Muqaddas kitoblar axloq kodeksi sifatida Turli diniy tizimlarda komil shaxs axloqi nazariyasi Hadisi sharif. Muhammad alayhissalomning hayoti va faoliyatlaridan so‘z yurituvchi, u kishining diniy-axloqiy ko‘rsatmalaridan tashkil topgan manbalar hadislardir. Ular odatda Hadisi Sharif yoxud Sunnat deb ataladi hamda Qur’ondan keyingi eng ulug‘ kitob hisoblanadi. Hadislar yozma emas, og‘zaki manbalar bo‘lgani uchun, ular mashhur muhaddis-hadisshunos olimlar tomonidan yig‘ilib, qiyosiy tarzda o‘rganilgan va ishonchli hisoblanganlari, haqqoniylik darajalariga ko‘ra, kitob holiga keltirilib, taqdim etilgan. Butun Islom olamida eng nufuzli manbalar hisoblangan oltita “al-Jome’ as-sahih” mualliflari aynan bizning Vatanimizdan chiqqan ulamolardir. Ular orasida imom Ismoil al-Buxoriy (810-869) va uning shogirdi Abu Iso Muhammad at-Termiziy to‘plagan hadislar bizda keng ommalashgan.
Hadislarda namunaviy yoki boshqacha qilib aytganda, axloqiy-e’tiqodiy ideal masalasi bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, Alloh inson uchun ideal sifatida olib qaralmaydi, U ‒ doimiy azal-abad mavjud zot. U ‒ insonni yaratgan zot. Uning darajasiga yetishga intilib bo‘lmaydi. Faqat ergashish, U ko‘rsatgan yo‘ldan borish imkonigagina egamiz. Zero, uning surati bizdan yashirin, faqat siyratigina bizga ma’lum. Ideal esa o‘zida insoniyat dunyosida ham ruh, ham vujud uyg‘unligida yashagan, e’tiqod va axloqda yuksak namuna bo‘lgan odamzot timsolini taqozo etadi. Shunday odamzot payg‘ambarimiz, ikki olam sarvari Muhammad alayhissalomdir. U kishining namunaviylik, ideallik xususiyati to‘g‘risida Qur’oni Karimda oyatlar juda ko‘p. Shulardan birini keltiramiz: “(Ey mo‘minlar), sizlar uchun Allohning payg‘ambari (iymon-e’tiqodi va xulq-atvori)da go‘zal namuna bordir” (“Azhob” surasi, 21-oyat). Muhammad alayhissalom bu oliy majburiyatni a’lo darajada bajardilar. U kishining o‘zlari sahobalar bilan suhbatlaridan biridan shunday deganlar: “Men yaxshi va oliy odob va axloqlarni kamolotga yetkazish uchun payg‘ambar qilib yuborildim”226.
Hadislarda Muhammad alayhissalom Qur’oni Karim oyatlarining e’tiqodiy va axloqiy mohiyatlarini sharxlash barobarida o‘zlarining fe’l-atvorlari, axloqiy xatti-harakatlari bilan namunaviy siymo sifatida namoyon bo‘ladilar. Hadislarni kuzatib borish mobaynida bizda ayol kishiga bo‘lgan islomiy munosabatning ajoyib namunalarini ko‘rishimiz mumkin. “Al-adab al-mufrad”dagi 3-hadisni keltiramiz: “Musoviya ibn Hayyida (roziyallohu anhu) aytdilarki, Rasullohdan; Ey Rasululloh, men yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?” ‒ deb so‘radim. “Onangga”,‒ dedilar. Men shu savolni uch martaba qaytarsam ham, Rasululloh: “Onangga”,‒ deyaver-dilar. To‘rtinchi marta so‘raganimda: “Otangga va yaqin bo‘lgan qarindoshla-ringga”, dedilar227.
Bu hadisda e’tiqodli bo‘lish, farzandlik burchini bajarish, haromdan nari yurish, amalparastlikdan qochish, jang maydonida mardlik-matonat ko‘rsatish, oilaga muruvvat, shafqat, ko‘rsatish oila a’zolari tarbiyasida kaltakdan voz kechishi va nasihat orqali yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kabi fazilatlar zikr etiladi. Bundan tashqari, juda ko‘p hadislarda insonlarga yaxshilik qilish, nomusli-orli bo‘lish, yolg‘on gapirmaslik, munofiqlik va g‘iybatdan qochish, hech kimga zulm qilmaslik, haqiqatning yuziga tik boqish hech qachon insoflilik va xushxulqlilikni tark etmaslik, saxiylik va jo‘mardlikni odatga aylantirish, ilm olish haqida fikr yuritiladi228.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, muborak hadislar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas, aksincha, zamonaviy shaxs va jamiyat axloqiy daraja-sini yuksaltirishda muhim tarbiyaviy manbalar bo‘lib qolmoqda.
Musulmon mintaqasi axloqiy tarbiyasida buyuk muhaddislar bilan bir qatorda o‘z asarlarida hadislardan samarali foydalanib ijod qilgan allomalarning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tmoq joiz. Ular o‘z fikrlari isboti uchun hadislarni keltirib, ezgulikka, e’tiqodga, to‘g‘rilikka, muruvvatga da’vat qilganlar. Ayni paytda shun-day olimlar borki, hadislardan faqat dalil-isbot sifatidagina foydalangan emaslar, ayni paytda ularni sharhlaganlar, sharhlaganda ham ularga fiqhiy-axloqiy nuqtayi nazardan yondashganlar. Bular orasida buyuk alloma, elatdoshimiz Abullays as-Samarqandiy (978(9)-1003) alohida o‘rin egallaydi. Uning, ayniqsa, “Tanbeh ul-g‘ofiliyn” va “Bo‘ston ul-orifiyn” asarlari musulmon olamida mashhur.
Abullays Samarqandiy o‘z kitoblarida muayyan diniy-fiqhiy masala yuzasidan hadislarni isbot tarzida keltirar ekan, ularning axloqiy mohiyatini ochib berishga asosiy e’tiborni qaratadi. Bunday yondashuvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri musul-mon kishisining fazilatlari yoki illatlariga (hayo, muloyimlik, hasad, kibr, g‘iybat v.h.) bag‘ishlangan boblardagina emas, balki haj, namoz, qiyomat singari sof diniy-fiqhiy mavzudagi masalalarda ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.229 Abullays Samarqandiyning butun boshli bir axloq kodeksini qamrab oluvchi sharhni ixchamlashtirilgan holda keltiramiz:
“Faqih aytadilar: “Taqvoning alomati o‘nta narsada bilinadi:
1. Tilni g‘iybatdan saqlash...
2. Yomon gumondan saqlanish...
3. Masxara qilishdan saqlanish...
4. Harom narsalardan ko‘zni tiyish...
5. Rost gapirish...
6. Allohning bergan ne’matlarini tanimoq va nafsiga ajablanib qolmaslik...
7. Molini haq narsalarga ishlatish...
8. Nafsi uchun ulug‘lik va kibrni talab qilmaslik...
9. Besh vaqt namozni vaqtida, rukulari, sajdalarini mukammal qilib o‘qish...
10. Jamoat bilan bo‘lish va sunnatda istiqomat qilish...”230 Allomaning buyuk izdoshlaridan, hadislarni sharhlashga jazm qilgan kamdan-kam olimlardan biri, u kishining nomini ustoz sifatida ehtirom bilan takror-takror tilga olgan imom G‘azzoliy ham taqvoning axloqiy mohiyatini bu darajada ochib berolmagan. Qiyos uchun misol keltiramiz:
“Mo‘minning TAQVO sohibi bo‘lgan yo bo‘lmaganligi uch narsada ma’lum bo‘ladi:
1. Erishmagan narsalari xususida TAVAKKUL qilsa.
2. Erishgan narsalari borasida HUSNI RIZO ko‘rsatsa.
3. Yo‘qotgan va qo‘ldan chiqargan narsalari xususida HUSNI SABR ko‘rsatsa.”231 Shubhasiz, bu sharh ham taqvoni jo‘n tushunishdan yiroq. Lekin unda Abullays Samarqandiy darajasidagi mufassallik va axloqiy urg‘uni ko‘rmaymiz.232 Shunday qilib, Abullays Samarqandiy sharhlagan hadislar islomning axloqiylik mohiyatini ochib berishi, ularni keng ma’noda talqin qilishi hozirgi paytda ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Tasavvuf axloqshunosligi haqida gap ketar ekan, eng avvalo, tasavvufning mohiyatini anglab olmoq lozim. Bu borada dastlabki so‘fiylardan bo‘lmish Robiya al-Adaviyaning (713-801) Xudoga munosabati diqqatga sazovordir. Bu munosabatini u “muhabbat” deb ataydi va Yaratganga shunday iltijo qiladi: “Yo, Alloh, yulduzlar charaqlab turibdi, odamlarning esa ko‘zlari yumilgan... har bir oshiq o‘z mahbubasi bilan visol lazzatini totmoqda, men esa yolg‘iz Sen bilanman. Yo, Egam, agar Senga men do‘zaxingdan qo‘rqqanim uchun ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni do‘zaxingda yondir, agar jannating ilinjida ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni unga yo‘latma. Agar faqat o‘zingni deb ibodat qilayotgan bo‘lsam, mendan mangu go‘zal jamolingni yashirin tutma!”233. Ko‘rinib turibdiki, Robiya al-Adaviya Xudoga nimadandir qo‘rqib, yoki nimaningdir ilinjida munojot qilayotgani yo‘q, balki mahbub sifatida, ya’ni muhabbat izhori bilan murojaat etmoqda. Uning nazdida haqiqiy ishq manfaatsiz voqe bo‘lishi kerak; Allohga muhabbat jannatga erishish vositasi emas, ya’ni jannat maqsad emas, maqsad ‒ Alloh va uning muhabbati.
Demak, shariat islomning mohiyatini anglatadigan dastlabki, tashqi-huquqiy bosqich bo‘lsa, tariqat uning ichki-axloqiy, yuksak bosqichdagi ko‘rinishi hisoblanadi. Buni alloma Husayn Voiz Koshifiy mana bunday tushuntiradi: “Shariat ‒ ravshan bilgan narsalardir, nishonadir, hurmatdir. Tariqat ‒ qidiriladigan narsalardir, intilish, bayondir, xizmatdir. Haqiqat ‒ ko‘rish uchun kurashish, ko‘riladigan narsa, ya’ni ayondir, hikmatdir. Agar bulardan har birining samarasi nima, deb so‘rasalar, degil: shariatning samarasi ‒ ahdga vafo, tariqatning samarasi ‒ fikr, ya’ni o‘zidan voz kechmoq, haqiqatning samarasi ‒ baho, ya’ni botildan umidni uzib, haq suygan ishlarga bog‘lanish”234.
Koshifiy tomonidan tariqatni qidirish, intilish hamda bayon qilish bilan bog‘liq uning samarasini esa fikr deb talqin etilishi tasavvufning mushohada va tafakkurga suyanishini, ya’ni falsafiy umumlashtirish tamoyili asosida ish ko‘rishini anglatadi.
Tangri insonni farishtalardan ulug‘ qo‘yib, yerdagi xalifam deb atadi, ya’ni ayricha bir muhabbat bilan yaratdi, unga tafakkur qilish imkonini berdi. Demak, inson ham unga muhabbat qo‘ymog‘i lozim. Insonga yuboriladigan azob-uqubatlar ana shu muhabbat darajasining Xudo tomonidan sinab ko‘rilishidir. Tasavvufning mohiyati ikki tomonlama muhabbatni talqin etmoq. Shuning uchun tasavvuf axloqshunosligida muhabbat his-tuyg‘ulik maqomidan tushuncha darajasiga ko‘tariladi. Qisqa qilib aytganda, tasavvuf islomiy axloq falsafasi sifatida ish ko‘radi.
Tasavvuf axloqshunosligida Hujjat ul-islom unvoni bilan sharaflangan Imom G‘azzoliyning (1058-1111) o‘rni beqiyos. Uning axloqiy qarashlari, asosan, har jihatdan buyuk asar bo‘lmish “Ihyoi ulum ad-din” deb atalgan to‘rt jildlik kitobida, shuningdek, “Kimyoi saodat”, “Mukoshafat ul-qulub” asarlarida o‘z aksini topgan. Ularda tavakkul (hamma narsada Allohga suyanish) Xudoning yakkaligiga e’tiqod sifatida talqin etiladi va muhabbat, ixtiyor erkinligi, taqdir, niyat singari muammolar bilan bog‘liq holda tahlil qilinadi.
G‘azzoliy muhabbatni bilishning mahsuli deb ataydi. Zero, inson nimaniki bilsa, o‘shanigina sevishi mumkin. Masalan, toshda muhabbat bo‘lmaydi, u bilish-dan yiroq. Muhabbat faqat bilishning jonli subyektigagina xos sifatdir. Mutafak-kirning fikriga ko‘ra, muhabbatning besh turi mavjud: 1) insonning o‘ziga, o‘z kamoloti va sog‘-omonligiga muhabbati; 2) insonning o‘z hayotini davom ettirishini ta’minlovchi, uni asrovchi, undan turli muhlikotlarni (halok etuvchilarni) nari tutuvchi valine’matlariga muhabbati; 3) insonning, garchand shaxsan o‘ziga yaxshilik qilmagan bo‘lsa ham, boshqa insonlarga xizmat ko‘rsatgan, yaxshilik qilgan zotlarga muhabbati; 4) insonning tashqi yoki ichki qiyofadagi barcha go‘zallikka muhabbati; 5) insonning o‘zi bilan botiniy (ichki), yashirin o‘xshashligi bor bo‘lgan zotlarga muhabbati.
Mazkur muhabbat turlari hammasining zamirida Allohga muhabbat yotadi, ya’ni insonning o‘ziga, o‘zgalarga, atrof-muhitga munosabati muhabbat orqali amalga oshadi va bu muhabbat turlarining hammasi Allohga muhabbatning bilvosita ko‘rinishidir. Zero: “O‘zini anglab yetgan kishigina o‘z Yaratganini anglab yetadi, u o‘z-o‘zicha mavjud emas, uning borligi, mavjudligining davomi, kamolotga erishuvi Allohdan, Alloh va Alloh vositasidadir”,‒ deydi Imom G‘azzoliy235.
Niyat tasavvuf axloqshunosligida ba’zan harakatdan ham katta ahamiyat kasb etadi. Agar yaxshi niyat qilinsa-yu, lekin inson ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan sabab-lar tufayli u ro‘yobga chiqmay qolgan bo‘lsa, bunday niyat amalga oshgan deb hisoblanadi. Shunday qilib, har bir harakat o‘zini uyg‘otadigan niyatga bo‘ysunadi, zero, u o‘z zaruriyatini o‘sha niyatdan oladi.
Tasavvuf axloqshunosligining yana bir ulkan namoyandasi buyuk yurtdoshi-miz Shayx Aziziddin Nasafiydir (XIII asrning birinchi yarmi-XIV asr boshlari). Axloqiy muammolar uning “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymog‘i”), “Insoni komil” (“Komil inson”) kabi asarlarida ko‘tariladi.
Aziziddin Nasafiy tasavvuf haqida fikr yuritar ekan, uning qadimiy falsafiy merosga qarashlari G‘azzoliydan keskin farq qiladi. To‘g‘ri, ikkala mutafakkir ham qadimgi yunon va Sharq mashshoiyyunlik falsafasini chuqur o‘rgangan hamda o‘zini faylasuf emas, mutasavvif deb hisoblaydi. Lekin G‘azzoliy mantiqan bir-birining davomi bo‘lmish “Tahofat al-falosifa” (“Faylasuflarning ziddiyatlari”), “Maqosid al-falosifa” (“Faylasuflarning maqsadlari”) asarlarida Arastu hamda uning sharqlik izdoshlari Forobiy va ibn Sino qarashlarini islomiy nuqtayi nazardan inkor qilarli darajada tanqid ostiga olsa, Aziziddin Nasafiy “Zubdat ul-haqoyiq”da ularga xolislik bilan baho beradi. U inson taraqqiyoti va ruhi to‘g‘risida shariat ahlining ham, hikmat (falsafa) ahlining ham fikrlarini qayd etib, ularni uchinchi, yuksak darajaga ‒ tasavvuf ahli tafakkuriga olib keluvchi pog‘onalar tarzida talqin etadi.
Nasaflik bobokalonimiz ham Arastu izidan borib: “Inson hayvon turlaridan biridir, ‒ deydi va so‘ng shunday davom etadi. ‒ Ey darvesh, aynan hayvon ruhi tarbiya topib, ta’lim va tahsil ko‘rib, bilish, takrorlash, taqvo va zikr tufayli darajalar bo‘ylab rivojlanadi...”236. Rivojlangan (insoniy) ruhning rivojlanmagan (hayvoniy) ruhdan farqi shundaki, birinchisi xususiylikni ham, umumiylikni ham anglay oladi, ya’ni, «yaxlit biluvchi, yaxlit ko‘ruvchi, yaxlit so‘zlovchi», ikkinchisi esa xususiy-likni, juzviyliknigina anglashga qodir. Uning fikriga ko‘ra, insonda ruh ham bitta, jism ham bitta, faqat ruhning darajalari har xil; jism ruhga, ruh jismga muvofiq, bir-biridan ajralmaydi; jism bilan ruh birga rivojlanadi va komillikka erishguncha kamo-lot bosqichlaridan ko‘tarilib boraveradi.
Mutasavvif-faylasuf merosida komil inson muammosi ana shu ruh darajalari bilan bog‘liq holda olib qaraladi. Shu sababdan ham atoqli olimimiz Najmiddin Komilov: “Aziziddin Nasafiyni komil inson ilmining nazariyotchisi deyish mumkin, chunki uning barcha asarlarida bu mavzu markaziy o‘rinni ishg‘ol etadi”, degan fikrni bildiradi va allomaning bu boradagi qarashlarini birinchi bo‘lib jiddiy tahlil qiladi.237 Aziziddin Nasafiy nazdidagi komil inson, eng avvalo, yuksak axloq egasi; uning yerdagi vazifasi halollik va rostgo‘ylikni qaror toptirish, yomon rasm-u rusumlarni yo‘qotib, yaxshi, ezgulikka boshlaydigan qonun-qoidalarni joriy etish, odamlarni Xudoga tomon da’vat qilish. Bu darajaga yetishish uchun esa inson o‘zini anglab yetishi kerak. Zero, allomaning fikricha, o‘zini anglamagan kishi hech narsani anglamay dunyodan o‘tadi238.
Demak, komillikka inson qadam-baqadam yetishib boradi, lekin bu darajalar mutlaq diniylikni taqozo qilmaydi, balki dunyoviy hayotda ham pok bo‘lishni talab etadi. Aziziddin Nasafiy buni shunday ifodalaydi: “Ey darvesh, ifrotiy (haddan oshiq) ro‘za va namozga berilib, ketma-ket hajga borma, buyurilgan farzni ado etish bilan cheklan”, ‒ deb yozadi.239 Faylasuf-shayx bunga shunday deb javob beradi: “...shunday yo‘l tutginki, qalbing saxovat va hikmatga to‘lgan bo‘lsin, ezgulik sohibi bo‘lgin... qalbing haqgo‘ylik (rostlik) va ezgulik bilan bezansin, toki inson degan ulug‘ nomga munosib bo‘lsang, do‘zax azoblaridan qutulasan... Sening haqiqating (mohiyating) to‘g‘rilik va xayrli ishlar ijod qilish bo‘lsin”240.
Shunday qilib, Shayx Aziziddinning ta’rifiga ko‘ra, komillik ‒ inson degan ulug‘ nomga munosiblik, Alloh insoniyatni ana shu komil insonlar borligi uchun yaratgan, odamlar orasida komil insonlar borligi uchun jami mavjudot odamzodga sajda qiladi, mavjudotlar ichida komil insondan ulug‘roq, donoroq va oliyroq narsa yo‘q; odamlar koinotning qaymog‘i, xulosasi bo‘lsalar, komil inson odamlarning qaymog‘i va xulosasidir, komil inson olamning siri, olamning qutbi, u ‒ olamning bahri muhiti ‒ dengizi241.
Xullas, tasavvuf axloqshunosligining o‘ziga xos tabiatidan kelib chiqib, shunday deyish mumkin: bu ta’limot Xudoga ‒ mutlaq fazilatlar Egasiga, mutlaq komil Zotga yetishish yo‘lida insonning nisbiy komillikka erisha borishi g‘oyasini ilgari suradi. Bu g‘oya insonning Yaratgan oldidagi qo‘rquvini muhabbatga aylantirish uchun xizmat qiladi. Qisqasi, tasavvuf axloqshunosligi insondan Xudoning ko‘r-ko‘rona quli bo‘lib emas, balki Uni tanigan, bilgan mavjudot, Uning yerdagi xalifasi va oshig‘i sifatida harakat qilishni talab etadi.