gunohkorlikdan iborat. Ilk ajdod ‒ Odam Atoning qilmishi bunga yorqin misoldir. Xullas, nasroniylik ta’limoti mantiqiga ko‘ra, inson Xudoga ibodat qilish uchun yaratilgan, biroq u o‘zi Xudo bo‘lgisi kelib qoladi: barcha insoniy baxtsizliklarning sababi mana shu kibr-u havo, axloqiy mustaqillikka da’vodan kelib chiqadi, umuman, hamma yovuzliklarning ildizi shunda.
Shunday qilib, nasroniylik axloqi mavjudlikning mohiyat bilan mos kelmas-ligiga asoslanadi. Inson o‘zining mohiyatan belgilangan o‘zligini amalga oshira olmaydi. Chunki u gunohkor zot; u faqat Xudo yordamidagina gunohdan qutulishi mumkin. Iso ‒ insonning Xudo bilan birlashuviga va, ayni paytda, bunday birlashuvning faqat Xudo tufayligina ro‘y berishiga dalolatdir. Shu bois Xudoga iqtido Isoga iqtido qilishda o‘zini namoyon etadi. Odam Atodan gunohkorlik boshlangan bo‘lsa, Isodan yangilanish, ruhan qayta tug‘ilish boshlanadi, chunki aynan u gunohdan qutulish yo‘lini ko‘rsatdi. Iso o‘z mavjudligining oliy va yagona ma’nosini Xudo-Otaga yetishishda deb biladi. U havoriylarni ota-ona va o‘g‘il-qizlarini tark etishga chaqiradi, chunki kimda-kim gunohdan qutulish yo‘liga kirsa, uning qalbida Xudodan o‘zga zotga joy bo‘lmasligi kerak, yonveringdagilarni xuddi o‘zingdek sevmoq Xudoga muhabbatning in’ikosidir; Xudoni sevmoq ularni sevish orqali amalga oshadi. Hammani sevish kerak, degan talab shundan. Agar inson tanlab sevsa, birovga ezgulik, boshqasiga yovuzlik qilishi mumkin va bu bilan u bo‘yniga Xudolik huquqini olgan, ya’ni nima adolatli-yu, nima adolatsiz ekanini o‘zi hal etgan bo‘ladi.
Umuman olganda, o‘rta asrlar Ovro‘pa axloqshunosligi u qadar yuksak darajaga ko‘tarila olmadi. Faqat O‘rta asrlardan Yangi davrga o‘tish bosqichi sifatida namoyon bo‘lgan Uyg‘onish davridagina muayyan o‘zgarishlar ro‘y berdi: O‘rta asrlar musulmon Sharqida o‘rtaga tashlangan ko‘pgina axloqiy muammolar ta’sirida axloqqa insonparvarlik, insonni ulug‘lash, inson aqliy qudratiga ishonch singari yangicha nuqtayi nazardan yondashildi.

Yüklə 1,06 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin