Baxt.Evdemonizm(yun. eudaimonia-baxt-saodat, rohat-farog‘at) ‒ baxt-saodat, rohat-farog‘atni kishilar hayotining oliy maqsadi deb hisoblaydigan axloqiy yo‘nalishlardan biri247.
Hayotning mazmun va ma’nosi ideal bilan bog‘liq bo‘lgani kabi baxt atamasini ham hayotning ma’nosi tushunchasidan ajratib olingan holda tahlil etish mumkin emas. Zero, baxt inson o‘z hayoti ma’nosini qay darajada tushungani va shu ma’nodan umri mobaynida qoniqish hosil qilib borishidan iboratdir. Har bir insonda qoniqish hissi undagi maqsadlarning takomilga yetganidagina ro‘y beradi. Faqat bu takomilga yetish jarayoni bir umr davom etadi. Shu ma’noda buyuk ajdodimiz Abu Nasr Forobiy: “Baxt ‒ har bir inson intiladigan maqsad, zotan u muayyan komillikdir”,‒ deganida ko‘p jihatdan haq edi.248 Faqat bu qoniqish ham davomiylik tabiatiga ega ekanini unutmaslik lozim, uni lazzat bilan aynanlashtirish to‘g‘ri emas. Lazzat oniylik xususiyatiga ega, o‘zini faqat jarayondagina namoyon etadigan hodisa va u moddiy hayotdagi real, ammo o‘tkinchi ehtiyojlardan kelib chiqadi. Masalan, gastrologik yoki shahvoniy lazzatni olib ko‘raylik: deylik, siz kabobni xush ko‘rasiz va lazzatlanib yeya boshlaysiz, lekin biroz muddat o‘tgach, to‘yasiz, boshqa yegingiz kelmay qoladi; shahvoniy lazzat ham shunday. Baxt esa ma’naviy ehtiyoj bilan bog‘liq, unda maqsadlarga birin-ketin erisha borish, qoniqish jarayoni, boya aytganimizdek, bir umr to‘xtamaydi va doimo lazzat va zavqni o‘z ichiga oladi.
Baxt garchand, orzu kabi idealning hissiy-ehtirosli shakli sifatida ko‘zga tashlansa-da, aslida undan farqli o‘laroq, shaxsning intilishini emas, shu intilishning ro‘yobini anglatadi. Har bir intilishning ro‘yobga chiqishi esa muayyan tayyor-garlikni va kurashni taqozo etadi. Buyuk shoirimiz G‘afur G‘ulom yozganidek:
Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam, G‘oyibdan kelajak baxt bir afsona249,‒ degan hikmatli satrlari shu jihatdan diqqatga sazovor.
Baxt haqida gap ketganda, albatta, omad to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish lozim. Omad ham lazzatga o‘xshash oniylik tabiatiga ega. Lekin bu oniylikda lazzatdagidek takrorlanish xususiyati yo‘q: odamga omad hayoti mobaynida kamdan-kam kulib boqadi. Omadning ana shu jihati haqida qrim-tatarlarning qadimiy asotiri bor. Unga ko‘ra, Omad ma’buda ekan, kunlardan birida uning o‘g‘li yerni tomosha qilaman deb osmondan tushibdi-yu, qaytib chiqmabdi. Shu-shu Omad yerga tushib, hanuz bolasini qidirarmish. Ma’budaning yuzi yo‘q, faqat qoq miyasi ustida bittagina ko‘zi bor ekan. Shu bois u to‘g‘ri kelgan o‘tkinchini tutib olib, “O‘g‘limmikan?” ‒ deb, balandga ko‘tarib, ko‘ziga olib borib qararkan va o‘g‘li emasligiga ishonch hosil qilgach, osmon-u falakdan pastga qaratib itqitib yuborarkan. Omad o‘z qo‘liga tushganlarning hammasiga shunday munosabatda bo‘lar ekan.
Darhaqiqat, mazkur asotirda omadning o‘tkinchilik mohiyati juda chiroyli va majoziy ochib berilgan; bir umr omadli odam yo‘q, omad ‒ tasodif, baxt ‒ zaruriyat; omad ‒ istisnoli, baxt ‒ qonuniy hodisa. Omad shaxsning bir zumlik holatini aks ettiradi, baxt esa inson nimaga erishmog‘i lozim, degan savolga bir umr mobaynidagi amaliy javobdir.
Baxtni tushunish har bir davrda, ma’lum tarixiy sharoitda millat, shaxs va jamiyatning taraqqiyot darajasiga qarab, turlicha muayyanlashish xususiyatiga ega. Ya’ni ideal kabi uning ham tabiati o‘zgaruvchan. Axloqshunoslikda baxt mezoniy tushunchasini alohida o‘rganadigan an’anaviy evdeymonchilik deb ataladigan yunoncha “eudaimonja” (baxt) so‘zidan olingan yo‘nalish mavjud.
Forobiyning falsafiy konsepsiyasida, kamolot va komillik tushunchasi insonga xos va taalluqli bo‘lib, u tug‘ma xususiyat emas. Inson komillikka jiddu-jahd bilan intilishi natijasida erishadi. Insonning asl ruhiy kamoloti dastlab Haqni tanish orqali hosil bo‘ladi va bu ma’rifat, baxt-saodat va kamolot sari qo‘yilgan birinchi qadamdir250.
Voqelikdagi barcha narsalar o‘zining mazmun-mohiyatiga ega: ularning nomi, xususiyati, qolaversa, foydasi va zarari ham bor. Bu xususiyat insonga ham xos: uning ismi, fe’l-atvori, fazilati va illatlari bor. Biroq, komillik hamma-ga ham nasib etavermaydigan ma’naviy hodisaki, insonga xos bo‘lgan bunday kamolotni Forobiy “eng yetuk baxt-saodat” deb ataydi. Bunday baxt-saodat shu yuksak kamolotga erishish yo‘lida bo‘lgan har turli juz’iy narsalarni o‘zida birlashtiradi. Juz’iy narsalar eng yetuk baxt-saodatga olib boruvchi fazilatli san’at(kasb-hunar)lardir251.
Shuningdek, baxt tushunchasi Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi alloma-larning axloqiy qarashlarida markaziy o‘rinni egallaydi. Bu haqda Beruniy “Komil kishi bo‘lishning birinchi sababi ilm va ma’rifat, ikkinchisi san’at va amal hosil qilish bilan bo‘ladi”252, deydi. Shuningdek, u inson baxtini go‘zallik, ko‘rkamlik, olijanoblik, mardlikda deb bilgan. Mehnat tarbiyasini baxtning kaliti hisoblab, yoshlarni mehnat qilishga o‘rgatish zarurligini ta’kidlagan.
A.A.Guseynov va R.G.Apresyanlarning “Etika” nomli kitobida esa “Ax-loq bu: 1) aqlning affekt (jazava) ustidan hukmronligi; 2) oliy baxt-saodatga intilishi; 3) jamiyatda insonning yashash usuli; 4) erkin yashashi, beminnat xizmat qilishi; 5) insoniylik yoki odamlarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lishi; 6) iroda erkinligi; 7) axloqiylikning oltin qoidalari asosida o‘zaro munosabatda bo‘lishi”253,‒ degan ta’rif berilgan. Bunda oliy baxt-saodatga intilishi axloqning asosiy vazifalaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tgan.
Bu borada faylasuf olima M.Nurmatova o‘z ilmiy izlanishlarida “baxtli hayot kechirish har bir insonning hayot mazmunini tashkil etuvchi yuksak orzusi bo‘l-sa, unga erishish uchun sodir etayogan aniq axloqiy xatti-harakati, ya’ni mehnat-sevarligi, insoniyligi, sabr-qanoati bu reallikdir”254‒ deb ko‘rsatib o‘tgan.
Ma’lumki, qadriyatlarning shaxsiy, kasbiy, etnik, milliy va umuminsoniy turlari mavjud bo‘lib, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi bilan birga, bir-birini taqozo etadi.
Demak, ma’naviy qadriyatlar hayotdan ajralgan qandaydir abstrakt kuch emas, balki dunyoviy negizga ega bo‘lgan moddiy va ma’naviy kuch ekanligini e’tirof etish lozim. Shuningdek, jamiyat rivojining burilish nuqtalarida millat, elat, xalqni har xil bo‘hronlardan asrab qoluvchi ma’naviy kuch ekanligini bilish asosida quyidagicha tasniflash mumkin:
1. Ma’naviy qadriyatlarning mazmuniga ko‘ra burch, or-nomus, vijdon, qadr-qimmat, sabr-qanoat, kamtarlik, sobitqadamlik, rostgo‘ylik va hokazo-larga; shakliga ko‘ra esa ijobiy yoki salbiy, ya’ni yaxshilik va yomonlik, adolat va adolatsizlik, baxt va baxtsizlik, hayo va bexayolik kabilarga ajratish mumkin.
2. Ma’naviy qadriyatlarni amal qilish doirasiga ko‘ra:
a) umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar ‒ insonparvarlik, adolatparvarlik, vatanparvarlik, o‘zaro hurmat, qonuniylik, jamoatchilik va boshqalarga;
b) milliy ma’naviy qadriyatlar-xayrixohlik, kattalarga nisbatan hurmat, saxovat, homiylik, ota-onani e’zozlash, bolajonlik va hokazolarga;
c) shaxsiy ma’naviy qadriyatlar – kasbiy burchni bajarish, vazifasini sid-qidildan bajarish, halol rizq topish, so‘zining ustidan chiqish, oila sha’nini saqlash, haromdan hazar qilish kabi turkumlarga bo‘lish mumkin.
3. Ma’naviy qadriyatlarni axloqning tarkibiy tuzilishiga qarab:
-axloqiy ongda barqaror shakllangan ma’naviy qadriyatlar: jamiyat tomo-nidan ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etilayotgan kodekslar, normalar, tamoyil-lar, mafkuraviy g‘oyalar. Masalan, “Harbiy qasamyod”, “Shifokor qasamyodi”, “Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb odobnomasi”, “Ijtimoiy ish xodimi-ning axloq kodeksi” va h.k;
-amaliyotda bevosita qo‘llaniladigan ma’naviy qadriyatlar: yaxshilik yoki yomonlik, adolat yoki razolatdan iborat maqsadni ko‘zlab, uni amalga oshirish-ning ixtiyoriylik yoki majburlash vositalarini qo‘llab pirovard natijaga olib keluvchi qadriyatlar;
-axloqiy munosabatlar tufayli zohir bo‘ladigan ma’naviy qadriyatlar: burch, shartni bajarish, halollik, saxiylik, kamtarlik, uddaburonlik, tadbirkorlik, kelishuvchanlik, murosa va hokazolarga ajratish mumkin.